“INSON QADRI” ONLAYN PLATFORMASI TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

2022 yilning 24 may kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Inson qadri” onlayn platformasi hamda “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotlariga bag‘ishlangan xalqaro tadbir tashkil etildi.

Nufuzli anjumanda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining ijrosiga mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar, NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlarining boshqa vakillari, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va ekspertlari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev ochib berdi. U o‘z so‘zida Taraqqiyot strategiyasida «Inson qadri uchun» degan tamoyilni hayotda to‘la ro‘yobga chiqarish vazifasi yaqqol aks ettirilganligi, uning zamirida har bir insonning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlash, har bir shaxs uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishdek ustuvor maqsad va vazifalar mujassamligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi  Cpikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi – inson qadrini ulug‘lagan xalqchil bosh dastur ekanligiga alohida urg‘u berdi.

– Taraqqiyot strategiyasi, degan nom bejiz tanlanmagan, – dedi A.Saidov – Bu nom avvalo mazkur Taraqqiyot strategiyasi – 2017 yil fevralida tasdiqlangan va keyingi besh yil ichida hayotga izchil tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasining yangi bosqichdagi mantiqiy davomi ekanini anglatadi. Taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ilgari surilgan. Binobarin, Harakatlar strategiyasidagi har bir yo‘nalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy, keng ko‘lamli va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yo‘nalishlarda muhim natijalarga erishish ko‘zda tutilgan.

Binobarin, yangi hujjat – Taraqqiyot strategiyasi endi Yangi O‘zbekistonning poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan. Bu buyuk bunyodkorlik jarayoni 2026 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va yilma-yil amalga oshirib boriladi.

Tadbirning kirish qismidan so‘ng «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan tadbir ishtirokchilari uchun dastlab “Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti o‘tkazildi. E.Tulyakov o‘z ma’ruzasida 2017–2021 yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan bir qator muhim choralar amalga oshirilganligini ta’kidladi.

– O‘tgan besh yilda xalq bilan muloqot qilish, insonlar dardi, muammolarini samarali, tezkor hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi, – dedi E.Tulyakov. Xususan, davlat organlarining aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti yo‘lga qo‘yildi, yildan-yilga shaffoflik ortib bordi, bu esa o‘z-o‘zidan aholining davlat organlariga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirdi, uning faolligi, islohotlarga ishonchi va daxldorligini kuchaytirdi. Eng muhimi, fuqarolar tomonidan davlat organlari oldiga masala qo‘yish imkoniyatlari yanada kengaydi.

Barchamizga ma’lumki, 2022 yilning 28 yanvar kuni Harakatlar strategiyasining uzviy davomi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Hujjatda inson qadrini oshirish, hamma narsa inson uchun ekanligini anglash hamda jamiyatda inson qadrini birinchi o‘ringa olib chiqish g‘oyalari ilgari surilgan. Shuningdek, davlat organlarining aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini uzluksiz va samarali davom ettirish, shaffoflik, ochiq-oshkoralikni ta’minlash Taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsadlari sirasiga kiradi.

Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturilarining joylardagi ijrosi natijalarini keng aholi qatlamiga yetkazib borish hamda uning joylardagi ijrosida bevosita aholining ishtirokini ta’minlash maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda «Inson qadri» onlayn portali ishlab chiqildi.

Shu o‘rinda, A.Saidov tarixiy dasturulamal hujjatning uch ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

– Birinchisi – Taraqqiyot strategiyasining milliy darajadagi ahamiyati, – deya e’tirof etdi A.Saidov. – Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va eng muhim vazifalarning atroflicha tahlili shundan dalolat beradiki, Yangi O‘zbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Ya’ni, “Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – oliy qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilmoqda. Ikkinchisi – Taraqqiyot strategiyasining mintaqaviy darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlarda Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida yaqin qardoshlikni qadrlash, qo‘shni mamlakatlar bilan manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishish bo‘yicha muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchinchisi – “Taraqqiyot strategiyasi”ning xalqaro (global) darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish, xususan, iqlim, ekologiya, terrorizm, korrupsiya, migratsiya, kambag‘allik kabi global muammolarni hal etish borasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish haqida so‘z borgan.

Taqdimot davomida markaz rahbari tomonidan portalning ishlash mexanizmi va undan kutilayotgan natijalar to‘laqonli yoritib berildi. Jumladan, endilikda, «davlatdasturi.uz» onlayn platformasi orqali aholi Davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi bilan batafsil tanishishlari, shuningdek tegishli yo‘nalish va unda amalga oshirilishi belgilangan ishlar ijrosi yuzasidan o‘z fikr, taklif va e’tirozlarini bildirishlari ham mumkin bo‘ladi.

Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkonini yaratish maqsadida onlayn portaldagi ma’lumotlar muntazam yangilanib boriladi. Bu esa, Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi ijrosining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Davlat dasturining har bir bandining ijro holatini ko‘rsatib o‘tish imkoniyati yaratilgan. Mazkur imkoniyatlar tegishli davlat organlarining Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha mas’uliyati va hisobdorligini oshiradi.

Eng muhimi, portalda amalga oshirilgan islohotlarni o‘z hayotida his qilishi kerak bo‘lgan fuqarolarda ijro holati bo‘yicha o‘z munosabatlarini foto, video yoki elektron hujjatlarni yuklash orqali ham jo‘natish imkoniyati yaratilgan.

Bu, o‘z navbatida, mahalliy va xorijiy ekspertlarning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining monitoringi va amalga oshirilishidagi tizimli ishtirokini ta’minlash va natijadorligini baholashga xizmat qiladi. Shuningdek, portalga Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi natijalari yuzasidan infografik ma’lumotlar, videorolik va tahliliy sharhlarga oid ma’lumotlarni kiritib borilishi, keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor bo‘lishiga xizmat qiladi.

Onlayn portalda Taraqqiyot strategiyasini 2022 yil – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan 398 ta band hamda yo‘nalishlar doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirilgan. Xususan, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi holati – «bajarilgan», «bajarilmoqda» hamda «bajarilmagan» ko‘rinishlarida aks ettirib boriladi.

Shu bilan birga, tadbirda Markaz rahbari Eldor Tulyakov 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan 7 ta ustuvor yo‘nalish va uni amalga oshirishga qaratilgan 100 ta maqsad hamda ko‘rsatkichlar haqidagi ma’lumotlar aks ettirilgan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotini ham o‘tkazdi.

Hozirda mazkur to‘plam Markaz tomonidan muntazam chop etib kelinmoqda. Ayni kunga qadar Parlament palatalari, vazirlik, idora va tashkilotlar, NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda boshqa bir qator tashkilotlarga o‘z faoliyatlarida foydalanishlari uchun taqdim etilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan qisqa vaqt ichida to‘plam ingliz, xitoy hamda italyan tillarida ham chop etilib, mamlakatimiz va xorijdagi elchixonalar, xalqaro tashkilot va keng jamoatchilik uchun ham taqdim etildi.

Xalqimiz va keng jamoatchilik uchun islohotlarning hayotiyligini ta’minlashga qaratilgan muhim portal hamda to‘plam taqdimotlariga bag‘ishlangan tadbirda bir qator mahalliy va xorijiy ekspertlar ham fikr mulohazalarini bildirishdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jaevlar tomonidan Taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirish jarayonida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, ijrosiga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralararo ma’lumot almashish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli va ishtirokini yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Qiziqarli axborot va yangiliklarga boy bo‘lgan taqdimot yakunida mazkur portal “Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoasi tomonidan muntazam ravishda takomillashtirib borilishi, bunda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarga ham doimiy ravishda e’tibor qaratilishi ma’lum qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati

 

Powered by GSpeech