Qatag‘on olovida toblangan vatandoshlarimiz qissasi

Xalqimizning ko‘p ming yillik tarixida boshidan kechirgan alg‘ov- dalg‘ov, quvg‘in va qatag‘onlarning oxirgisi sho‘rolar zamonida yuz bergan edi. Har galgiday, bu gal ham, birinchi navbatda, millatning peshqadam qatlamlari – ziyolilar va din ulamolari qatag‘on qurboni bo‘ldilar. Biz, katta avlod vakillari o‘tgan asrning 30- va 50-yillarida uyushtirilgan shunday qatag‘onlarning guvohi bo‘lganmiz, qatag‘on tegirmonidan qutilib chiqqan jabrdiydalar va ularning qarindoshlari bilan uchrashganmiz.

  Chunonchi, GULAG lagerlarining azobini chekkan mashhur faylasuf va Vatanimiz tarixining bilimdoni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, akademik Ibrohim Mo‘minovning akasi Arab Mo‘minovich va  Buxoro Davlat pedagogika instituti xodimi  Mansur G‘ulomovich G‘ulomovning hasratli hikoyalarini ularning o‘zlaridan eshitganmiz…  

Xayriyatki yurtimiz davlat mustaqilligiga erishdiyu, u qora kunlar o‘tmishga aylandi. Ularning tashkilotchilari va ijrochilari aniqlandi, qurbonlarning nomi va sha’ni tiklanmoqda. Endigi vazifamiz tariximizning ushbu sahifalaridan to‘g‘ri xulosalar chiqarib, bu haqidagi haqiqatni  ko‘zimizning qorasi va belimiz quvvati bo‘lmish nevara va evaralarimizga  yetkazishdir.  Zero,  o‘tmish saboqlarini unutmaslik, xatolarni takrorlamaslik uchungina emas, balki  Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun ham muhimdir.  Keksa avlodlardan qolgan boy meros, milliy qadriyatlardan oqilona foydalanish bizga mayoq bo‘lib xizmat qilib, kuchimizga kuch qo‘shishi aniq. Shuning uchun mamlakatimizda, ayniqsa keyingi besh-olti yillikda  keksa avlodning tajribasiga hurmat bilan yondoshish, o‘rganish va  undan saboq olishga har qachongidan ko‘proq e’tibor  berilmoqda. Fikrimizni tasdig‘i uchun sho‘roviy qatag‘onlarning tarixini chuqur o‘rganish asosida ko‘plab maqola,  risola va kitoblarning e’lon qilinishi, kino va telefilmlarning yaratilayotganligini eslatish  mumkin. Misol sifatida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir, tarjimon, publitsist  G‘ulom Mirzoning yaqinda nashr etilgan “Ey, darvesh” (G‘ulom Mirzo. Ey, darvesh: Zulmni yenggan mazlumlar qissasi. – Toshkent:  “Mashrab” nashriyoti. 2022), deb nomlangan yangi asarini ham  ko‘rsatish mumkin.

G‘ulom Mirzoning ushbu asari taniqli olim va davlat arbobi, akademik Akmal Saidovning hamda muallifning  so‘zboshilari va yetti kitob (bob) dan iborat bo‘lib, uning har bir bobidan uchtadan to yigirmatagacha mitti hikoyalar joy olgan. Tarixiy dalillar va misollar asosida, yuksak badiiy mahorat bilan bitilgan qissada bir o‘zbek oilasining, aniqrog‘i  muallif bobosi va uning farzandi taqdiri misolida XX asrda xalqimiz boshidan kechirgan sho‘roviy qatag‘onlarning mudhish oqibatlari ishonchli tarzda  ochib berilgan. Yozuvchining  bobosi Mirza So‘fi kim ediki, sho‘ro davlatining xavfsizlik organlari tomonidan birinchi marta 1926 yili va oradan 23 yil o‘tib,  1949 yili ikkinchi marta qamoqqa olingan? Uning aybi nimada edi? Yozuvchi bu savolga tarix qatidan jo‘yali javob topish uchun davlat mutasaddi organlarining rasmiy qog‘ozlari,  ma’lumotnomalar, sud bayonnomalari va arxiv hujjatlari, ilmiy adabiyotlar, zamondoshlar xotiralarini haqiqiy olim sifatida sinchkovlik bilan o‘rganib, haqiqatni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Xo‘sh, asarning bosh qahramoni   Mirza So‘fi To‘laevning o‘zi kim bo‘lgan va nima sababdan davlat xavfsizlik organlari (mash’um GPU, MGB va KGB, NKVD) uning shaxsiyati va faoliyati bilan o‘nlab yillar davomida shug‘ullanib kelganlar?   Davlat xavfsizlik vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limida to‘ldirilgan “Mahbus anketasi”da yozilishicha Mirza So‘fi To‘laev  “Ijtimoiy va siyosiy kelib chiqishi zararli o‘rtahollardan”  bo‘lgan. Lekin uning Qashqa vohasida o‘tgan asrning 20-yillarida kelib chiqqan, hokimiyat organlarini tashvishlantirgan g‘alayonlarda qatnashganligi yoki  “aksilinqilobiy tashkilotlar”ga kirganligi haqida hech qanday hujjat, dalillar yo‘q.  Shunday bo‘lsa-da kolxozda ko‘p yillar zvenovoy bo‘lib ishlab kelgan M.To‘laevni  o‘zi o‘zlashtirgan bir parcha yeri (unda oilasi uchun zarur g‘alla, sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirgan),  uy-joyi va karvonsaroyi ham  bo‘lganligi bahonasida “quloqlar” tabaqasiga kiritilganu mol-mulkining bir qismi (kolxoz uchun) musodara  qilingan. Demak, u sho‘rolarning sinfiy dushmanlaridan sanalgan.

Qashqadaryo viloyatining Beshkent tumani Xushvaqt qishlog‘ida 1905 yilda tug‘ilgan Mirza So‘fi To‘laevning yana bir aybi, uning dindorligi bo‘lgan. Lenin boshliq daxriy bolsheviklarning dinga tish-tirnog‘i bilan qarshiligi, cherkov va masjidlarni buzib, dindorlarga dushmanlik ko‘zi bilan  qaraganliklarini barcha biladi. Ammo xudosizlikni targ‘ib qilish davlat va partiya faoliyatida katta o‘rin egallagan,  dindorlar va ularga xayrixohlar ta’qib etilgan, hattoki jazoga tortilgan bo‘lishlariga qaramasdan    millionlab odamlarning dinga e’tiqodini yo‘qotib bo‘lmadi. Aksincha, Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan 1943 yili, fashist bosqinchilariga qarshi kurashda dindorlar qo‘shayotgan hissani  yanada oshirish hamda mamlakatning xalqaro imijini yaxshilash maqsadida cherkov va masjidlarning faoliyatiga  ruxsat berildi. Lekin bu ko‘plar o‘ylaganidek, haqiqiy vijdon va diniy erkinlik emas edi. Shuning uchun  40-yillarning oxiriga kelib, ateistlarning hujumi kuchayib, masjidu cherkovlarni yopish avjiga chiqdi. G‘ulom Mirzoning yozishicha, mavjud 1701 ta  cherkov va ibodatxonalar binolarining 1150 tasi musodara qilingan. Shuningdek, 1949 yili 570 nafardan ortiq ruhoniy va qariyb 6 yarim ming dindor hibsga olingan. Agar yangi qatag‘onning sovuq shamollari butun mamlakat kabi bizning yurtimizda ham esa  boshlanganini inobatga olsak, 50-yillarda burjua millatchiligida ayblanib, nohaq qamalgan  Shuhrat, Shukrullo, Said Ahmad,  Maqsud Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy  kabi taniqli yozuvchi va boshqa ziyolilar boshiga qatag‘on tayog‘i tushgan  paytlarda   “Fayzulla Xo‘jaev bilan Akmal Ikromov rahbarlik qilgan o‘zbek millatchililik tashkilotlari tarafdorlari tomonidan SSSR bilan kurashish ruhida tarbiyalangan”,   “aksilinqilobiy targ‘ibot va tashviqot olib borishda” gumon qilingan chekka bir qishloq masjidining imomi Mirza So‘fi To‘laev va uning o‘g‘li – yosh dehqon Abdirayimning turli bahonalar bilan qamalishi ajablanarli bir hol emasdi.  

“Xalq dushmani” deb tamg‘a qo‘yilgan bunday begunoh gunohkorlarning farzandlariga davlat idoralari va boshqaruv tuzilmalari, o‘quv yurtlarining eshiklari yopiq bo‘lganini biz yaxshi bilamiz.  O‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yigit-qizlarga ayrim o‘qituvchi va bolalarning ularga  yotqarashlarining guvohi bo‘lganmiz. 

Biroq ana shunday vaziyatda ham metin irodali yurtdoshlarimiz iymon-e’tiqodlaridan voz kechmaganlari ham haqiqatdir. Ta’qib va qamoqlarga qaramasdan bolalikda masjid qoshidagi maktabda savod chiqargan va kitobga mehr qo‘yib o‘z shaxsiy kutubxonasiga ega bo‘lgan   qishloq masjidining oddiy imomi Mirza So‘fi ana shunday kishilardan biri edi. U Qur’oni karim va boshqa diniy-ma’rifiy  kitoblarni mutolaa qilishni kanda qilmagani, uyi tintuv qilinib, kitoblari olib ketilganda shaxsiy kutubxonasini qayta-qayta tiklagani, hamqishloqlari  o‘rtasida diniy-ma’rifiy  ishlar olib borgani uchun daxriylar hokimiyatining ashaddiy dushmanlari hisobidan chiqarilmagan. Shu sabablardan u, armiya safida xizmat qilgan bo‘lmasa-da, Konstitutsiya va qonunlarga xilof ravishda,  harbiy tribunal tomonidan 10 yilga, o‘g‘li Abdurayim Mirzaev 6 yilga  ozodlikdan mahrum etilgan. 

Bu begunoh gunohkorlar dramasining yana bir mungli sahifasi shu ediki, asr  o‘rtalarida Stalinning shaxsiga sig‘inish qoralanib, Xrushchevning “iliqlik davri”da  30- va 50 — yillar qatag‘onlarining qurbonlari oqlanganda bu haqidagi qarorlar ularni chetlab o‘tgan.

G‘ulom Mirzo mehnatkash, iymon-e’tiqodli, mustahkam irodali ota-bobosining pok nomlari va sha’nini tiklashga bel bog‘ladi. Buning uchun huquqiy, demokratik davlatni qurishga kirishgan mamlakatimizda tegishli shart-sharoitlar tug‘ildi.  Ustoz akademik Akmal Xolmatovich Saidov va uning rahbarligidagi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi maslahat, yo‘l-yo‘riq va ko‘magini ayamadi. Natijada G‘ulom Mirzoning sobitqadam mehnati samarali bo‘ldi.

Alqissa, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi o‘zining 2019 yil 30 apreldagi majlisida Turkiston harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949 yil 9 dekabrdagi M.To‘laev va A.Mirzaevga nisbatan chiqargan hukmi bekor qilindi. Ular to‘la oqlanib,  G‘ulom Mirzo o‘z niyatiga yetdi.

Qissadan hissa shuki,  G‘ulom Mirzoning ushbu hujjatli badiiy asari nafaqat har jihatdan ibratli, balki ota-bobolarimizning hayoti va kechmishini, ularning e’tiqodi va ma’naviy dunyosini bilish hamda ulardan yosh  avlodni tarbiyalashda foydalanishda ham o‘ta muhimdir.

Sobir QURBONOV,

tarix fanlari nomzodi

Nosir TOIROV,

siyosatshunos, jurnalist

nuz.uz

 

Powered by GSpeech