ODIL VA MUSTAQIL SUD – YANGI O‘ZBEKISTON POYDEVORI

 (Akademik Akmal Saidov bilan birinchi suhbat: Harakatlar strategiyasi va sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari)

 

– “Cudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakat sud tizimi vakillari, o‘zbek sudyalari oldiga ana shunday haqqoniy talabni qo‘ydi. Bu talabning mohiyati va ahamiyati nimada?

 

– Keyingi yillarda mamlakatimiz sudyalarining amaliy shioriga aylangan ushbu g‘oya ilk bor davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 iyunda sudyalar bilan bo‘lib o‘tgan birinchi tarixiy uchrashuvida so‘zlagan nutqida yangragandi. Bu dasturiy nutq zamirida sud tizimini fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdek ustuvor maqsad o‘z mujassamini topgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, «Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim».

Ayni chog‘da, bunga qadar – 2016 yil 21 oktyabrda davlatimiz rahbari tomonidan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Chunki mazkur hujjat mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tardi.

 

– Sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirishda Harakatlar strategiyasi qanday rol o‘ynadi?

 

– Sud-huquq tizimidagi islohotlarning samaradorligini ta’minlashda Prezidentimiz tomonidan Konstitutsiyamiz normalari asosida ishlab chiqilgan va 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu milliy taraqqiyot strategiyasining “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlangan ikkinchi ustuvor yo‘nalishi doirasida sohada ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Harakatlar strategiyasi o‘tgan besh yillik davrda davlat va jamiyatni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichiga asos soldi. Bu muhim hujjat, tom ma’noda yangi O‘zbekistonni bunyod etishning mustahkam huquqiy poydevori ekanini amalda namoyon etdi.

Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish uchun asos bo‘ldi. Bunda Konstitutsiyamiz Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan demokratik islohotlarni amalga oshirishning konstitutsiyaviy asosi sifatida xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muhim o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar bu borada alohida o‘rin tutadi.

 

– Sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirishda aynan qanday ustuvor vazifalardan kelib chiqildi?

 

– Xususan, 2017 yil 6 aprelda Konstitutsiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:

birinchidan, fuqarolarning  huquq  va erkinliklarini  ishonchli  himoya  qilish  kafolatlarini  kengaytirish;

ikkinchidan, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish;

uchinchidan, nomzodlarni  tanlash  va  sudyalar  lavozimlariga  tayinlash  tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq  sohasida  amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.

Mazkur konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasiga 2017 yil 6 aprelda tegishli o‘zgartish kiritilib, Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berildi.

Asosiy Qonun normasiga ko‘ra, endilikda “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi”.

 

– So‘nggi yillardagi konstitutsiyaviy islohot tufayli Yangi O‘zbekistonning Konstitutsiyaviy sudi qaror topdi, desak, to‘g‘ri bo‘ladimi?

 

– Albatta. Avvalo, Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan  yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga  hamda  sudyalarni  tanlash  va  lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan o‘zgartish hamda  qo‘shimchalarning kiritilishi  fuqarolar  va  tadbirkorlik sub’ektlari  huquqlari,  erkinliklari,  qonuniy  manfaatlari  sudda  ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.

Konstitutsiyaning 108-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga  muvofiq, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining  taqdimiga  binoan  Oliy  Majlis Senati  tomonidan  Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda  saylanadigan bo‘ldi. 

Konstitutsiyaning 108 va 109-moddalariga kiritilgan  tuzatishlarda Konstitutsiyaviy  qonunlarning,  xalqaro  shartnomalarni  ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, Oliy  sudning  muayyan  ishda  qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning  Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan  kiritilgan  murojaatlarini  ko‘rib chiqish,  shuningdek  har yili  Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish borasidagi Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutildi.

Ushbu konstitutsiyaviy yangiliklarning  hayotga  tatbiq  etilishi  davlatimizda sudlov tizimini yanada takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari ishonchli himoyasini  ta’minlashga  xizmat  qilmoqda.  Shu  bilan  birga,  bu konstitutsiyaviy yangilanishlar sudyalar va  sud tizimi  xodimlarini  ijtimoiy  rag‘batlantirishni  yuqori  darajaga ko‘tardi.

– Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2021 yil 27 aprelda «Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun imzolangan. Shu haqda ham muxtasar to‘xtalsangiz.

– Ushbu Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud o‘zi kiritgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish chog‘ida ishtirok etish uchun o‘z vakilini tayinlaydi. Sud tarkibiga kiritilgan sudyalar soni, rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda, 7 nafardan 9 nafargacha oshirildi.

Yangi Qonun talabiga binoan, quyidagilar ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega:

  • hisob palatasi a’zolari (ilgari – hisob palatasi raisi);
  • Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz;
  • O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil.

 Qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.

 

– Mamlakatimizda sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish borasidagi islohot talablari bilan xalqaro huquq mezonlari o‘rtasida qanchalik mushtaraklik mavjud?

 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi mustaqil, kuchli sud hokimiyatini vujudga keltirishdan iborat. Zero, sud hokimiyati nafaqat uch hokimiyatning biri, balki uning yuksak nufuzli huquqiy holati, jamiyat va davlat hayotida inson huquqlari, demokratiya va qonuniylik barqaror bo‘lishining asosiy shartidir.

Sud hokimiyatining vazifasi – fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hamda mamlakat konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyati hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlash, qonunlarni va boshqa normativ hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim.

Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu sohadagi islohotlarining mazmun-mohiyati fuqarolarning huquq-erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadagan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishi kafolatlarini yanada kuchaytirish, buning uchun esa sudning haqiqiy mustaqilligini va faoliyatining samaradorligini ta’minlashdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosat markazida ham, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadi mujassam. Davlatimiz rahbari sudlarimiz tomonidan ishlarni ko‘rishda jamoatchilikning ishtiroki yuqori ekanligi masalasini alohida qayd etgani bejiz emas.

Bugungi kunda bilib-bilmasdan jinoyat yo‘liga kirib qolgan yigit-qizlarimiz yoki bo‘lmasa ayollarimiz ishlarini ko‘rishda Yoshlar ittifoqi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tashkilotlari kafilligi asosida ko‘rib chiqilishi ijobiy natijalarni bermoqda. Bu O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichida insonparvarlik siyosati yuritilayotganining hayotdagi amaliy ifodasi ekanligini ta’kidlash zarur.

Yana bir ahamiyatli jihat: jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi va dalillarga baho berish instituti takomillashtirildi. Bu, o‘z navbatida, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilgan holda oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratdi.

Buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan ham alohida e’tirof etdi.

 

– O‘zbekistonda ayni sohada xalqaro huquq normalarini bajarish bo‘yicha erishilgan natijalarga aniq misollar keltirsangiz?

 

Odil sudlovni amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquq normalarini bajarish borasida:

birinchidan, yurtimizda Biznes-Ombudsman va Bolalar Ombudsmani tashkil etildi;

ikkinchidan, sud hokimiyatini demokratlashtirish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligini, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, sud tizimini mustahkamlash, shuningdek, tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rildi;

uchinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, nizolarni sudgacha hal etish, taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi. Sud ishlarining adolatliligi, ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash uchun “elektron adolat” tizimi joriy etildi;

to‘rtinchidan, jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tuzishga yo‘l ochildi, sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va chora-tadbirlari belgilandi. Bugungi kunda tintuv, voqea joyida olingan ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni videotasvirga olish orqali majburiy qayd etish talablari qonun bilan mustahkamlangan;

beshinchidan, ma’muriy, jinoiy, jinoiy-protsessual, jinoiy-ijroiya, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilik takomillashtirilmoqda. Jamoat birlashmalari kafolati ostida shaxslarni afv etish va jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. “Jasliq” ixtisoslashtirilgan koloniyasining yopilishi muhim voqea bo‘ldi;

oltinchidan, fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini, qaerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, himoya qilish va ularning O‘zbekistonga qaytishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Misol sifatida Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar hududlaridan 541 nafar fuqaro, asosan, ayollar va bolalarning Vatanimizga qaytarib keltirilganini aytish mumkin.

 

Yaqinda matbuotda e’lon qilingan ayni mavzudagi maqolangizda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq  islohotlarini yangicha sud tizimini yaratishga qaratilgan shiddatli o‘zgarishlar sifatida baholadingiz. Bu fikringizni qanday dalillar bilan asoslaysiz?

 

– Buning uchun O‘zbekiston sud tizimidagi shiddatli o‘zgarishlarni uchta mezon – tizimdagi avvalgi holat, hozirgi holat va erishilgan natija haqidagi ma’lumotlar negizida tahlil etish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Birinchi muhim o‘zgarish: tub islohotlar boshlanishiga qadar mamlakatimizda bir-biridan mustaqil bo‘lgan – Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi faoliyat yuritib kelgan. 2017 yil 1 iyunda Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi yagona sud hokimiyati – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Natijada, avvalo, yagona sud amaliyoti ta’minlandi, qolaversa, bir-birini takrorlovchi funksiyalar muvofiqlashtirildi.

Ikkinchi muhim o‘zgarish: ilgari ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan hal qilingan. Endilikda davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan keltirilgan shikoyatlarni ko‘radigan maxsus – ma’muriy sudlar tashkil etildi.

Buning natijasida, birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslar huquqlarining sud orqali himoya qilinishi yanada kengaytirildi. Ikkinchidan, yagona ma’muriy sud amaliyoti shakllantirildi. Uchinchidan, Oliy sud Plenumi qarorlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, muvofiqlashtirildi.

Uchinchi muhim o‘zgarish: yaqin vaqtlargacha investitsiyaviy nizolar fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan barcha sud bosqichlarida hal qilingan. 2021 yil 1 yanvarda Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Ushbu sudlov tarkibi investorlar huquqlarini himoya qilish bilan bevosita shug‘ullanmoqda.

Sanab o‘tilgan islohotlar tufayli quyidagi uchta muhim natijaga erishildi:

  • investorlar yillab sarson bo‘lishining oldi olindi;
  • nizolar bita sudda hal qilinishi ta’minlandi;
  • mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi ortdi.

Bundan tashqari, sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga ustuvor e’tibor qaratilishi natijasida sudlar mustaqilligi va odil sudlovga bo‘lgan huquqni himoya qilish sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilindi.

Xususan, ayblov dalili sifatida noqonuniy usullar bilan olingan ma’lumotlardan foydalanish uchun qat’iy javobgarlik belgilandi. Jinoyat kodeksining qiynoqlarga doir 235-moddasi BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining 1-moddasiga moslashtirildi.

 

–  O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tatbiq etilgan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili haqida ham tushuncha bersangiz.

 

– Bu o‘rinda, birinchi navbatda, inson huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash maqsadida sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganini ta’kidlash lozim. Xususan, 2017 yilga qadar 7 sud instansiyasida sud qarorlari qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, keyingi uch yilda bu instansiyalar soni 3 taga qisqartirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud instansiyalarining kamayishi va nazoratning to‘liq bekor qilinishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Farmon ijrosi doirasida bir qator muhim natijalarga erishildi.

Birinchi natija: sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanib, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari 3 tagacha kamaytirildi.

Ikkinchi natija: sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti to‘liq tugatildi.

Uchinchi natija: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilindi.

“Bir sud – bir instansiya” tamoyilining joriy etilishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshmoqda.

Ilgari sudlarda quyidagi 7 ta bosqichda:

Birinchi instansiya (tuman, shahar);

Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi (viloyat);

Viloyat sudi Rayosati;

Oliy sud sudlov hay’ati;

Oliy sud nazorat instansiyasi;

Oliy sud Rayosati;

Oliy sud Plenumi bosqichlarida ishlar ko‘rilgan.

Shu negizda odil sudlovga oid xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi. Ya’ni, birinchi instansiya, apellyatsiya instansiyasi – viloyat darajasidagi sudlar va kassatsiya instansiyasi – Oliy suddan iborat bo‘lgan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy qilindi.

Bu boradagi islohot tufayli quyidagi amaliy natijalar qo‘lga kiritildi:

birinchidan, fuqarolar ovoragarchiligining oldi olindi;

ikkinchidan, odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi ortdi;

uchinchidan, bir-birini takrorlorvchi instansiyalar qisqartirildi;

to‘rtinchidan, Oliy sudda 84,8 foiz yakuniy qarorlar qabul qilinishiga erishildi;

beshinchidan, xalqaro ekspertlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilindi.

 

– Sud jarayonida taraflar tengligini ta’minlash bo‘yicha qanday yangilanishlar amalga oshirildi?

 – Sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini yanada takomillashtirish, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ularda sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatligini qayta ko‘rib chiqishga oid bir xil protsessual tartiblar belgilandi.

Qonunlarga asosan fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari isloh qilindi. Sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlash maqsadida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va ularning vakillari tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi.

Jinoyat protsessida avval yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash faqat prokurorning tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilgan.

Endi esa bunday huquq jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari, ya’ni mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi va uning vakiliga ham berildi. Ular sudga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida iltimosnoma berish huquqiga ega bo‘ldi.

Fuqarolik va iqtisodiy ishlarni ko‘rishda prokuror ishtiroki bilan bog‘liq normalar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. Prokuror qonunda nazarda tutilgan yoki o‘zining da’vo arizasi asosida qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi, ish bo‘yicha taraflarning murojaatlari mavjud bo‘lgan taqdirda kassatsiya protestini kiritish masalasini hal qilish uchun suddan ishni talab qilib olishga haqli ekanligi belgilandi.

Biznes-ombudsmanga iqtisodiy ishlar bo‘yicha shuningdek, ma’muriy ishlar bo‘yicha birinchi instansiya sudining tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati taqdim qilish huquqi berildi. Endilikda kassatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilinganidan keyin 1 yil ichida berilishi mumkin.

 

 

G‘ulom Mirzo suhbatlashdi

Powered by GSpeech