BORIMSAN, BORLIG‘IMSAN, BOLAJON!

1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

  

Bu ko‘hna dunyo yaralibdiki, odamzod hamisha farzandi uchun yashaydi, bolajonlarining baxti va kamoli uchun borini, borlig‘ini baxsh etadi. Zero, inson hayotining mazmuni ham, zavqi va shavqi ham, oila ko‘rki, baxtu-quvonchi ham buyuk ne’mat – farzand hisoblanadi.

Shu ma’noda, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni har yili dunyo miqyosida keng bayram qilinishi bejiz emas. Binobarin, bu sana insoniyat tarixi sahifalariga zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgan sanoqli qutlug‘ bayramlardan biridir.

Ma’lumotlarga qaraganda, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni 1925 yili Jenevada bo‘lib o‘tgan Bolalar farovonligi bo‘yicha butunjahon konferensiyasida e’lon qilingan. Shundan buyon ushbu sana dunyoning ko‘plab  davlatlarida  bolajonlar bayrami sifatida nishonlab kelinadi.

Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy darajada ko‘plab maxsus hujjatlar mavjud. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1989 yili 20 noyabr kuni Nyu-Yorkda bola huquqlari bo‘yicha xalqaro darajadagi asosiy hujjat – BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini qabul qilgan.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya 54 ta moddadan  iborat bo‘lib, uning talablari barcha bolalarga nisbatan qo‘llanadi. Konvensiyada butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga oid vazifalar o‘z aksini topgan.

Eng muhimi, Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar tomonidan birinchi marta bola – “hurmat qilish va kafolatlash” talab qilinadigan huquqlarga ega shaxs sifatida e’tirof etildi. Ushbu qoida bola jamiyatning juda himoyasiz a’zosi ekanligi va shuning uchun  ham alohida himoyani talab qilishi va bunga loyiq ekanini ko‘rsatadi.

Konvensiyaga binoan, bola mustaqil shaxs, o‘z huquqlariga ega shaxs sifatida tavsiflanadi. Ya’ni, Konvensiyada bolaning yashash (6-modda), oila qurish (9-modda), ism va fuqarolikka ega bo‘lish huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan.

BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi mustaqillik yillarida mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan dastlabki xalqaro shartnomalardan biri bo‘lib, bugungi kunda uning talablariga rioya etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston 1992 yilda mazkur Konvensiyaga qo‘shilgach, bola huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha bir qancha xalqaro-huquqiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

Konvensiya qoidalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib kelmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, bola huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun O‘zbekistonda xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlariga, shuningdek ularning himoyasiga alohida e’tibor berilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli huquqiy baza shakllangan. Bu haqda so‘z borganda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi  qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini sanab o‘tish mumkin.

Bola huquqlari sohasidagi qonunchilikning asosini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Unga muvofiq, bolada tug‘ilishi bilanoq inson va fuqaroning huquq, erkinliklari vujudga keladi hamda ular davlat tomonidan kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga ko‘ra, bolalar ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Konvensiya talablariga muvofiq, bola huquqlarini mustahkamlagan va ularning himoya kilinish shakllarini takomillashtirgan Fuqarolik va Oila kodekslarining qabul qilinishi bola huquqlari himoyasi bo‘yicha qonunchilik rivojiga jiddiy hissa qo‘shdi.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMTning bolalikni muhofazalash bobidagi eng universal hujjati hisoblanadi. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ushbu Konvensiyada mustahkamlab qo‘yilgan bola huquq va manfaatlarining barcha qirralarini qamragan.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning eng asosiy jihatlaridan biri, unda bola huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qariyb barcha qoidalarning jam qilinganidir. Mazkur qonun Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining asosiy va qo‘shimcha kafolatlarini o‘z ichiga olgan.

Shu bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning har tomonlama kamolga yetishini ta’minlash borasidagi serqirra faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati ham tobora ortib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasida ana shu dolzarb zarurat va ehtiyojlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlatimiz rahbari 2019 yil 22 aprelda qabul qilgan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  farmon bu borada ulkan ahamiyat kasb etdi.

Farmonga muvofiq, Ombudsman hozirda bolalar huquqlari bo‘yicha o‘z o‘rinbosariga ega. Ya’ni, yurtimizda Bolalar ombudsmani instituti ta’sis etildi.

O‘z navbatida, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida bu borada yanada yuksak marralar belgilab olindi. Shu asosda ayni vaqtda mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar  tizimli ravishda olib borilmoqda.

Chunki bolalar – hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir. O‘zbekistonda farzandlarimiz ana shunday yuksak mehr-muhabbat va ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori Vatanimizning barcha hududlarida 1 iyun – Xalqaro bolalar kuni o‘ziga xos tantanalar bilan nishonlanayotgani bu fikrimizni amalda tasdiqlaydi. Bayramga bag‘ishlanib o‘tkazilayotgan turli tadbirlar, ko‘ngilochar o‘yinlar, konsert dasturlari, sport musobaqalari  shular jumlasidandir.

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, betob, nogiron bolajonlarga ko‘rsatilayotgan saxovat va xayriya tadbirlari, turli insonparvarlik aksiyalari jajjilarimizning kemtik ko‘ngillariga  nafaqat malham bo‘lmoqda, balki ularga cheksiz quvonch ham bag‘ishlamoqda. Munis chehralarda shirin tabassumlar paydo qilmoqda.

Bola tabassumi bilan dunyo yasharadi, yashnaydi, yangilanib boraveradi. Negaki bolaning beg‘ubor kulgisi insonga yashash uchun kuch ato qilsa, ishlash, izlanish, yaratish uchun esa bardavom rag‘bat va ishonch baxsh etadi.

 

Oydin Ibrohimova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

 

Powered by GSpeech