Qarisi bor uyning duogo‘yi bor

  Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, yolg‘iz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga har tomonlama ko‘mak berish, jamiyatimizdagi qator ijtimoiy va maishiy muammolarni barataraf etishda nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanib bormoqda.

Keyingi yillarda keksalarimiz uchun 152 ta tuman va shaharda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etilgani va barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash yo‘lga qo‘yilgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, Shuningdek, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etilib, “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylangani diqqatga loyiqdir.

  Ayniqsa, keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularga hurmat-e’tibor va mehr-oqibat ko‘rsatish, salomatliklarini asrash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash masalalari davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tiborida turibdi. Bunda nuroniylarning ijtimoiy faolliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani alohida o‘rin tutadi.

Bu boradagi normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirilib, sohaga oid 10 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 martda  qabul qilingan «Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ayni yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

  Yoshi ulug‘larimiz haqida so‘z borganda, albatta, har birimiz birinchi navbatda ularning sihat-salomatliklarini o‘ylaymiz. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan boshlab:

birinchidan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirilishi;

ikkinchidan, sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib berilishi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanishi;

uchinchidan, og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinishi – bu kabi imtiyoz va imkoniyatlarning barchasi xalqimizga xos yuksak g‘amxo‘rlik hamda insoniy mehr-oqibatning amaliy ifodasidir.

Nuroniylarimizning stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualariga borishi bo‘yicha ham muayyan imtiyoz nazarda tutilmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi.

Bunda, qarorda qayd etilganidek, abonement xarajatlarining bir oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan oshmagan holda sport yo‘nalishidagi muassasalarning hisob raqamiga o‘tkazib boriladi.

Otaxonu onaxonlarimizning madaniy hordiq olishlariga qulaylik yaratish masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Xususan, qarorda 2022 yil 1 apreldan davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab berilishi belgilangan.

Bundan tashqari, keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlarini tashkil etish maqsadida jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar hisobidan ikkita zamonaviy avtobus xarid qilinadi. Sayyohlik safarlarini uyushtirish bo‘yicha tarixiy shaharlar va diqqatga sazovor joylar ro‘yxati shakllantiriladi.

Endilikda tashkilot va korxonalarda ishlayotgan xodim pensiya yoshiga yetishi munosabati bilan uni ish beruvchi tomonidan bo‘shatish taqiqlanadi. Qarorda xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli vazifa yuklatildi.

Prezident qaroriga ko‘ra, mahallalarda «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin» shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimi tashkil  qilinib, ularga ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari  ko‘rsatiladi.

Davlatimiz rahbari ayni soha rivojiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etayotgan bugungi globallashuv davri talablaridan kelib chiqqan holda, har tomonlama chuqur yondashganligi e’tiborni jalb etmay qolmaydi. Bu o‘rinda, jumladan:

  • 2022 yil 1 oktyabrga qadar “Nuroniy” jamg‘armasining «Nuroniy» elektron platformasi va yagona elektron bazasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi;
  • Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda keksalarga oid ma’lumot va yangiliklarni ularning mobil telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuborish orqali ma’lum qilib borishi ta’minlanishi;
  • kutubxonalarga a’zo bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlar yetkazib berilishi;
  • xalqaro tajribadan kelib chiqib, 2022 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekistonda faol qarish indeksi joriy etilishi kabi amaliy chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

 Davlatimiz rahbarining mazkur qarori yurtimizga Navro‘zi olam kirib kelayotgan shu tarovatli kunlarda qabul qilingani bejiz emas. Bu, bir tomondan, nuroniy insonlarni asrab-avaylash, ularning sog‘-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish — xalqimizga xos azaliy fazilatlardan hisoblanishining o‘ziga xos e’tirofidir.

Ikkinchi tomondan, Prezident qarori so‘nggi yillarda mo‘tabar faxriylarimizga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga, jamiyatimiz hayotining uzviy qismiga, har birimizning tom ma’nodagi muqaddas insoniy burchimizga aylanganini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, "Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zotan, nuroniylarni e’zozlagan kam bo‘lmaydi".

 

Oydin Ibrohimova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Matbuot xizmati

bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech