2022 yil 25 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Gibrid shaklda o‘tkazilgan mazkur tadbir AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Milliy markaz direktori A.Saidov, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi aʼzosi G.Marufova, bir qator vazirlik va idoralar masʼullari hamda xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda gender tenglik qonunchiligini takomillashtirish borasidagi milliy amaliyot va xorijiy tajribaning ilg‘or jihatlari atroflicha muhokama qilindi. Bu borada alohida huquqiy to‘plam va qo‘llanmalar tayyorlash hamda nashr etish takliflari ilgari surildi.
Davra suhbatida O‘zbekistonda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar hamda xalqaro tajriba va amaliyot tahlil qilindi.
Gender tenglik sohasidagi kamsitishlar va ayollar huquqlarining buzilishining oldini olish masalalari, sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi hamda O‘zbekistonda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunchilik holati, uni takomillashtirish bilan bog‘liq muammolarning yechimlari alohida muhokama mavzusiga aylandi.
Shuningdek, “Oila va xotin-kizlar” ilmiy-tadqiqot instituti va Yuristlar malakasini oshirish markazi ekspertlari tomonidan davra suhbati ishtirokchilariga “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi.
Ayollar uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, ularni ijtimoiy himoyalash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy faolligini oshirish, mamlakat hayotidagi o‘rni va nufuzini yana-da mustahkamlash, davlat boshqaruvida ayollar hisobiga rahbar kadrlar safini kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, tadbirda USAIDning Huquqiy islohotlar dasturi doirasida gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida maʼlumot berildi. Dastur mutaxassislari tomonidan ishtirokchilar uchun gender taʼlimning dolzarbligi, gender yondashuv borasida samarali ish olib borish saboqlari bo‘yicha fikrlar bildirildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 30.03.2022
- Ko'rishlar: 3447
- Chop etish