Hurmatli gazetxon! Yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzoning "Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)" nomli kitobi chop etildi. Ushbu qissada XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bolalar Mirza So‘fi To‘laev va Abdirayim Mirzaevga nisbatan adolat tiklangani, ya’ni oradan 70 yil o‘tib ularning aybsizligi aniqlangani hamda oqlangani haqida so‘z boradi.
Gazetamizning ushbu sonida akademik Akmal Saidovning yangi kitobga so‘z boshi sifatida yozgan “Etmish yilda ro‘yobga chiqqan adolat” nomli maqolasi e’lon qilinmoqda. Kitob muallifi e’tirof etganidek, ota-bobosining oqlanishi va mazmur qissaning dunyo yuzini ko‘rishida Ustoz Akmal Saidov rahbarlik qilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining munosib hissasi bor.
"Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy o‘zlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatag‘on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda".
Shavkat Mirziyoev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
YETMISH YILDA RO‘YOBGA CHIQQAN ADOLAT
Qadr – ulug‘, xotira – muqaddas va barhayot, deydilar. Bundan uch yilcha ilgari ushbu haqiqat ikki qutlug‘ ayyom, ya’ni Xotira va qadrlash kuni hamda Ramazon oyi arafasida mazkur kitob qahramonlari – XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bolalar Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevga nisbatan adolat tiklangani misolida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 30 apreldagi ajrimida, jumladan, shunday deyilgan: «Turkiston Harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949 yil 9 dekabrdagi M.Tullyaev va A.Mirzaevlarga nisbatan chiqarilgan hukmi bekor qilinsin. Tullyaev Mirza va Mirzaev Abdirayimlarning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilsin. Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevlar aybsiz deb topilib, oqlansin».
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalambor, sobiq sovet davrida dinu e’tiqodida mustahkam turgan Mirza So‘fi bobo – 10 yil, o‘g‘li Abdirayim bobo – 6 yil qamoq jazosiga hukm qilinganini qayd etish lozim. Ota-bola jazoni GULAG – Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasining Rossiya hududidagi mehnat-tuzatish lagerlarida o‘tab qaytganlar. Afsuski, ota ham, o‘g‘il ham aynan qaysi manzilda jazo o‘taganini hech qachon hech kimga aniq ochiqlamagan.
Ushbu kitob muallifi G‘ulom Mirzo 2018 yil dekabrida bu haqda menga ilk bor ma’lum qilgandi. U 1905 yil Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani Xushvaqt qishlog‘ida tug‘ilgan va 1985 yili shu yerda vafot etgan bobosi Mirza To‘laev qishloq masjidida imomlik qilgani bois, shu manzilda 1928 yili tug‘ilgan va 2008 yili vafot etgan otasi Abdirayim Mirzaev esa e’tiqodi mustahkam insonning bolasi bo‘lgani tufayli 70 yil muqaddam har ikkisining sha’niga «xalq dushmani» degan ayovsiz tamg‘a bosilgani haqida murojaat qilib, ularning nomini oqlash uchun yordam so‘ragandi.
O‘shanda murojaatchiga bobosi va otasi haqidagi zarur hujjat hamda ma’lumotlarni jamlash, buning uchun tegishli arxiv idoralariga bog‘lanishni tavsiya qildik. Tez orada mamlakat, viloyat va tuman darajasidagi arxivlardan atroflicha javoblar olindi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Arxivi mutasaddilari fuqaro murojaatini ijobiy hal etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy hujjatlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida jami ma’lumotlar hayotiy voqealar tafsilotlari bilan uyg‘unlikda o‘rganildi. Shu bo‘yicha 1949 yili qatag‘onga uchragan M.To‘laev va A.Mirzaevga nisbatan inson huquqlari qo‘pol buzilganligi holatlari yuzasidan xulosa tayyorlandi. Xulosa murojaatchining arizasi va zarur hujjatlar nusxalari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining kassatsiya instansiyasi sudlov hay’atiga protest kiritdi. Kassatsiya tartibidagi protestda M.To‘laev va A.Mirzaevga nisbatan chiqarilgan Turkiston harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949 yil 9 dekabrdagi hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarish so‘raldi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining kassatsiya instansiyasi sudlov hay’ati 2019 yil 30 aprelda mazkur jinoyat ishini protest bilan birgalikda ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi. Natijada 1949 yil 9 dekabrda M.To‘laev va A.Mirzaevlarga nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilindi. Rahmatlik ota-bola aybsiz deb topildi va oqlandi.
Bu o‘rinda bir fuqaroning murojaatidan toki unda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etilishiga qadar bo‘lgan bosqichlarni batafsil bayon etganimiz bejiz emas. Binobarin, shu birgina hayotiy misolning o‘zi ham davlat idoralari xalqimiz uchun xizmat qilayotganini ko‘rsatib turibdi.
Chindan ham, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha amaldagi tizimi bu borada olamshumul insonparvar qadam bo‘ldi. Endilikda esa Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishi, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim ham o‘z samaralarini bermoqda.
Shu o‘rinda ushbu ota-bola bundan 70 yil muqaddam nima uchun qoralangan edi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, 1949 yilning 3 sentyabrida Mirza bobo hibsga olinib, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi bo‘yicha “sovetlar hokimiyatini yiqitish, qaqshatish va zaiflatishga yoki ayrim kontrrevolyusion jinoyatlarni qilishga agitatsiya yoki propaganda yurgizish, o‘shandoq shu mazmunda bo‘lgan adabiyotni tarqatish yoki tayyorlash yoxud saqlash”da ayblangan.
E’tibor bering: aksilinqilobiy targ‘ibot va tashviqot olib borish bo‘yicha xuddi shunday ayblov bilan 1937 yili Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon kabi millat gullari qatag‘on etilgan, keyingi bosqichda Oybek, Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Shukrullo singari zabardast adiblarimiz qamalgan.
Mirza To‘laev esa, badiiy ijodda tanilmagan, shunchaki dinu diyonatli va halol, sodda va rostgo‘y, ayni chog‘da, sovetlar siyosati va mafkurasidan bexabar, oddiy qishloq odami bo‘lgan.
Mirza bobo kitob yozmasa ham, kitoblarni sevib mutolaa qilgan, albatta. Hibs etgani kelganlar masjiddagi bir qop noyob qo‘lyozma kitoblarini xachirga ortib ketgani ham buni tasdiqlaydi. O‘shanda, jinoyat ishi hujjatlarida qayd etilganidek, u kishining qishloqdagi kutubxonasidan «47 ta kitob musodara qilingan».
Eng yomoni, Mirza So‘fi bobo chekka qishloqda yashagani uchun «revolyusiya», «kontrrevolyusiya», «kontrrevolyusion agitatsiya va propaganda» kabi atamalarni, ya’ni o‘ziga qo‘yilgan ayblov mohiyatini anglab yetmagani holda, shu jinoyatni sodir etganlikda ayblangan. Mirza To‘laev qariyb bir oylik shafqatsiz tergovlar davomida bu aybni bo‘yniga olmagan.
Shunda yanada beshafqat yo‘l tutiladi. Ya’ni, 1949 yil 1 oktyabrda Mirza boboning yolg‘iz o‘g‘li Abdirayim Mirzaev hibsga olingan. O‘rta tabaqaga mansub musulmon ruhoniysining o‘g‘li sifatida unga va otasiga O‘zSSR Jinoyat kodeksining 125-moddasi “g” bandi bilan «dezertirlik» aybi ham qo‘yilgan.
Vaholanki, Harbiy sud kassatsiya instansiyasining 2019 yil 30 apreldagi ajrimida e’tirof etilganidek, «A.Mirzaev sovet armiyasiga xizmatni o‘tash uchun chaqiriluvchilar ro‘yxatiga olingan bo‘lib, u oddiy askar (ryadovoy) yoki kichik boshliqlar sostavidagi shaxs, ya’ni harbiy xizmatchi bo‘lmagan».
Hibs etilgunga qadar ota-bolaning ikkisi ham armiyaga chaqirilmagan. Mirza bobo odatdagidek masjidda ekanida, o‘g‘li esa, kolxoz dalasida – don tozalayotganida hibsga olingan. Demakki, o‘zlari yuborilmagan «harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, dezertirlik qilish» uchun ularda imkoniyatning o‘zi bo‘lmagan.
Aksincha, Mirza boboning otameros yer-mulkini tortib olib, o‘zini 20 yasharligidayoq «quloq» qilganidan keyin ham sho‘rolar tuzumi bu insonga va keyinchalik bolasiga ham «ishonchsiz unsurlar» sifatida qarashda davom etgan.
Mirza bobo hatto urushga chaqirilmagan. Masjid imomining o‘g‘li sovet maktabida ta’lim olishiga atayin panja orasidan qaralgan. Oqibatda A.Mirzaev faqat 7 sinflik ma’lumot olgan, xolos.
Shunga qaramay, ota-bola el qatori dalada mehnat qilishgan. Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabadan so‘ng 1946 yili Mirza bobo o‘g‘lini uylantirgan. Abdirayim Mirzaev hibsga olinganida rafiqasi 2 yoshli qizi va 1 yashar o‘g‘li bilan boquvchisiz qolgan. Mirza bobo qamalganda esa, ayoli ikki nafar balog‘atga yetmagan bolasi bilan boquvchisiz qolgan.
Mirza bobo o‘g‘lini sovet armiyasiga chaqirilishidan yashirishga urinmagan, balki hatto uning kolxoz ishiga jalb etilishiga ham rozi bo‘lgan. O‘g‘li kun bo‘yi kolxoz dalasida mehnat qilgan, kechqurun tomorqada ishlagan. Urush davrida frontni g‘alla, meva-cheva, poliz mahsulotlari bilan ta’minlashga hissa qo‘shgan.
Mirza bobo 1949 yil 3 sentyabrda, o‘g‘li esa 1 oktyabrda hibsga olingan. Qarang, o‘g‘il o‘z otasi hibsga olinganidan keyingi calkam bir oy ichida ham qaergadir qochib ketishni hatto xayoliga keltirmagan.
Abdirayim boboning hibsga olinishi to‘g‘risidagi qaror chiqqan va qo‘lga olingan sanasi aynan bir xil. Bu esa, u kishining hech qachon, hech kimdan va hech qaerga qochmaganini ko‘rsatadi.
Abdirayim Mirzaevda, odatda, o‘sha davrda dezertirlik qilgan odamlarda kuzatilgan o‘z tanasiga ataylab jarohat yetkazish holati aniqlanmagan. Bu ham o‘shanda 21 yoshga to‘lgan yigitning sovet armiyasiga chaqirilishdan qochmaganini tasdiqlaydi.
Sobiq KPSS Markaziy komiteti siyosiy byurosining 1988 yil 11 iyuldagi qarori, Ittifoq Oliy sovetining 1989 yil 16 yanvardagi farmoni, sobiq SSSRning birinchi va so‘nggi Prezidenti M.Gorbachyov 1990 yil 13 avgustda imzolagan farmon asosida 1920-1950-yillardagi siyosiy qatag‘onlar barcha qurbonlarining huquqlarini tiklash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Afsuski, bu jarayonlar Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevning ishlarini qamrab olmagan. Ular har gal reabilitatsiyadan chetda qolganlar.
1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilindi. Shu tariqa sobiq tuzum barham topib, sovetlarning g‘ayrinsoniylik, dinsizlik va mustamlakachilikka tayangan, inson huquqlariga zid siyosat olib borgani fosh bo‘ldi. Istiqlol tufayli eski tuzum qurbonlariga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2001 yil 1 mayda qabul qilingan «Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida»gi farmonida ta’kidlanganidek, «Mustabid tuzum davrida million-million begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi».
Endilikda Toshkent shahrida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui va «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi tashkil etilgan. Har yili 31 avgust kuni – Mustaqillik bayrami arafasida poytaxtimizda va joylarda Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda inson va jamiyat hayotida adolat tantanasi tobora usutuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida 2018 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyusiyasi qabul qilindi.
Ma’rifatparvar, imon-e’tiqodli insonlar bo‘lgani uchun bundan 70 yil oldin nomlari qoraga chiqarilgan Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevning oqlanishida ushbu muhim xalqaro hujjat va O‘zbekistonda amal qilayotgan adolatparvar milliy siyosatning ruhi hamda ezgu mohiyatidan, Konstitutsiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqilgani shubhasizdir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrda qabul qilingan "Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishida ta’kidlanganidek, bugungi kunda siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.
Eng muhimi, tarixiy ma’lumotlarni xolis va haqqoniy o‘rganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday og‘ir va mashaqqatli kurashlar bilan qo‘lga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi.
Xalqimizning fidoyi farzandlari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni to‘la yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash, bu boradagi ishlarning ko‘lami va samarasini oshirish maqsadida Prezident Farmoyishida bir qator muhim vazifalar kun tartibiga qo‘yildi.
Avvalambor, keng jamoatchilikning qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish va ular porloq xotirasini abadiylashtirish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etildi. Ular nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Ishchi guruhga qatag‘on qurbonlari nomlarini aniqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, ekspertlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillarini jalb etish huquqi berildi.
Xulosa qilib aytganda, tarixiy Oqsaroy peshtoqidagi bitiklar orasida Amir Temurning «Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir» degan mashhur iborasi hozirgi kungacha saqlanib kelmoqda. Ushbu ulug‘vor g‘oya mamlakatimizda inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlar poydevoriga aylandi.
Ota-bola Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevning taqdiriga nisbatan bugungi ezgu munosabat misolida ana shu yuksak insoniylik tamoyili yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Adolat tantanasi har qachon va har qancha tahsinu shukronaliklarga munosibdir.
Shu ma’noda, muallifning ushbu kitobi marhum ota-bobosining ruhi poklarini yod etishga xizmat qilibgina qolmay, muhim ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyat ham kasb etadi, deb hisoblaymiz.
Yaqin o‘tmish haqidagi mazkur hujjatli tarixiy-ma’rifiy qissani mutolaa qilib, shunday xulosaga kelish mumkin: ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’biri bilan aytganlaridek, "Kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas".
Akmal SAIDOV,
akademik
- Qo'shildi: 13.05.2022
- Ko'rishlar: 2883
- Chop etish