Ilm va ziyo uylari — Ilk kutubxonalar qachon paydo bo‘lganini bilasizmi?

2019 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbeksiton Respublikasi axolisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, 21 may O‘zbekistonda  kutubxonachilar kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.

Butunjahon kutubxonachilar kunining aniq sanasi belgilanmagan, lekin ko‘pgina mamlakatlarda oktyabr oyining oxirgi dushanbasida nishonlanadi. Bu bayramda dam olish kuni belgilanmagan bo‘lsa-da, Kutubxonachilar kuni bu nafaqat kutubxonachilar uchun, balki oddiy kitobxonlar uchun ham alohida ahamiyatga ega.

Ilk kutubxonalar qachon paydo bo‘lgan?

Birinchi kutubxona miloddan avvalgi 2 minginchi yilda Bobilda (Iroqda) paydo bo‘lgan. Bu kutubxonadagi kitoblar mixxat yozuvida sopol bitiklar ko‘rinishida bo‘lgan. O‘sha zamonlarda bitta kitobni yozish uchun bir necha yil kerak bo‘lgan. Shuning uchun ulardan faqat boy zodagonlar foydalanishi mumkin edi.

Miloddan avvalgi VII asr o‘rtalarida Sharqdagi ko‘p saroylarda kutubxonalar bo‘lgan. Qadimgi davrdagi kutubxonalardan eng mashhuri Misrdagi Aleksandriya kutubxonasidir.

O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikning so‘nggi asrlarida dastlabki kutubxonalar paydo bo‘lgan. Bular ilk kutubxonalar bo‘lib, kutub – arabcha «kitoblar», xona – forscha «uy», ya’ni kitob va hujjatlar saqlanadigan joy ma’nosini anglatadi.

Buxoroda X asrda mashhur kutubxona mavjud bo‘lib, mazkur kutubxona juda boy fondga ega  bo‘lgan, kitoblar fan sohalari bo‘yicha sandiqlarda saqlangan. Unga faqat amir ruxsati bilangina kitobxon kirardi. Shuningdek, yirik kutubxonalar Xorazmda ham xorazmshohlar, ma’muniylar va anushtageniylar zamonida barpo etilgan.

Zamonaviy kutubxonalar barcha qulayliklarga ega, kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, undan barcha kitobxonlar foydalana oladi.

Bugungi kunda Respublikamizda 12 mingdan ziyod axborot-kutubxona muassasasi mavjud. Shuningdek, vazirliklar, idoralar va davlat organlari, shahar, tumanlarda ham ana shunday ziyo maskanlari faoliyat olib bormoqda.

Kutubxonalar qanday faoliyat yuritadi?

Kutubxonalar – bosma va ayrim qo‘lyozma asrlardan ommaviy foydalanishni ta’minlovchi madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalar hisoblanib, unda muntazam ravishda bosma asarlarni to‘plash, saqlash, targ‘ib qilish va kitobxonlarga yetkazish, shuningdek, axborot bibliografik ishlar olib boriladi.

Yurtimizda 25 mingdan ortiq kutubxona mutaxassislari xizmat qiladi.

Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning asosiy maqsadi ularni axborot va adabiyotga bo‘lgan talablarini imkoni boricha to‘liq qondirish va adabiyot tanlashlariga yordam berishdan iborat. Kutubxonachilarning  kamtarona mehnati buyuk mutafakkirlarni tarbiyalaydi. Kutubxonalar sukunatida taniqli yozuvchilar, olimlar faoliyati gavdalanadi va inson tafakkurining serqirra ijodi  namoyon bo‘ladi. Demak, kutubxonachi inson kamolotida muhim rol o‘ynaydi. Kutubxonalar jamiyatda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, yoshlarni boy madaniy merosimiz, tarixiy an’analarimizga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim maskanlardan hisoblanadi.

“Inson huquqlari uyi” tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25 martda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” xodimlari ham o‘zining salohiyati, bilimi va amaliy ko‘nikmalarini markazning barcha xodimlariga, doktorantlariga va ilmiy izlanuvchilariga ulashmoqdalar. “Inson huquqlari uyi” xodimlari kitobxonlarning, professor-o‘qituvchilar va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy ishlarini samarali olib borishlari uchun xizmat ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda “Inson huquqlari uyi”ning axborot-kutubxona resurslari, ya’ni barcha turdagi adabiyotlar texnik va ilmiy ishlovdan o‘tkazilib, universal o‘nli klassifikatsiya asosida tizimlashtirilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslari ro‘yxatining elektron shakli (elektron katalogi) yaratilmoqda.

Bugungi kunda kitobxonlar uchun adabiyotlardan foydalanishda elektron amaliyotni keng yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.

Shu bilan birga axborot texnologiyalari rivojlanishi asrida bosma nashrdagi kitoblarning ahamiyatini unutmaslik muhimdir. Buning uchun yoshlar ongida kitoblarni mutolaa qilish madaniyatini yuksaltirishimiz kerak.

Hamidullo MO‘MINOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi “Inson huquqlari uyi”mas’ul xodimi
Malika TALIPOVA,
“Inson huquqlari uyi” yetakchi mutaxassisi

hudud24

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi

 

Powered by GSpeech