Bir oydan keyin, 9 may – Xotira va qadrlash kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimiz poytaxtida yangi tarixiy ma’lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida bunyod etilgan «Matonat madhiyasi», «Mangu jasorat», «Ko‘z yoshi» monumentlari hamda «Shon-sharaf» davlat muzeyini o‘zida qamragan muhtasham «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi ochilganiga 2 yil to‘ladi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo‘lib, ham me’moriy jihatdan, ham tarixiy-ma’naviy jihatdan g‘oyat noyob va mahobatli obida bo‘lib qad rostladi.
«G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasini har gal ziyorat qilganimda, ushbu fikrlarning nechog‘lik haqqoniy va hayotiy ekaniga qayta-qayta amin bo‘laman. Ziyorat asnosida xayolimdan shunday o‘y kechadi: "Har narsaga chidash mumkin, faqat urush bo‘lmasin! Urushni bizga ham, farzandlaru nabiralarimizga ham ko‘rgulik qilmasin, ilohim".
Keyingi vaqtda ommaviy axborot vositalari va Internet sahifalarida turli mamlakatlarda akademik Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tgani haqida yoritilayotgan xabar va reportajlar e’tiborimni tortdi. Joriy yil boshidan buyon Rossiya va Qozog‘iston shaharlarida tashkil etilgan bir nechta taqdimot tadbirlari shular jumlasidandir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur taqdimotlarda avvalo kitobning yozilish sabablari, undagi statistik raqamlarning yangi arxiv ma’lumotlari asosida keltirilganligi, O‘zbekistonning G‘alaba yo‘lida har bir sohada qo‘shgan hissasi haqida atroflicha so‘z yuritilgan. Koronavirus pandemiyasi davriga qaramasdan, 2020 yili Toshkent shahrida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” majmuasiga bag‘ishlangan kitob sahifalarida bog‘ tarkibidagi har bir yodgorlik ma’no-mohiyati chuqur ochib berilgani alohida qayd etilgan.
Kitob taqdimotlarida Ikkinchi jahon urushi davrida yurtimizga evakuatsiya qilingan rus, ukrain va belarus ziyolilarining o‘zbek xalqi va uning yuksak insoniy xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan she’rlari va so‘zlaridan iqtiboslar keltirilgani ham ahamiyatlidir. Shuningdek, “G‘alaba bog‘i”ning barpo etilishi va taqdim etilgan kitobning chop etilishi zamirida, avvalambor, o‘sib kelayotgan yosh avlodda Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini rivojlantirish, ularni tarixiy xotirani unutmaslik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam ekani alohida ta’kidlangan.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki kitob taqdimotidan ko‘zlangan maqsad – Rossiya va sobiq ittifoqning boshqa respublikalari singari O‘zbekiston ham Ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga o‘z farzandlarining qoni va mehnati bilan munosib hissa qo‘shganligini hamda o‘zbek onalari rus, belarus, yahudiy va boshqa millatga mansub yetim bolalarni qalbiga bosib parvarish qilganini yana bir bor jahon jamoatchiligiga, xususan, o‘sib kelayotgan avlodga yetkazishdan iboratdir. Taqdimotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgani va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani bu borada ko‘zlangan maqsadga erishilganidan dalolat beradi.
Haqiqatan ham, “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi Ikkinchi jahon urushida beqiyos mardlik va jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik jangchilar, front ortida matonat va buyuk insonparvarlik fazilatlarini namoyon qilgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va keng miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu kitob turli mamlakatlar ilmiy-ijodiy doiralari tomonidan qizg‘in kutib olindi.
“G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobida insoniyat tarixining eng og‘ir, eng mudhish bir davri – Ikkinchi jaxon urushi keltirib chiqargan mislsiz dahshatlarni yengib, urushda erishilgan buyuk G‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining jasorati va matonati hech qachon unutilmasligi, jasur ajdodlarimizning xotirasi abadiylashtirilishi yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu amallar tarannum etilgan. Shu ma’noda, bu salmoqli nashrni Ikkinchi jahon urushi davridagi O‘zbekiston hayotining mo‘jaz ensiklopediyasi, deyish mumkin.
Binobarin, 2021 yilda “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda «KOLORPAK» MChJ bosmaxonasida yuksak did va zamonaviy matbaa dizayni asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida katta adadda chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi poytaxtimizda muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ochilganining 1 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Kitobda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan. Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi she’rlar va tasviriy san’at asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.
“G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobida urush qatnashchilari, front orti qahramonlari, davlat va jamoat arboblari, ziyolilarning ta’sirchan xotiralari ham berilgan. Shu bilan birga, “Sovet ittifoqi qahramoni” unvoni va uchala darajadagi «Slava» («Shuhrat») ordeniga sazovor bo‘lgan o‘zbekistonliklar hamda O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davridagi generallari to‘liq ro‘yxati ilova qilingan.
Yana bir muhim jihat: kitobda Ikkinchi jahon urushi yillarida Yevropada yuzaga kelgan real vaziyat va G‘alabaga erishishda o‘zbek xalqining ishtiroki haqida yangidan-yangi tarixiy dalillar va mutlaqo yangicha qarashlar o‘z aksini topgan.
Eng asosiysi, kitobda Prezidentimizning tashabbusi va g‘oyalari asosida tashkil etilgan G‘alaba bog‘ining falsafasi, sodda qilib aytganda, mohiyati va ahamiyati tarixiy hujjatlar asosida teran tahlil etilgan. Kitob nihoyatda o‘qishli, aniq dalillarga boy, ravon usulda yozilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, «Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir».
Fursatdan foydalanib, avvalo yurtdoshlarimizni shu kunlarda «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi ziyoratiga albatta borishlarini tavsiya etib qolamiz. Akademik A.Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi mutolaasi esa ana shu amaliy ziyoratni falsafiy-ma’rifiy mazmun-mohiyat bilan boyitishiga ishonamiz.
Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimiz tashabbusi va g‘oyalari, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida yurtdoshlarimizning beayov jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi o‘z mujassamini topgan.
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning o‘zbekona falsafasi amalda yorqin namoyon bo‘lgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.
Oydin Ibrohimova,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 26.04.2022
- Ko'rishlar: 3221
- Chop etish