O‘zbekiston paxtasiga boykotning tugatilgani Amerikalik ekspertlar nigohida
VASHINGTON, 1 aprel. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Amerikaning «Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati» platformasida («The Oxus Society for Central Asian Affairs») «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga boykotning tugatilishi va o‘zbek to‘qimachilik sanoati istiqbollariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda asosiy ma’ruzachilar Pitsburg universitetining Menejment va bozorlar markazi direktori Jenifer Murtazashvili, Janubiy Kaliforniya universitetining inson huquqlari bo‘yicha professori Stiv Sverdlov, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi bosh maslahatchisi Yonas Astrup va huquqshunos Dilfuza Kurolova ishtirok etdi.
Ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatni butunlay ta’qiqlash, o‘zbek paxtasiga boykotning tugatilishi mamlakat rahbariyatining qat’iy siyosiy irodasi tufayli amalga oshirildi, degan yakdil fikr qayd etildi.
Jenifer Murtazashvilining aytishicha, O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha sezilarli muvaffaqiyatlar 2017 yildan beri kuzatilmoqda, bu asosan, mamlakat hukumatining qat’iy sa’y-harakatlari tufayli ro‘y bermoqda. Uning aytishicha, paxtaning mamlakat iqtisodiyotida qanchalik chuqur ildiz otganligi hisobga olinadigan bo‘lsa, amaldagi qishloq xo‘jaligi modelini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror osonlikcha qabul qilinmagan.
«Menimcha, O‘zbekiston buni tashqi bosim tufayli amalga oshirgani yo‘q. Ular mamlakatda ish o‘rinlarini yaratish uchun bunday samarali qadamni tashlaganlariga aminman. Butun islohotlar strategiyasi O‘zbekistonning paxta xom ashyosini eksport qiluvchi mamlakatdan to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchiga aylantirish va shu orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini ko‘tarish, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan, dedi XMT vakili Yonas Astrup. Paxta terimida bolalar yoki majburiy mehnatdan foydalanish tarafdori bo‘lgan o‘zbeklarni hech qachon uchratmaganman. Hamma unga chek qo‘yishni xohladi va hamma birgalikda ishladi. Prezident Shavkat Mirziyoev siyosiy irodani namoyish etgan holda bunday harakatlarga butunlay chek qo‘ydi».
Yonas Astrup, shuningdek, O‘zbekistonning yangi ish o‘rinlari yaratish va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirishdagi keyingi muvaffaqiyatlari mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun islohotlarning namunasi bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Stiv Sverdlov ta’kidlaganidek, huquq himoyachilari va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan xalqaro koalitsiya tomonidan paxta baykotining tugatilishi O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati faollari va xususiy sektor o‘rtasidagi noyob kombinatsiyaning hamda o‘zaro hamkorlikning natijasi bo‘ldi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston paxtachilik sohasini insoniylik nuqtai nazaridan yanada rivojlantirish uchun o‘zaro qayta aloqa mexanizmlarini kuchaytirish, xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasida jamoaviy shartnomalarni rag‘batlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish va jamiyat erkinligini himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish kerak.
- Qo'shildi: 04.04.2022
- Ko'rishlar: 3608
- Chop etish