Bola tabassumi – olam bezagi. Ayniqsa, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sayyoramiz bolajonlarning samimiy va begʻubor kulgisi bilan yanada yasharib ketadi. Bu sana quyoshli diyorimizda ham oʻzgacha intiqlik bilan kutiladi. Azaldan bolajon boʻlgan xalqimiz shu kuni kundalik tashvishlarni bir chetga qoʻyib, farzandlarini istirohat bogʻlariyu koʻngilochar maskanlarga olib borishga oshiqadi. Bolajonlarga turli xil sovgʻalar ulashiladi. Bu esa oilada mehr-muhabbat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xoʻsh, butun dunyoda sevib nishonlanadigan xalqaro bolalar kunining kelib chiqish tarixi qanday?
Manbalarga koʻra, ushbu xalqaro bayram 1925-yilda Jenevada boʻlib oʻtgan hamda bolalar farovonligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan umumjahon konferensiyasida ilk bor eʼlon qilingan.
BMT tashkil etilgach bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilot faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi va 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanishi yanada ommalashdi. Hozirda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatida ushbu bayram keng miqyosda nishonlanadi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1959-yil 20-noyabrda Bola huquqlari deklaratsiyasi hamda 1989-yil 20-noyabrda “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya qabul qilindi. Mazkur xalqaro meʼyoriy hujjatlar jahon miqyosida bolalar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Ularni dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tan olgan va milliy qonunchiligiga tatbiq etgan.
BMTning bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF esa dunyoning turli davlatlaridagi bolalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanib kelmoqda. Jahonning mingyillik rivojlanish dasturiga aynan YUNISEF tashabbusi bilan bolalar manfaatlariga xizmat qiladigan sakkizta maqsad kiritildi.
Erishilayotgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham talaygina. Masalan, statistik maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda 5 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan 155 millionga yaqin bola majburiy mehnatga jalb qilinadi va bundan aziyat chekadi.
Shu oʻrinda eʼtirof etish joizki, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bolalarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga butunlay barham berildi.
Mamlakatimizda bola huquqlari qonuniy asosda toʻla himoyalangan. Bu borada Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi ham 26 yildan beri samarali faoliyat yuritib keladi. Jumladan, Milliy markaz aholi orasida bola huquqlarini targʻib qiluvchi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, oʻquv kurslari va seminar-treninglar oʻtkazib keladi. Bola huquqlarini taʼminlashga qaratilgan milliy qonunchiligimizni takomillashtirish, unga xalqaro huquqiy normalarni tatbiq etish borasida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Shuningdek, bola huquqlariga doir oʻnlab ilmiy hamda ommabop nashrlar chop etilgan.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida, ayniqsa, alohida hozirlik koʻriladi. Shu kuni turli madaniy tadbirlar oʻtkaziladi, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari hamda nogironligi mavjud bolalardan xabar olinib, turli sovgʻalar ulashiladi. Joriy yilda ham Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida esda qolarli madaniy tadbir tashkil etish rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda ham, xalqaro miqyosda ham bola huquqlari doimo eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Chunki bolalar ertamiz egalari, ularni barkamol inson etib tarbiyalash esa baxtli va farovon kelajagimiz kafolatidir.
Madina Nurulloyeva,
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi
umumiy boʻlim yetakchi mutaxassisi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati