Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Xalqaro ekspertlar: O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarni e’tirof etishimiz kerak

Jorj Vashington universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari dasturi maydonchasida O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan onlayn-brifing tashkil etildi.

Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari instituti tomonidan ilgari surilgan tashabbus - Markaziy Osiyo tadqiqotlari dasturining ilmiy-tadqiqot faoliyati xavfsizlik, rivojlanish, davlat qurilishi va mintaqaviy hamkorlik kabi to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab olgan. Loyiha doirasida har yil forum, seminar va xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi.

Ushbu tuzilmaning maqsadi Markaziy Osiyoda akademik tadqiqotni rivojlantirish, akademik doiralar va siyosiy hamjamiyat o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish, siyosatni shakllantiradigan akademik, diplomatik va ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida munozara maydonini yaratishga qaratilgan.

Navbatdagi brifingda O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov, AQSH Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi Nadin Maenza, BMT Din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid, Brigam Yang universiteti Huquq va dinni o‘rganish xalqaro markazi direktori o‘rinbosari Elizabet Klark, Janubiy Kaliforniya universiteti dotsenti Stiv Sverdlov ma’ruza qildi.

O‘zbekiston elchisi ishtirokchilarni mamlakatimizda din erkinligini ta’minlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va sa’y-harakatlar bilan tanishtirdi. Xususan, so‘nggi yillarda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish, bunday tuzilmalar faoliyati tartibini yengillashtirish, bolalar ibodat maskaniga to‘siqsiz kirishini ta’minlash, ibodat joyida reyd o‘tkazishni to‘xtatish va boshqa sohalarda erishilgan natijalar alohida ta’kidlandi.

Bundan tashqari, insoniylik tamoyiliga asoslanib, taqiqlangan tashkilotda qatnashganligi uchun sudlangan, ammo tuzalish yo‘liga kirganlarni afv etish va ularni normal hayotga reintegratsiya qilish odatiy amaliyotga aylandi. So‘nggi yillarda Yaqin Sharqdagi ekstremistlar nazoratidagi hududlarga aldanib borib qolgan 531 nafar O‘zbekiston fuqarosi, asosan, ayollar va bolalarni Vatanga qaytarish uchun besh marta "Mehr" maxsus operatsiyasi amalga oshirildi.

Nadin Maenza, o‘z navbatida, so‘nggi to‘rt yil ichida O‘zbekistonda diniy erkinlik sohasida izchil o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rahbariyati ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratayotgani, hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan muloqotga asoslangan tizimli islohotlar hayotga tadbiq etilayotgani tahsinga loyiq. Hukumat alohida mahbuslarga qanday munosabat bildirayotganini ko‘ryapmiz. Bu sa’y-harakatlar diniy erkinlik sohasidagi islohotlarning davomi hamda navbatdagi muhim qadami bo‘lishi mumkin.

- 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi birinchi kuzatuvchisi bo‘lganman - deydi Ahmad Shahid. - Maxsus ma’ruzachining tashrifi yakunlari bo‘yicha hukumat nafaqat yaqin hamkorlikka tayyorligini bildirdi, balki BMT eksperti tavsiyalari asosida bu yo‘nalishdagi islohotlar “Yo‘l xaritasi”ni ham qabul qildi. Bunday amaliyot BMT tizimida misli ko‘rilmagan voqea. Biz O‘zbekiston erishayotgan yuksak yutuqlarni alohida e’tirof etishimiz kerak.

- Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida dindorlar huquqini himoya qilish masalasida to‘plagan tajribamdan kelib chiqib, O‘zbekiston ochiq ish yuritish, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlik qilish, qonunchilik bazasini birgalikda takomillashtirishga tayyor, deyishim uchun barcha asos bor, - dedi Elizabet Klark. - Respublika diniy erkinlikni yaxshilash bo‘yicha mintaqada yetakchi. Eng muhim o‘zgarishlardan biri - ro‘yxatga olish jarayoni soddalashtirilgani. Bu, ayniqsa, yangi diniy tashkilotlar uchun o‘ta muhim.

O‘zA

Powered by GSpeech