2022 yil 13 may kuni Toshkent, Jeneva va Bryussel shaharlarida onlayn va oflayn tarzda Xalqaro jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarining O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilishi holati muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson xuquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasi vakili Rishard Komenda, Xalqaro yuristlar komissiyasi Komissari, Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish /CEDAW qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari Nala Haydar, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov xalqaro forum ishtirokchilarini qutladi.
A.Saidov ta’kidlaganidek, joriy yil 15-16 fevral kunlari BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasi 81-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy ma’ruzasi hamda 22-24 fevral kunlari BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi 71-sessiyasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt talablarining bajarilishi bo‘yicha Uchinchi milliy ma’ruzasi eshitildi.
BMT qo‘mitalari a’zolari tomonidan O‘zbekiston davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha so‘nggi besh yil davomida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni baholashda ijobiy o‘sish kuzatilayotgani yuqori baholandi.
Muloqot davomida har ikki Qo‘mita a’zolari va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar vakillari mamlakatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-gumanitar sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligi e’tirof etildi. Qo‘mitalar a’zolarining aksariyati O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va ayollar huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholadilar.
O‘zbekiston tomonining berilgan savollarga to‘liq javob qaytargani alohida qayd etildi. Taqdim etilgan ma’ruzalar har tomonlama mazmunli va puxta tayyorlangani ta’kidlandi.
BMT Qo‘mitalariga Milliy ma’ruzalar taqdimoti oldidan hamda ularning eshitilishi yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokamalar tashkil etilganiga ham e’tibor qaratish lozim. Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya etish bo‘yicha parlament komissiyasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Shuni aytib o‘tish joizki, mamlakatimiz parlamenti inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy hisobotlarini muhokama qilish amaliyotini birinchi marotaba joriy etdi.
BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi 81-sessiyasida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasi muhokamasi yakunlari bo‘yicha 49 ta yakuniy tavsiya taqdim etildi.
O‘z navbatida, BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt talablarining bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Uchinchi milliy ma’ruzasi muhokamasi yakunlari bo‘yicha jami 32 ta tavsiya berildi.
Uchinchi davriy hisobot bo‘yicha yakuniy tavsiyalar inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, kamsitishni bartaraf etish, nogironlar huquqlarini ta’minlash, gender tenglik, ijtimoiy himoya, ish bilan ta’minlash, irqiy kamsitishni bartaraf etish, mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, ta’lim olish huquqini ta’minlash, madaniy huquqlarni kafolatlash kabi masalalarga qaratilgan.
Bugungi kunda BMT qo‘mitalari O‘zbekistonning Uchinchi va Oltinchi davriy hisobotlari bo‘yicha taqdim etgan yakuniy tavsiyalarni amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi loyihalari tayyorlanmoqda. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil ish olib bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 13.05.2022
- Ko'rishlar: 2777
- Chop etish