Poytaxtimizning “Shahidlar xiyoboni” majmuasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo qalamiga mansub “Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qismati)” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangi kitob taqdimoti bahonasida, shu muborak Ramazon oyida barcha qatag‘on qurbonlarini yana bir marta yodga olib, duoi fotiha qildik. Ularning ayanchli taqdiri haqida mushohada yuritdik.
Ayniqsa, taqdimot marosimida taniqli davlat va jamoat arbobi, yirik olim va publitsist, akademik Akmal Saidovning fikrlari menga birday manzur bo‘ldi. Hurmatli olimimiz kitobning nechog‘lik dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanini teran asoslab berdi.
Haqiqatan ham, mazkur kitob chuqur ilmiy izlanishlar va badiiy mahorat uyg‘unligi asosida bitilgan. Shu bois uni o‘qigan har bir kishi ko‘hna tariximizning noma’lum sahifalari bilan tanishib, o‘sha olamga kirib qolganday his etadi o‘zini.
Chunki “Ey, darvesh” qissasida tasvirlangan zamon va makon, voqea va hodisalar, ota-bobolarimizning kechmishlari yozuvchi fantaziyasining mahsuli emas, balki dalil va misollar, aniq fakt va raqamlar, zamondoshlar guvohliklariga asoslangan hayotiy voqealardir. Shuning uchun ham taqdimot ishtirokchilari tomonidan kitobga tarixiy-hujjatli ma’naviy-ma’rifiy qissa deya baho berilgani bejiz emas.
Kitobni qo‘lga olib, muqova va sahifalardagi zamonaviy matbaa-nashr dizayni uslubini ko‘riboq, ajdodlarimizning o‘tmish hayoti ko‘z oldingizda gavdalanadi. Qissani varaqlar ekansiz, qatag‘on davrining azobli va dardchil voqealari iztirobli taassurot uyg‘otmay qolmaydi.
Zero, muallif voqealar rivojini shunchalar oddiy, ravon, xalqchil uslubda ta’riflaganki, kitobning birinchi, ikkinchi va uchinchi sahifasidayoq, siz asarning o‘quvchisiga emas balki o‘sha davr voqealarining asl ishtirokchisiga aylanib qolganday sezasiz o‘zingizni.
Qissa bosh qahramoni Qashqadaryoning olis qishloqlaridan birida yashab o‘tgan Mirza So‘fi To‘laev – sho‘rolar zamoni qatag‘onlariga uchrab, beadad jafo chekkan jabrdiyda yurtdoshlarimizdan biri bo‘lgan. Qishloq masjidi imomi Mirza So‘fi GPU, NKVD, MVD, KGB zindonlari, mash’um GULAG lagerlaridagi mashaqqatlar, haqorat, tuhmat va qiynoqlarga qaramasdan o‘zligini yo‘qotmagan, e’tiqodidan voz kechmagan, butun umri davomida mehnatkash xalqimizga xizmat qilgan.
Mirza So‘fi ana shunday zahmatkash, kurashlarda toblangan, qo‘rqmas va kamtarin insonlarning timsolidir. Shu jihatdan olganda, mazkur qissani iymon-e’tiqodli, ezgu niyatli, metin irodali ajdodlarimizga qo‘yilgan munosib ma’naviy yodgorlik, deyish mumkin.
Xulosa o‘rnida “Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qismati)” kitobi ayrim takliflarimni havola etaman.
Birinchidan, qissa asosida hujjatli film ishlash va uni Qatag‘on qurbonlari muzeyi va muzeyning viloyatlardagi barcha filiallariga taqdim etish lozim.
Ikkinchidan, kitobdagi voqealar asosida badiiy film tasvirga olinsa va keng namoyish etilsa, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Uchinchidan, qissaning ixchamroq matnini elektron shaklda va ovozli tarzda internet tarmog‘iga joylashni tavsiya etaman.
Bularning barchasi yosh avlodimiz kitobda hikoya qilingan hayotiy voqealar bilan yaqindan tanishishi uchun qulay imkoniyat yaratadi, deb o‘ylayman.
Sobir QURBONOV,
faxriy jurnalist, siyosatshunos,
tarix fanlari nomzodi
- Qo'shildi: 14.04.2022
- Ko'rishlar: 2707
- Chop etish