Koinotga parvoz: kecha va ertaga

12 aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni

 

Tarixga bir nazar solaylik: 1961 yil 12 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da «Boyqo‘ng‘ir» kosmodromidan ichida Yuriy Gagarin o‘tirgan «Vostok» fazoviy kemasining uchishiga start beriladi. Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshadi. Koinotga qo‘yilgan ilk qadam – insoniyatning buyuk yutug‘iga aylanadi.

Ochiq koinotga chiqqan Gagarin aloqa orqali o‘zining taassurotlari haqida muntazam gapirib turgan. Uning «Er ustidagi bulutlarni va ulardan yerga tushayotgan soyani kuzatayapman. Juda chiroyli. Diqqat! Yerning gorizontini kuzatayapman. Barchasi juda go‘zal» degan so‘zlari bortdagi magnitofonga yozib olingan.

Yuriy Gagarin bortda turli sinovlar o‘tkazib ko‘radi: yeb-ichadi, qalam yordamida surat chizadi, barcha jarayon haqida hisobot yozib boradi. Fazogir bilan aloqa o‘rnatib turgan jamoaga vaznsizlik holatida uning ruhiyati qanday bo‘lishi muhim edi.

Gagarinning o‘zini tutishidan vaznsizlik holati inson ruhiyatiga mutlaqo ta’sir qilmasligi ma’lum bo‘ladi. Uning 1 soatu 48 daqiqa davom etgan parvozi nihoyasiga yetganidan so‘ng pastga tushishda fazoviy kemaning tormoz tizimi biroz pand beradi. Oqibatda atmosferaga kirishdan 10 daqiqa oldin kosmik kema sekundiga 1 aylanish tezligida aylana boshlaydi.

Yuriy Gagarin, parvozni kuzatayotganlarni xavotirga qo‘ymay, kema bortida favqulodda vaziyat sodir bo‘lgani haqida xabar beradi. Kema atmosferaning zich qatlamiga kirganda undagi tutashtiruv simlari yona boshlaydi. Ungacha Gagarin raketa qismmlarini ajratish buyrug‘ini qabul qilgan edi. Natijada Gagarin joylashgan qism yong‘in yuzaga kelgan qismdan so‘nggi soniyalarda ajralib ulguradi.

Yerga qo‘nishga 7 ming metr qolganda Gagarin maxsus katapultadan foydalanadi. Natijada 108 daqiqalik parvozda Yer sharini bir bor aylanib chiqqanidan so‘ng u Saratov oblastining Smelovka qishlog‘i yaqiniga kelib tushadi.

Insoniyatning yer atmosferasidan yuqoriga – ochiq koinotga chiqishi tom ma’noda ulkan voqelik edi. Bu boradagi buyuk xizmatlari uchun Yuriy Gagarin «Sovet ittifoqi qahramoni» va «SSSR kosmonavt-uchuvchisi» unvonlari, «Oltin yulduz» va «Lenin ordeni» bilan mukofotlangan.

Gagarin, shuningdek, dastlab sobiq SSSR respublikalarini, so‘ng 30 ta xorijiy mamlakatni aylanib chiqqan. Jumladan, 1961 yildan – 1968 yilgacha yurtimizga olti marta kelgan va har gal katta tantanalar bilan kutib olingan.

Yuriy Gagarinning ilk kosmik parvozidan buyon qirqqa yaqin mamlakatning 400 nafardan ortiq fazogiri koinotga parvoz qildi. Kosmonavtlar kuni bayrami dastavval faqat sobiq SSSRda nishonlangan bo‘lsa-da, ikkinchi fazogir – German Titovning taklifi bilan ushbu sanani xalqaro bayram kuni sifatida nishonlash tashabbusi BMTga kiritilgan.

O‘z navbatida, 1968 yili bo‘lib o‘tgan Xalqaro aviatsiya federatsiyasining 61-Bosh konferensiyasida 12 aprelni – Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni deb e’lon qilishga kelishib olingan.

Shu tariqa BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 7 apreldagi rezolyusiyasiga muvofiq, Yuriy Gagarin parvozining 50 yilligi munosabati bilan 12 aprel – Insonning koinotga parvozi kuni xalqaro bayram sifatida har yili dunyo miqyosida nishonlanadigan bo‘ldi.

BMTning ushbu rezolyusiyasida, shuningdek, koinotni o‘zlashtirishda butun insoniyatning umumiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, kosmosni faqat tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish, barcha davlatlarning kosmik tadqiqotlardan teng manfaat ko‘rilishini ta’minlash kerakligi alohida qayd etilgan.

O‘zbekistonning Yuriy Gagarin parvozi, umuman, XX asrda koinotning zabt etilishi bilan bog‘liq kashfiyot va natijalarda o‘ziga xos hissasi bor. Afsuski, bu sohada fidokorlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning xizmatlari, ilmiy ishlari va ixtirolari bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar sohaga aloqador muzey hamda arxivlarda saqlanayotganini ko‘pchilik haligacha bilmaydi.

Zotan, insoniyatning olis tarixida fazoni o‘rganish borasida ulug‘ ajdodlarimiz hamisha peshqadam bo‘lganlar. Bu fikrimizni birgina Mirzo Ulug‘bek hazratlarining mashhur “Ziji Ko‘ragoniy” jadvali va Samarqanddagi muazzam rasadxona yaqqol tasdiqlaydi.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda milliy koinot infratuzilmasini yaratishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ilg‘or sohani rivojlantirish uchun davlatlar o‘rtasida va xususiy hamkorlar ishtirokida xorijiya investorlarni jalb etishga urg‘u berilayotgani ham juda muhim.

Chunki mamlakatimiz hududida Maydanak rasadxonasi, Suffa platosi kabi fazoviy faoliyatga daxldor strategik inshootlar mavjud. Yangi davr talablaridan kelib chiqqan holda, ana shu ob’ektlarning ahamiyatiga munosib baho berilayotgani tahsinga sazovor.

Eng asosiysi, xalqimizning qorako‘z farzandlari orasida ulug‘ alloma ajdodlarimiz kabi koinot ko‘lamlari qadar teran fikrlaydigan, sayyoralar va yulduzlar asrorini kashf etish orzu-ishtiyoqi tomirlarida qaynoq qon kabi gupirib turgan barkamol avlodimiz voyaga yetib kelmoqda.

 

Oydin Ibrohimova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bosh mutaxassisi

 

Powered by GSpeech