INSON QADRINI ULUG‘LASH VA HUQUQLARINI TA’MINLASH YO‘LIDA

Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil 29 martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu ijobiy ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla TILLABOEV ushbu Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan bog‘liq savollarimizga javob berdi.

– Mazkur Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zaruratini nima bilan izohlaysiz?

– Qonun O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 24 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib ishlab chiqilgan va qabul qilingan. Murojaatnomada tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratilgandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga qiynoqlarning oldini olish yuzasidan fuqarolarda jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqargan hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar yuklangandi.

Bu o‘rinda 2021 yil 26 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlash lozim.

Qarorda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tuzildi.

Bundan tashqari, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar bu kurslarda sohaning 1 ming 200 dan ortiq xodimi o‘qitildi.

E’tibor bering: Prezident qarorida qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash – qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bunday jinoyatdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini ishlab chiqish ko‘zda tutildi.

Shu ma’noda, ushbu Qonunning qabul qilinishi, avvalambor, O‘zbekiston Prezidentining tegishli topshiriqlari amalda tatbiq etilishini ta’minladi. Qolaversa, milliy qonunchilikda bu borada mavjud bo‘shliq to‘ldirildi.

Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga qanday o‘zgartirishlar kiritildi?

– O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 991-moddasida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Birinchidan, mazkur moddaga zarur o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, endilikda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zararning to‘la hajmda to‘lab berilishi belgilab qo‘yildi.

Ikkinchidan, davlat organlari mansabdor shaxslarining bunday harakatlari g‘ayriqonuniy ravishda sodir etilganda jabrlanuvchiga ruhiy va jismoniy azob yetishi mumkinligi hisobga olinib, bunda jabrlanuvchi boshidan kechirgan og‘ir ichki kechinmalari va iztiroblarini yumshatish maqsadida ma’naviy zararning ham qoplanishi nazarda tutildi. Shu maqsadda Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi ikkinchi qismi to‘ldirildi.

Bundan buyon ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi lozim bo‘lgan holatlarga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyati natijasida yetkazilgan zararni qoplab berish ham kiradi.

 

– Milliy qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ahamiyati nimada?

– Bularning barchasi inson huquqlarini ta’minlash va qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, fuqarolarga qiynoqqa solish oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni, idorama-idora sarson bo‘lib yurmasdan, qonuniy asosda undirib olish imkonini beradi.

Qonunning maqsadi qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlashdan iboratdir. Uning qabul qilinishi natijasida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlariga duchor bo‘lgan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish mexanizmlari takomillashtirilgani juda muhim.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud xodimlarining bu boradagi mas’uliyat va javobgarligini kuchaytirish imkoni ham tug‘ildi. Jumladan, yetkazilgan zarar, huquqni muxofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari aybidan qat’i nazar, davlat tomonidan to‘la hajmda qoplanadigan bo‘ldi.

Bunda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma’naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to‘lab beriladi.

Mazkur Qonun O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardagi majburiyatlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga nechog‘lik xizmat qiladi?

– 1966 yilgi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ishtirok etuvchi har bir davlat mazkur Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, BMTning Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyasining 14-moddasida: “Har bir ishtirokchi davlat o‘zining huquqiy tizimida qiynoqlarning qurboni tovon olishini va iloji boricha to‘laroq tiklanish uchun mablag‘larni qamrab oluvchi, huquqiy sanksiya bilan to‘ldiriladigan adolatli va muqobil tovon (kompensatsiya) olish huquqiga ega bo‘lish huquqini ta’minlaydi”, deb belgilangan.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilgan. Mazkur Qonun asosida inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarimizni bajarish yo‘lida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2021 yil 10 aprelda O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirdi.

Ushbu tizimga (GSP+)  qo‘shilayotganda mamlakatlar inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi hamda sifatli boshqaruvga oid 30 dan ortiq asosiy xalqaro konvensiyani samarali amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi. Bu muhim hujjatlarning 7 tasi bevosita inson huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro shartnomalar hisoblanadi.

Ma’lumki, mamlakatimizda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyatini sodir etganlik uchun 2020-2021 yillar davomida 30 nafar mansabdor shaxs sudlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 989-moddasida yuridik shaxs yoxud fuqaro o‘z xodimi mehnat majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplashi belgilangan. Shunday bo‘lsa-da, Kodeksning maxsus moddalarida bu haqda ko‘rsatilmagandi.

Ayni shu holatlar xalqaro tashkilotlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 2020 yil 1 maydagi tavsiyasi va  BMT Qiynoqqa qarshi qo‘mitasining 2020 yil 14 yanvardagi tavsiyasida qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni ularga yoki yaqin qarindoshlariga to‘liq kompensatsiya qilish zarurligi qayd etilgan.

Yanada aniq qilib aytganda, qiynoq bilan bog‘liq holatlar mamlakatning xalqaro maydondagi nufuziga, shu jumladan iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandi.

Shu nuqtai nazardan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston taqdim etgan beshinchi davriy hisobotiga oid yakuniy tavsiyalaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan ushbu Qonun bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.

Bunday muhim huquqiy qadamlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgan demokratik islohotlarimiz xalqaro darajada yana bir bor e’tirof etilishiga olib keladi. Mamlakatimizning xalqaro reyting va ko‘rsatkichlardagi o‘rni yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

 

Oydin Ibrohimova suhbatlashdi.

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech