Har yili 7 aprel kuni butun dunyoda Ruandada sodir etilgan genotsid qurbonlari xotirlanadi. Bu haqdagi rezolyusiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2003 yil 23 dekabrda qabul qilingan.
Ruandada sodir etilgan genotsid qurbonlari xotirasi kuni ramziy ma’noga ega. Ushbu sana Ruandada ozchilikni tashkil qilgan tutsilarga xutular tomonidan qirg‘in sodir etganligiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu voqea 1994 yil aprel oyidan iyungacha yuz bergan.
1994 yilda qariyb 100 kun davom etgan qirg‘inda 800 mingga yaqin tutsilar va ularga xayrihoh xutular o‘ldirilgan. Turli ma’lumotlarga qaraganda, ana shu genotsidda 800 mingdan 1 milliongacha odam o‘ldirilgan bo‘lib, bu mamlakat aholisining taxminan 20 foizini tashkil qilgan.
Xutu va tutsi – Ruanda, Uganda, Burundi va mintaqadagi boshqa mamlakatlarda istiqomat qiluvchi etnik-ijtimoiy guruh bo‘lib, xutu qabilasi vakillari katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan. 1884–1885 yillarda Berlin konferensiyasi Ruanda yerlari Germaniya qo‘l ostiga o‘tgani borasida qaror qabul qildi. 1899 yil tutsi qabilasi hukmdorlari o‘z muxtoriyatlari saqlab qolingan holda nemis kayzerini tan olishdi. 1915 yilda Belgiya qo‘shinlari Ruanda hududlariga bostirib kirib, bu mamlakatni to‘laligicha egallab oldi.
Germaniya va Bel’giya ma’muriyati tutsi vakillariga bir qator imtiyozlarni yaratib berdi. Bu qabila vakillari Yevropada ta’lim olish imkoniyatlariga ega bo‘ldi. Hokimiyat xutu qabilasi vakillariga o‘ta boshlaganini ko‘rgan tutsi qabilasi 1950 yillardan boshlab Ruanda mustaqilligi uchun kurash yo‘liga o‘tdi. 1959 yilning noyabridan boshlab ikki qabila o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi.
Avvaliga xutu qabilasi vakillari tutsi qabilasiga tegishli uylarga o‘t qo‘ydi. Bunga javoban tutsi qabilasi ham qarab turmadi. Yuz bergan ommaviy tartibsizliklar oqibatida odamlar, asosan tutsi qabilasi vakillari o‘zlari tug‘ilib o‘sgan makonlaridan bosh olib keta boshladi.
1962 yilda Ruanda rasman mustaqil, deb e’lon qilindi. Bo‘lib o‘tgan referendumdan so‘ng qirol Kigeli beshinchi taxtdan voz kechib, qo‘shni Ugandaga ketishga majbur bo‘ldi. 1973 yil 5 iyul kuni yuz bergan harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyatga xutu qabilasining vakili bo‘lmish mudofaa vaziri General-mayor Jyuvenal Xabiarimana keldi.
Uchta etnik guruhdan tashkil topgan Ruanda aholisi 7 mln kishidan oshadi. Aholining 85 foizini xutu, 14 foizini tutsi va 1 foizini tva qabilasi tashkil qiladi.
«Genotsid» so‘zi yunoncha — «qabila» va lotinchadan— «o‘ldiraman» so‘zlarining birikishidan paydo bo‘lgan. U jamoaviy zo‘ravonlik turini, odamlarga milliy, etnik yoki irqiy sabablar ortidan zo‘ravonlik qilish, ularni qisman yoki to‘laligicha yo‘q qilib tashlashni anglatadi.
Genotsid jinoyatlarning eng yomoni hisoblanadi. Genotsid ta’rifiga aniqlik kiritish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zolari tomonidan 1948 yil 9 dekabrda maxsus xalqaro hujjat qabul qilingan. Bu hujjatning nomi Genotsid jinoyatining oldini olish va uni sodir etganlik uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiya, qisqacha aytganda, Genotsid konvensiyasidir.
Ushbu xalqaro hujjat bugunga qadar 142 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Bu esa Konvensiyada qabul qilingan genotsidning ta’rifi ko‘pgina davlatlar tomonidan tan olinganidan dalolat beradi.
Genotsid konvensiyasining 2-moddasiga binoan, genotsid deb qaysidir milliy, etnik yoki diniy guruhni butunlay yoki qisman yo‘qotishni niyat qilib sodir etiladigan quyidagi harakatlar tushuniladi: guruh a’zolarini o‘ldirish; guruh a’zolariga jiddiy jismoniy yoki aqliy shikast yetkazish; guruh a’zolarini butunlay yoki qisman yo‘q qilishga mo‘ljallangan hayotiy shart-sharoitlarni qasddan yaratish; guruh ichida bola tug‘ilishining oldini olishga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ko‘rish; bir guruhga mansub bolalarni boshqa guruhga zo‘rlab o‘tkazish.
3-moddaga ko‘ra esa quyidagi xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlik tayinlanadi: genotsid, genotsid sodir etish maqsadida til biriktirish; genotsid sodir etishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va oshkora tashviq qilish; genotsid sodir etishga harakat qilish; genotsidda ishtirok etish.
Xalqaro huquqda genotsid tushunchasining eng muhim jihati shundaki, bu jinoyat isbotlanishi uchun jinoyat ma’lum bir etnik guruhni aynan shu guruh a’zosi bo‘lgani uchun qirib tashlash niyati bilan sodir etilganligi isbotlanishi kerak. Bu esa genotsid jinoyatining isbotlanishi eng qiyin bo‘lgan jihatidir.
Umuman olganda, jinoyat huquqining umumiy qoidalariga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortish uchun kishining ma’lum bir jinoyat sodir etishga niyat qilganligini ko‘rsatish kifoyadir. Genotsid jinoyatini isbotlash uchun esa, shaxs aynan ma’lum bir milliy, etnik yoki diniy guruhni qirib tashlash niyati bilan yuqorida sanab o‘tilgan jinoyatlardan birini sodir etganligi isbotlanishi kerak.
Binobarin, 1994 yilda Ruandada sodir etilgan genotsidda ikki asosiy etnik guruh o‘rtasida kelib chiqqan nizo natijasida ko‘pchilikni tashkil qilgan xutular ozchilikdan iborat bo‘lgan tutsilarni o‘ldirgan. Bunda xutular tutsilarni aynan tutsi etnik guruhiga mansub bo‘lganlari uchun qirgan.
Ruandada sodir etilgan genotsid yuzaga keltirgan asosiy sabablardan biri – 1994 yilning 6 aprel kuni Tanzaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumandan qaytayotgan Ruanda va Burundi prezidentlari tushgan samolyot urib tushirildi. Ularning har ikkisi halok bo‘ldi. Prezident Xabiarimana vafotidan keyin ko‘p o‘tmay prezident gvardiyasi aeroport yaqinida bo‘lgan odamlarni o‘ldira boshladi.
Ruanda harbiylari avval tuzilgan ro‘yxat bo‘yicha tutsi qabilasiga mansub siyosatchilarni o‘ldirdi. O‘ldirilganlar orasida xutu qabilasi vakillari va tinch aholi vakillari ham bor edi. Mamlakat bosh vaziri Agata Uvilingiyimana 7 aprel kuni o‘ldirildi.
Bosh vazir uyini qo‘riqlayotgan 10 nafar belgiyalik va 5 nafar ganalik askar o‘z qurollarini topshirishga majbur bo‘ldi. Tinchlikni saqlovchi kuchlari qurolsizlanganini ko‘rgan Agata Uvilingiyimana eri, bolalari va yana bir necha hamrohi bilan AQSh elchixonasiga yashirinishga harakat qildi. Biroq harbiylar va jangarilar bosh vazir va uning erini shafqatsizlarcha o‘ldirishdi.
Prezidentlar halokati xutu elatining ekstremistlari uchun Ruandada hokimiyatni egallab olishga bahona bo‘ldi va son bo‘yicha ulardan oz bo‘lgan tutsi elati vakillariga nisbatan ommaviy qirg‘inlar boshlab yuborildi.
Tahlillarga ko‘ra, Ruandadagi qirg‘inning tezligi Ikkinchi jahon urushida fashistlar tomonidan "o‘lim lagerlari"da sodir etilgan qotilliklar tezligidan besh barobar oshib ketgan.
Xususiy va davlatga tegishli radiostansiyalar aholiga murojaat qilib, tutsi qabilasiga mansub kishilarni o‘ldirishga da’vat qildi. Buning natijasida ko‘plab tutsi aholisi o‘zlarining qo‘shnilari tomonidan sovuq qurollar bilan o‘ldirildi. Genotsidda qilich, bolta, kaltak, zanjirlardan keng foydalanildi.
Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, ko‘p hollarda jabrdiydalar o‘zlarini qiynab o‘ldirmasliklarini, balki otib tashlashlarini so‘rab pul berishgan. Genotsid davomida odamlarning tiriklayin yoqib yuborilishi bilan bog‘liq voqealar yuz bergani, 250 mingga yaqin ayolga nisbatan jinsiy zo‘rovonlik ishlatilgani aytiladi. O‘limdan omon qolgan ayollar esa kasalliklarga duchor bo‘lgan.
Genotsiddan keyin Ruanda bir qator muammolar bilan to‘qnash keldi. Jumladan, odamlar noqonuniy ravishda yer va mulklarni egallab ola boshlashdi. Bundan tashqari genotsidni uyushtirish aybi bilan qamoqqa olishga o‘tildi. Qamoqxonalar mahbuslarga to‘lib ketdi va ularni boqish hech kimning xayoliga kelmadi.
Dalalardagi hosilni yig‘ishtirib olishga ham e’tibor qaratilmadi. Buning oqibatida ocharchilik muammosi paydo bo‘ldi. Ko‘chalarda qolib ketgan va suvga tashlangan murdalarning aynishi oqibatida sanitariya holati ham yomonlashdi. Bu, o‘z navbatida, vabo epidemiyasini keltirib chiqardi.
Shu yilning noyabr oyida Tanzaniyada Ruanda bo‘yicha Xalqaro tribunal ish boshladi. Xalqaro tribunalda genotsid tashkilotchilari va rag‘batlantiruvchilari sud qilindi.
2008 yil 18 dekabrida tribunal sobiq polkovnik Teoneste Bagosoruni insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda aybdor, deb topdi va umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Ma’lum bo‘lishicha, u aviahalokatdan so‘ng mamlakatdagi siyosiy va harbiy vaziyatni o‘z qo‘liga olgan. Shu sababli ham ma’suliyat unga tushadi.
1994 yil Ruandada sodir etilgan genotsid qurbonlarini xotirlash kuni 2003 yildan buyon xalqaro xotirlash kuni sifatida butun dunyoda o‘tkazib kelinadi.
2022 yili BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning 1994 yilda tutsilarga qarshi genotsidni xotirlash 28 yilligi munosabati bilan murojaatnomasi e’lon qilindi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ruandada sodir etilgan genotsid qurbonlarini yodga olish bilan birga, bugungi kunda Ukrainada bo‘layotgan mojarolar tufayli tinch insoniyatga misli ko‘rilmagan ziyonlar haqida aytib o‘tdi.
Iqbol Abdumajidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 07.04.2022
- Ko'rishlar: 3498
- Chop etish