Joriy yil 14 aprel kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Yig‘ilishda Kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, 2021 yil davomida eʼlon qilingan mamlakatimiz uchun ustuvor bo‘lgan jami 19 ta xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni aks etib, 11 tasida mamlakatimiz pozitsiyasi yaxshilandi.
Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, “Es end Pi” (“S&P”) xalqaro reyting agentligi mamlakatimiz kredit reytingini “salbiy”dan “barqaror”ga, “Mudis” (Moody‘s) agentligi esa “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.
Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.
“Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz o‘z o‘rnini 6 pog‘ona yaxshilab, 180 ta davlat ichida 140-o‘rinni egalladi va so‘nggi besh yilda 17 pog‘ona yuqoriladi. Tashkilot hisobotida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘rnak bo‘layotganligi va so‘nggi 5 yilda eng barqaror o‘sish ko‘rsatkichiga erishgan jahondagi 6 ta davlatdan biriga aylangani alohida taʼkidlangan.
Tadbirda ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalariga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimizning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, o‘tgan yil davomida rejaga muvofiq 43 ta qonun, 3 ta yangi tahrirdagi Kodeks, Prezidentning 24 ta farmoni va qarori, Hukumatning 44 ta qarori loyihalari ishlab chiqilib, shundan 16 ta qonun, Prezidentning 16 ta farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining 27 ta qarori qabul qilindi.
Yig‘ilishda reja ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralarning faoliyati tanqid qilindi.
Tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralarning axborotlari eshitilib, hududlarda xalqaro reytinglar bilan ishlash holati, mavjud muammo va kamchiliklar, foydalanilmagan imkoniyatlar hamda ayrim xalqaro reytinglarni, shu jumladan Buyuk Britaniyaning “Oxford Insights” konsalting kompaniyasi va Kanadaning Xalqaro tadqiqotlarni rivojlantirish instituti tomonidan yuritiladigan “Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorgarlik indeksi”ni O‘zbekiston uchun ustuvor sifatida belgilash masalasi muhokama etildi.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan tashkiliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, yil davomida 1 ta strategiya, 5 ta kodeks, 9 ta qonun, 2 ta konsepsiya va 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, davlat kompaniyalarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat kafolatini berishni bosqichma-bosqich kamaytirish, parlamentdagi “Hukumat soati” instituti va deputatlikka nomzod ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, monopol korxonalar tomonidan ishlab chiqilayotgan mahsulotlar tannarxi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib borish tizimini joriy qilish kabi 300 dan ortiq vazifani bajarish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 14.04.2022
- Ko'rishlar: 4474
- Chop etish