2022 yil 26-27 aprel kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan 7-sonli, Chirchiq shahrida joylashgan 13-sonli, Olmaliq shahrida joylashgan 14-sonli jazoni ijro etish muassasalari hamda Oxangaron shahrida joylashgan 44-sonli, Olmaliq shahrida joylashgan 49-sonli, Oxangaron tumanida joylashgan 48-sonli manzil koloniyasida jinoyat-ijroiya qonunchiligi ijrosi ahvoli yuzasidan va inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.
Ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti ekspertlaridan iborat monitoring guruhi a’zolari ishtirokida amalga oshirildi.
Ekspertlar dastlab jazoni ijro etish muassasalarida sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Xususan, ishchi guruhi a’zolari muassasalar ichki xududida joylashgan davolash profilaktika-yordam ko‘rsatish bo‘limlarida davolanayotgan mahkumlar va shifokor xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazdi.
Shuningdek, muassasalarning yashash sahnlarida joylashgan mahkumlar yotoqxonalari ko‘zdan kechirildi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan ularga yaratilgan shart-sharoitlar, oziq-ovqatlarning sifati, mehnat sharoitlari, muassasa xodimlarining muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Mahkumlarga jazo muddatini o‘tash davrida belgilangan kun tartib qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, tartibbuzarlik sodir etmaslik, oilalari bag‘riga tez kunlarda qaytishlari xususida maslahatlar berildi.
Bundan tashqari, guruh a’zolari tomonidan muassasalardagi mahkumlar oshxonasi, tayyorlanayotgan ovqat sifati, savdo do‘koni va kutubxonalar ko‘zdan kechirildi. Mahkumlar savdo do‘konida mavjud oziq-ovqat mahsulotlari turlari bilan tanishilib, mahsulotlar turlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha takliflar berildi.
Mahkumlar uchun tashkil etilgan kutubxonalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida u yerdagi kitoblar ro‘yxatiga e’tibor qaratildi. Mahkumlar va kutubxona ish yurituvi bo‘yicha mas’ullardan tarbiyaviy ahamiyatga ega badiiy kitoblarni yanada ko‘paytirish haqida tegishli takliflar qabul qilindi.
Monitoring jarayonida ishchi guruh a’zolari muassasalarda mahkumlarning ishlab chiqarish sexlarida ham bo‘ldi. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar ko‘zdan kechirildi.
Mahsulotlar turi va sifatini yanada yaxshilash, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va hajmini oshirish borasida amaliy takliflar bildirildi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish sexlarida mahkumlar mehnatini muxofaza qilish bo‘yicha mas’ul idora vakillari tomonidan tegishli yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Ekspertlar mazkur muassasalarda pensiya yoshidagi, nogironligi bo‘lgan va turli sabablar bilan mehnatga yaroqsiz bo‘lgan mahkumlar bilan uchrashdilar. Ularga yaratilgan shart-sharoitlar, barcha toifadagi mahkumlar uchun bo‘sh vaqtni bekor o‘tkazmaslik, sport bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, tibbiy xizmatdan foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu mavzuda tegishli mas’ul xodimlar bilan suhbatlar uyushtirildi.
Jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkumlar bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi. Ularning savollariga huquqiy jihatdan batafsil javoblar berildi, qonuniy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Har bir muassasada mahkumlarga yashash, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanish sharoitlarini yaxshilash uchun qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ishchi guruh a’zolari ana shu ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Koloniyalarda xizmat o‘tayotgan xodimlar bilan ham suhbat o‘tkazildi. Ularga qonuniylikka rioya qilish, xizmat intizomini buzmaslik, ish vazifasiga vijdonan yondashish, halol va pok ishlash, mahkumlarning haq-huquqlarini buzmaslik yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Monitoring yakunida muassasalar ma’muriyati bilan kelajakdagi rejalar, taklif va muloxazalar haqida amaliy suhbatlashildi. O‘z navbatida, ma’muriyat vakillari bu boradagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 29.04.2022
- Ko'rishlar: 2909
- Chop etish