6 aprel – Taraqqiyot va tinchlik yo‘lida xalqaro sport kuni

“Biz xalqaro sport maydonlarida O‘zbekistonning nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga katta hissa qo‘shgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta e’tibor berishimiz kerak”.

Shavkat Mirziyoev 

 

Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugun har jabhada ilg‘orlab bormoqda. Birgina sport sohasida erishilayotgan yutuqlarning o‘zi tahsinga loyiq.

Sport avvalo jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi, jismoniy tarbiya vositasi va usulidir. Sport deganda, odatda, jismoniy mashqlarniit turli majmualari bo‘yicha musobaqalar tashkil etish, tayyorlash va o‘tkazish tizimi ko‘zda tutiladi.

Sportning maqsadi, bir tomondan, kishilarning sog‘lig‘ini mustahkamlash va umumiy jismoniy rivojlantirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, sport musobaqalarida yuqori natija va g‘alabalarga erishishdir.

Shu ma’noda, Yer yuzidagi dastlabki sport musobaqalari Yunonistonda miloddan avvalgi 1580 yilda bo‘lib o‘tgani g‘oyat ahamiyatlidir. O‘z navbatida, 1894 yilda  Xalqaro olimpiada qo‘mitasi (XOQ) tashkil qilinganidan keyin sport dunyo miqyosida jadal rivojlana boshladi. 1896 yildanoq zamonaviy Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazishga kirishilgani ham bu fikrimizni tasdiqlaydi.

Taraqqiyot jarayonida sportning mazmun-mohiyati tubdan kengayib, umummadaniy, siyosiy, estetik, iqtisodiy ahamiyat kasb etdi. Endilikda sport do‘stona xalqaro aloqalarni kengaytirishga, xalqlarning o‘zaro bir-birini tushunishi va do‘stligi rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Bunga yorqin misol: 2013 yilning 23 avgustda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasida bir ovozdan 6 aprel sanasini – “Taraqqiyot va tinchlik yo‘lida xalqaro sport kuni”) sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

O‘zbekistonda ham ushbu sana muntazam nishonlab kelinadi. Shu kuni joylarda turli darajadagi sport tadbirlari o‘tkaziladi. Zero, har qanday jismoniy mashg‘ulotlarni bajarsak, nafaqat xalqaro sanani nishonlagan, balki o‘z salomatligimiz uchun qayg‘urgan ham bo‘lamiz.

Sport nafaqat insonning jismoniy salomatligini mustahkamlashga yordam beradi, balki tirishqoqlik, sabr-toqat, yetakchilik fazilatlari, qat’iyatlilik, muloqot qobiliyatlari va jamoa ruhini tarbiyalashga imkon beradi. Shu bois mamlakatimizda aholi va ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiyasiga katta e’tibor qaratish lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2022 yil 1 aprel kuni yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi. Mamlakatimizda sportni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Shu asosda yurtimizda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. So‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zali mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” hamda velosiped yo‘llari tashkil etilgan.

Taraqqiyot strategiyamizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini keyingi besh yilda 33 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun joriy yil 10 apreldan boshlab mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi.

Bu tadbirlarni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.

Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki bo‘yicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari bilan mahalla yoshlari o‘rtasida motivatsion uchrashuvlar o‘tkazish ayniqsa muhimdir.

Xulosa qilib aytganda, sport nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi, balki mamlakatning imijini yuksaltirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, Vatanimiz obro‘-e’tibori va  millatimizning sha’n-shavkatini xalqaro sport maydonlarda munosib himoya qilayotganlari uchun ham sportchilarimiz hamisha qadrlanadi va e’zozlanadi.

 

Laziz Xoliqulov,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati

bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech