2022 yil 28 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axboroti ham eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati ma’lum qilganidek, Prezidentning 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda hududiy komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Milliy komissiya va hududiy komissiyalarning tegishincha ishchi organi sifatida Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘basi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari hamda tuman (shahar) hokimliklarida bolalarni himoya qilish sho‘balari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Soha mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida manzilli o‘quv seminarlari tashkil qilingan.
“Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchasi va “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi qaramog‘idagi 1 392 nafar yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola o‘z oilasi va yaqin qarindoshlari tarbiyasiga o‘tkazilgani natijasida 10 ta “Mehribonlik” uyi, 4 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi faoliyati tugatilgan.
Farzandlikka olish jarayonida inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mu.maktab.uz platformasi yaratilgan.
Hukumatning tegishli qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimi joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Mazkur jamg‘armaga 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar kelib tushgan.
Senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ham mavjudligiga e’tibor qaratdilar.
Jumladan, Milliy komissiya tomonidan davlat organlari va tashkilotlarning, shuningdek, hududiy komissiyalarning bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi talab darajasida bajarilyapti deb bo‘lmaydi.
Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirish maqsadida bolalarni qabul qilgan oilalarga hamda tutingan ota-onalarga beriladigan to‘lovlar, imtiyozlar, kompensatsiyalar tizimini kengaytirish, shuningdek, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.
Tuman (shahar) bolalarni himoya qilish sho‘balari mutaxassislari “Mehr daftari” platformasidan foydalanish ko‘nikmasiga ega emasligi oqibatida “Mehr daftari” tizimini hayotga tatbiq etish ishlari yetarli darajada tashkil qilinmagan. Farzandlikka olish jarayonida inson omilini qisqartirish maqsadida tashkil qilingan mu.maktab.uz platformasida farzandlikka olishni istovchi nomzodlarning elektron navbati yo‘lga qo‘yilmagan.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni vasiylikka va homiylikka olgan oilalar uchun minimal standartlar ishlab chiqilmagan. Rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalari asosida ixtisoslashtirilgan kasbiy salohiyatli tutingan (foster) oilalarni tashkil qilish va bolalarni ularga joylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan.
Hududlarda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish jarayonida dars mashg‘ulotlari muntazamligi va davomiyligi ta’minlanmagan. Aksariyat maktablar direktorlari va o‘qituvchilari yakka tartibda dars o‘tish bo‘yicha me’yoriy hujjatlardan xabardor emas, baholash (o‘zlashtirish) tabeli yo‘q va o‘quvchilarning yig‘ma jildi shakllantirilmagan. Ushbu toifadagi o‘quvchilarning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish choralari ko‘rilmagan.
Muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ifodalangan qaror qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi, deyiladi uza.uz xabarida.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.04.2022
- Ko'rishlar: 3479
- Chop etish