(Akademik Akmal Saidov bilan ikkinchi suhbat: sudlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash yo‘lida)
– Odil sudlov jarayonida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda dalillar maqbulligi ham juda muhim ekani islohotlar asnosida nechog‘lik e’tiborga olindi?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dalillar maqbulligi masalasini aniqlashtirishda prinsipial qadam bo‘ldi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksning 95-moddasiga 2018 yil 4 aprelda dalillarning maqbul emasligiga oid yangi normalar kiritildi.
Endilikda agar dalillar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini cheklash yo‘li bilan yoxud Jinoyat-protsessual kodeksning talablari buzilgan holda olingan bo‘lsa, shu jumladan:
birinchidan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda;
ikkinchidan, ularni soxtalashtirish yo qalbakilashtirish yo‘li bilan;
uchinchidan, himoyaga bo‘lgan huquqlarni, shuningdek, tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
to‘rtinchidan, jinoyat ishi bo‘yicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan bajarilishi natijasida;
beshinchidan, noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
oltinchidan, jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.
- Dalillar maqbulligi tamoyilining natijadorligi qanday?
- So‘nggi besh yilda jami 36 ming 723 nafar shaxsga nisbatan asossiz qo‘yilgan ayblov chiqarilgan bo‘lib, shundan 3 ming 702 nafar shaxs oqlangan. Bu ko‘rsatkichlar 2021 yilda, ayniqsa yaxshilangan.
Ya’ni, asossiz qo‘yilgan ayblov chiqarilgan shaxs soni 10 ming 115 nafar ekani aniqlanib, shundan 932 nafari oqlanishiga erishilgan.
Sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida adolatli va qonuniy qarorlarni qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalaga doir muhim vazifalar belgilandi.
Farmon ijrosi doirasida, avvalambor, sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlash maqsadida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va ularning vkillari tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi. Shu bilan birga, barcha kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
– Sud qarorlari ustida shikoyatlarning yangicha maqomi xususida ham so‘zlab bersangiz.
– Sud qarorlari yuzasidan shikoyat qilish bosqichlari chuqur isloh qilindi. Avvallari tuman sudining hukmi – 7 ta, viloyat sudining hukmi – 6 ta, Oliy sudning hukmi – 5 ta bosqichda ko‘rib chiqilgan. Hozirgi holatda ushbu ko‘rsatkich barcha sud instansiyalarida bir xil, ya’ni 3 tani tashkil etmoqda.
Shuni ham qayd etish joizki, jazoni o‘tash joylaridan shikoyatlar kelishi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlandi. Bu borada, ayniqsa, ikkita muhim natijaga erishildi.
Birinchidan, ilgari mahkum yoki uning advokatining kassatsiya shikoyati Oliy sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda o‘rganilgandan keyin protest kiritilgan taqdirdagina sudlov hay’atida ko‘rilgan.
Endilikda sudlangan tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi. Bu, o‘z navbatida, sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, ilgari berilayotgan shikoyatga nisbatan bir qancha talablar mavjud edi. Jumladan, barcha sud qarorlari va javob xatlarini, mahkumga jazoni ijro etish muassasasi tomonidan berilgan tavsiyanomalar, sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma kabi hujjatlar taqdim etilmasa, bunday holat shikoyatni ko‘rmasdan qaytarishga asos bo‘lgan.
Hozirda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, shikoyat qiluvchi tomonidan sudga faqatgina shikoyatning o‘zi berilishi kifoyadir.
– So‘nggi yillarda sudlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi. Jamoatchilik va matbuot uchun eshiklar keng ochildi. Shu haqdagi o‘z kuzatishlaringizni gazetxonlar bilan baham ko‘rsangiz?
– Ilgari ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari va keng jamoatchilik vakillari sudga kiritilmagan. Endilikda ularning sudlarda emin-erkin ishtirok etishi ta’minlanmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida:
birinchidan, sudlarning faoliyati yuzasidan turli brifing, matbuot anjumani va uchrashuvlar o‘tkazish;
ikkinchidan, jamoatchilik e’tiboriga tushgan ishlar sudlarda ko‘rilishida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokini ta’minlash;
uchinchidan, sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud faoliyatiga daxldor axborotlar, voqeliklar, turli ma’lumotlarni onlayn rejimda joylashtirish;
to‘rtinchidan, telegram-bot kanallar ochib, unda aholiga sud faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish orqali aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirildi.
Ayni yo‘nalishda Oliy sud Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu asosda qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishi amaliyoti joriy etildi. Sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish, sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti obzorlarini e’lon qilish yo‘lga qo‘yildi.
2021 yilda Oliy sud tomonidan 15 ta matbuot anjumani tashkil etilgan bo‘lsa, viloyat sudlari tomonidan 51 ta brifing o‘tkazilgan. Ommaviy axborot vositalarida yil davomida 15 ming 128 ta huquqiy tushuntirish va sudlar faoliyatiga oid materiallar berib borilgan.
– Bu jarayonda sudlar faoliyatini raqamlashtirish va “Elektron odil sudlov” tizimi qanday o‘rin tutmoqda?
– Mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari kabi sud tizimi faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va bu sohani izchil rivojlantirish juda zarur. Bu, jumladan, fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlari kengayishida juda qo‘l keladi.
Davlatimiz rahbarining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan fuqarolarning sudlarga murojaat qilish va sud majlisida ishtirok etish sohasida odil sudlovga erishish darajasi yanada qulaylashtirildi. Shu maqsadda:
birinchidan, fuqaro va tadbirkorlar masofadan turib sudlarga elektron shaklda murojaat qilish va sud hujjatlarini shu tartibda olish;
ikkinchidan, fuqaroni ovora qilmagan holda sudya tomonidan axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ish uchun zarur hujjatlarni onlayn tarzda olish;
uchinchidan, dunyoning istalgan nuqtasidan turib sud majlisida mobil videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etish;
to‘rtinchidan, sud qarorlarini ishtirokchilarga inson omilisiz onlayn taqdim etish;
beshinchidan, fuqaro sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishiga sharoit yaratish;
oltinchidan, Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali orqali fuqaro sud binosiga tashrif buyurmasdan turib nizosini masofadan hal qila olishiga taalluqli muhim tartiblar joriy etildi.
Bu o‘rinda 2018 yilda “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimi joriy etilganini alohida qayd etish zarur. Chunki buning natijasida:
- ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishi ustidan onlayn monitoring qilish;
- sudlarda ish yuritishni to‘liq elektronlashtirish;
- ish yuritish samaradorligi va tezkorligini oshirish;
- ma’lumotlarni tizimlashtirish va onlayn hisobini yuritish yo‘lga qo‘yildi.
2018 yil dekabridan sud qarorlari Internet tarmog‘ida e’lon qilinmoqda. Hozirga qadar qariyb 2 mln sud qarori shu tarmoqda e’lon qilingan.
2019 yil yanvaridan Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali ishga tushdi. Bu yerda 48 turdagi elektron xizmat ko‘rsatilmoqda.
Birgina elektron murojaat qilish xizmatini misol keltiradigan bo‘lsak, 2021 yilda 412 ming 265 ta elektron murojaat kelib tushgan. Bu jami murojaatlarning qariyb yarmini (49,5 foiz) tashkil etadi.
2019 yil mayidan “Elektron to‘lov tizimi” joriy etildi. U sud xarajatlarini onlayn to‘lash imkonini bermoqda.
O‘z navbatida, 2021 yil oktyabridan sud xabarnomalarini elektron taqdim etishga o‘tilgani munosabati bilan sud majlisi sanasi va vaqti haqidagi sud chaqiruv qog‘ozlarini onlayn tarzda olish mumkin bo‘lmoqda.
Ijro varaqalarini elektron shaklda ijroga yuborish tartibi tatbiq etildi. Bu esa mehnat sarfini 9 barobargacha qisqartirish imkonini bermoqda.
Ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash moduli ishga tushirildi. Bu, o‘z navbatida, ishlarni xolislik, adolat va tenglik tamoyillari asosida inson omilisiz taqsimlashga keng yo‘l ochdi.
Sudlarda ishlarni elektron ko‘rinishda shakllantirishga o‘tildi. Natijada ayni sohadagi mehnat sarfi 5 barobargacha qisqartirildi.
Da’vo arizasi va ariza namunalarining elektron shakllari o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida Oliy sud portaliga joylandi. Natijada advokatlik xizmatlari uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalmoqda.
2020 yil oktyabrida sudlar faoliyatiga mobil videokonferensaloqa tizimi joriy etildi. “Videokonferensaloqa” orqali sud ishtirokchilari dunyoning istalgan nuqtasidan turib, sudda ishtirok etishi mumkin.
Videokonferensaloqa tizimining samaradorligi haqida to‘xtalganda, hozirgacha 401 ta sud videokonferensaloqa bilan ta’minlangani 41 ming 620 ta sud majlisini videokonferensaloqa yordamida o‘tkazish imkonini berganini ta’kidlash darkor.
Bugungi kunda sudlarning infratuzilmasi izchil rivojlantirilib, barcha sudlar optik tolali aloqa tarmog‘i bilan qamrab olingan. Davlat tashkilotlari bilan idoralararo elektron hamkorlikni ta’minlash borasida 28 ta davlat tashkilotining 38 ta axborot tizimi bilan to‘liq ravishda ma’lumotlar almashinuvi raqamli texnologiyaga o‘tkazildi.
Bunday raqamlashtirish tadbirlari allaqachon o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, o‘zaro ma’lumot olishga sarflangan 25 kungacha bo‘lgan muddatni soniyalargacha kamaytirishga erishildi. Sudlarda mehnat sarfi 10 barobarga qisqardi.
Shu jumladan, sud va ichki ishlar idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik o‘rnatildi. Bunday hamkorlik tufayli ma’muriy ishlarning onlayn tarzda markazlashgan holda nazorat qilinishi ta’minlanmoqda.
2021 yil sentyabridan profilaktika inspektorlarining masofadan turib sudda ishtirok etishi yo‘lga qo‘yildi. Bunday taribning qulaylik jihatlari shundaki:
birinchidan, “Elektron ma’muriy bayonnoma” tuziladi;
ikkinchidan, “Elektron ma’muriy ish” yaratildi;
uchinchidan, sud majlisi mobil videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi;
to‘rtinchidan, sud qarori elektron shaklda yuboriladi.
Bunga qadar, ya’ni 2020 yil oktyabrida mahbuslarning sud majlislarida masofadan turib ishtirokini ta’minlashga o‘tilgan. Bu o‘zgarish mehnat sarfini 5 barobar qisqartirdi.
– Mamlakat sud tizimida amalga oshirilgan shiddatli va qamrovdor islohotlar qanday natijalar bermoqda?
– Bu o‘rinda, dastavval, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga doir ayrim muhim dalil va raqamlarga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.
Birinchi bosqich sudlar tomonidan 2001-2018 yillarda jami 1 mln 232 ming 836 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rilgan. Keyingi uch yil – 2019-2021 yillarda bu ko‘rsatkich munazam ko‘payib borgan. Viloyat sudlari tomonidan xuddi shu davrda 234 ming 858 nafar shaxsga nisbatan ishlar ko‘rilgan bo‘lib, 2021 yilda bu ko‘rsatkich oldingi yillardagiga nisbatan keskin oshgan.
Birinchi bosqichda ko‘rilgan huquqbuzarlik ishlari va materiallar 2019 yilda – 438 ming 456 ta, 2020 yilda – 390 ming 125 ta, 2021 yilda – 475 ming 517 ni tashkil etgan. Bu o‘rinda ham so‘nggi yilning ko‘rsatkichlari ancha oshgani kuzatiladi.
Birinchi instansiya sudlarida:
- 2021 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlari 2019 yilga nisbatan 65 foizga, 2020 yilga nisbatan 57 foizga oshgan;
- 2021 yilda huquqbuzarlik ishlari 2019 yilga nisbatan 4 foizga, 2020 yilga nisbatan 26 foizga oshgan;
- 2021 yilda ko‘rilgan jinoyat ishi materiallari 2019 yilga nisbatan 12 foizga, 2020 yilga nisbatan 23 foizga oshgan;
- 2021 yilda ko‘rilgan huquqbuzarlik ishi materiallari 2019 yilga nisbatan 82 foizga oshgan, 2020 yilga nisbatan 4 foizga kamaygan.
Viloyat sudlari tomonidan bir kunga apellyatsiya instansiyasiga tayinlangan ishlar soni jinoyat ishlari bo‘yicha – 20-85 tani, huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha 70-92 tani tashkil etgan. E’tibor bering: 2022 yil 21-25 fevral kunlari jami 1 ming 255 ta ish tayinlangan.
2021 yilda eng ko‘p ko‘rilgan jinoyat ishlari orasida firibgarlik – 18 foiz, o‘g‘rilik – 15 foiz, avtoavariya – 14 foizdan iborat. Shu davrda eng ko‘p ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzrlik ishlari orasida haqorat – 20 foiz, mayda bezorlik – 14 foiz, IIB xodimlari talablarini bajarmaslik – 11 foiz va yengil tan jarohati yetkazish – 10 foizni tashkil etgan.
O‘tgan yili mamlakat sud tizimida “Yuzdan ortiq ish ko‘rgan sudyalar” tushunchasi ham shakllanib ulgurdi. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda – 298 nafar (jami sudyalarning 85 foizi), fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda – 241 nafar (jami sudyalarning 90 foizi), iqtisodiy sudlarda – 53 nafar (jami sudyalarning 38 foizi) sudya yuztadan ortiq ishni ko‘rgan.
Oliy sudda 2001-2017 yillarda jami 4 ming 73 nafar shaxsga nisbatan ishlar ko‘rilgan. Birgina 2021 yilning o‘zida esa bu ko‘rsatkich 7 ming 884 nafarga yetgan.
Yana bir muhim ko‘rsatkich: 2001-2017 yillarda Oliy sudda tanlov asosida ko‘rilgan ishlarning 27 foiziga yakuniy sud qarori chiqarilgan, bunda sudyaning ish yuklamasi bir oyda 0,7 tani tashkil qilgan.
O‘z navbatida, 2021 yilda Oliy sudda yakuniy sud qarori chiqarilgan ishlar hajmi 80,3 foizga yetib, sudyaning ish yuklamasi bir oyda 33,1 taga ko‘paygan.
Qiyoslash uchun: 2018-2020 yillarda Oliy sudda tanlov asosida ko‘rilgan ishlarning o‘rtacha 45 foiziga yakuniy sud qarori chiqarilgan. Bu davrda har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 6 tani tashkil etgan.
2021 yilda jinoyat ishlarining yuqori bosqichda qayta ko‘rilishi holatiga kelsak, birinchi bosqichda 136 ming 469 ta ish ko‘rilgan.
Shundan apellyatsiya bosqichida 10 foiz ish qayta ko‘rilib, natijada 1,2 foizi bekor qilingan. Kassatsiya bosqichida esa 5 foiz ish qayta ko‘rilgan va shundan 1 foizi bekor qilingan.
O‘tgan yilda yuqori instansiya sudlari samarador faoliyat olib borganini quyidagi omillar ham tasdiqlaydi:
birinchidan, viloyatda appelyatsiyada ko‘rilgan 11 ming 300 ta ishning 12 foizi Oliy sudda ko‘rilgan;
ikkinchidan, Oliy sud rahbariyati qabulida kelib tushgan arizalarning 60 foizi;
uchinchidan, jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlardan kelgan arizalarning 28 foizi;,
to‘rtinchidan, bevosita taraflar shikoyati va prokuror protestlarining 6 foizi ham yuqori instansiya sudlarida ko‘rilgan.
– Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar faoliyatiga taalluqli shunday aniq ma’lumotlarni taqdim eta olasizmi?
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning ish hajmi va natijadorligi ham keyingi yillarda ortib bormoqda. Xususan, birinchi bosqichda ko‘rilgan ishlar 2019 yilda – 275 ming 129 ta, 2020 yilda – 288 ming 590 ta, 2021 yilda – 517 ming 945 tani tashkil etgan.
Viloyat sudlarida 2019 yilda – 13 ming 293 ta, 2020 yilda – 10 ming 490 ta, 2021 yilda – 13 ming 525 ta ish ko‘rilgan. Shu ishlarning 25 foizi bo‘yicha Oliy sudga shikoyat qilingan.
Oliy sudda 2018-2020 yillarda tanlov asosida ko‘rilgan ishlarning o‘rtacha 75 foiziga yakuniy sud qarorlari chiqarilgan va har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 5,4 tani tashkil etgan.
Ayni chog‘da, 2021 yilda Oliy sudda ko‘rilgan ishlarning 95, 4 foizi bo‘yicha yakuniy sud qarorlari chiqarilgan va har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 14,8 taga yetgan.
Ma’muriy sudlarda birinchi bosqichda 2019 yilda – 25 ming 539 ta, 2020 yilda – 23 ming 253 ta, 2021 yilda – 23 ming 813 ta ish ko‘rilgan. Viloyat sudlarida ko‘rilgan ishlar 2019 yilda – 3 ming 129 ta, 2020 yilda – 2 ming 680 ta, 2021 yilda – 4 ming 79 tani tashkil etgan. Oliy sudga shu ishlarning 25 foizi bo‘yicha shikoyat tushgan.
2021 yilda Oliy sudda ko‘rilgan ishlarning 93 foizi bo‘yicha yakuniy sud qarorlari chiqarilgan va har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 10,5 tani tashkil qilgan.
Binobarin, Oliy sudda 2018-2020 yillarda tanlov asosida ko‘rilgan ishlarning o‘rtacha 77,6 foiziga yakuniy sud qarorlari chiqarilgan va har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 3,1 ta bo‘lgan.
O‘z navbatida, iqtisodiy sudlarning birinchi bosqichida ko‘rilgan ishlar 2019 yilda – 190 ming 85 ta, 2020 yilda – 102 ming 68 ta, 2021 yilda – 172 ming 662 tani tashkil etgan.
Viloyat sudlarida 2019 yilda – 4 ming 79 ta, 2020 yilda – 3 ming 545 ta, 2021 yilda – 7 ming 805 ta ish ko‘rilgan. Shu ishlarning 17 foizi bo‘yicha Oliy sudga shikoyat qilingan.
Oliy sudda 2018-2020 yillarda tanlov asosida ko‘rilgan ishlarning o‘rtacha 75,1 foiziga yakuniy sud qarorlari chiqarilgan va har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 4,9 tani tashkil etgan.
2021 yilda Oliy sudda ko‘rilgan ishlarning 81, 1 foizi bo‘yicha yakuniy sud qarorlari chiqarilgan va har bir sudyaning oylik o‘rtacha ish yuklamasi 8,4 taga yetgan.
– Oliy sud tarkibiy tuzilmalarining faoliyatiga doir dalil va raqamlarga ham murojaat etish mumkinmi?
– Bu o‘rinda, birinchi navbatda, Oliy sud rahbariyati tomonidan 2017-2021 yillarda 67 ming 801 nafar shaxs qabul qilinganini qayd etish lozim.
Xususan, 2021 yilda 18 ming 658 nafar fuqaroning 92,1 foizi – sayyor qabullarda, 6,4 foizi – idorada, 1,5 foizi – videokonferensaloqa tizimi yordamida qabul qilingan.
Oliy sudga 2021 yilda portal orqali 83 ming 682 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 94 foizi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 5 foizi qanoatlantirilgan va 1 foizi tugatilgan.
Mazkur murojaatlarning:
- 14 foizi – ishlarni qonuniy ko‘rib chiqish bilan bog‘liq;
- 13 foizi – portaldan kelgan arizalarni sudda ko‘rishga taalluqli;
- 10 foizi – sud qarorlari ijrosiga aloqador hisoblanadi.
Oliy sudning 2017-2021 yillardagi qonunchilik tashabbusi va huquqiy ekspertiza sohasidagi faoliyatiga oid ayrim raqamlarni ham keltiramiz.
Shu davrda Oliy sud tomonidan qonunchilik tashabbusidan foydalangan holda 215 ta qonun hujjati kiritilgan. Shuningdek, Oliy sud Plenumining 44 ta qarori ishlab chiqilgan va qabul qilingan.
Oliy sud qonun loyihalari bo‘yicha besh yilda 2 ming 746 ta xulosa taqdim etgan. Yillar bo‘yicha tahlil etganda, bo‘ ko‘rsatkich 2017 yilda – 314 ta, 2018 yilda – 374 ta, 2019 yilda – 628 ta, 2020 yilda – 575 ta, 2021 yilda – 855 tani tashkil etgan.
G‘ulom Mirzo suhbatlashdi
- Qo'shildi: 08.04.2022
- Ko'rishlar: 4063
- Chop etish