Tarixdan bizga ma’lumki, 1817 yilda nemis professori Karl fon Drez ikki g‘ildirakli o‘zi harakatlanadigan uskunani yaratgan va 1818 yilda “yugurish uchun mashina” deb nomlangan bu uskunaga patent olgan. Ushbu o‘zi harakatlanadigan uskuna ikki g‘ildirakli bo‘lib, boshqaruv ruli va yog‘ochdan yasalgan ramasi borligiga qaramasdan, oyoq bilan harakatlantirish imkonini beruvchi pedallarga ega emas edi. Drezning ushbu ixtirosi dastlabki velosiped deya tan olinadi.
Zamonaviy velosipedlarning dastlabki avlodi esa “Rover” deb nomlanadi. U 1884 yilda inliz kashfiyotchisi Jon Kemp Starli tomonidan ixtiro qilingan va 1885 yildan ishlab chiqarila boshlangan.
Mazkur ixtiro boshqa turdagi transport vositalari, avvalo avtomobillar va samolyotlarning texnik bazasi yaratilishida katta ahamiyat kasb etdi. Velosiped ramalari, shuningdek boshqa qismlarini tayyorlash uchun ishlab chiqilgan metallga ishlov berishning aksariyat texnologiyalari keyinchalik avtomobillar va samolyotlar yaratilishida qo‘llanilgan.
XIX asrning oxirlarida ko‘plab davlatlarning pochta xizmatlari velosipeddan foydalanishni boshlaganlar. Xususan, Britaniya pochtasi 1880 yillardan velosipedlarni ishga solgan. Buyuk Britaniyada velosiped haydaydigan pochtachilarning umumiy soni 37 000 kishi, Germaniyada – 27 500, Vengriyada – 10 500 kishini tashkil qilgan.
Bugungi kunga kelib esa, velosipedlar ommalashib, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida aholining sevimli transport vositasiga aylanib ulgurdi. Ular avtomobillar va jamoat transportlariga qaraganda ko‘plab afzalliklarga ega.
Faoliyatini AQShda yurituvchi polshalik sotsiolog, professor Leshek Sibilskiy Jahon velosiped kunini belgilash bo‘yicha BMT rezolyusiyasini ilgari surish uchun o‘zining sotsiologiya sinfi faollari bilan hamorlikda ommaviy kampaniyalar o‘tkazib kelgan. Sa’y-harakatlar ijobiy natijalar berib, 2018 yilning aprel oyida Turkmaniston tashabbusi va 56 ta boshqa davlatlarning xayrihoxligida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 3 iyunni Jahon velosiped kuni sifatida belgilash haqidagi rezolyusiya qabul qilindi.
Rezolyusiyada Bosh Assambleya barcha davlatlarni velosipedni ommalashtirishga chaqirib, boshqaruvga oson, arzon, ishonchli va ekologik toza mazkur harakat vositasi insonning ruhiy-jismoniy salomatligini mustahkamlashini ta’kidlagan.
3 iyun – Jahon velosiped kunining original logotipi Isaak Feld tomonidan yaratilgan bo‘lib, unda dunyo bo‘ylab velosiped haydayotgan turli insonlar tasvirlangan. Uning pastki qismida #June3WorldBicycleDay xeshtegi bor. Logotipning asosiy mazmuni velosiped butun insoniyatga tegishli ekani va unga xizmat qilishini ko‘rsatishdan iborat.
Albatta, Jahon velosiped kunida dunyodagi barcha insonlar zavq olishi kerak. Velosiped taraqqiyot ramzidir va unda insoniyat chidamliligi, hurmati va hamjihatligi, ijtimoiy integratsiya va dunyo madaniyatining taraqqiyoti namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari velosiped insonga xush kayfiyat ulashuvchi barqaror transport vositasi bo‘lib, ishlab chiqarish va foydalanish uchun qulay, kamxarj transport vositasidir. Eng muhimi, ekologik toza va atrof-muhitga salbiy ta’siri yo‘q.
Bugungi kunda Jahon velosiped kuni I va II guruh qandli diabet kasali bilan og‘rigan insonlar uchun sog‘lom tushmush tarzi sifatida tashviqot qilinadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, umurtqa kasalliklari, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar, immunitet zaiflashishi, ortiqcha vazn, surunkali charchash singari bir qator xastaliklarning paydo bo‘lishiga aynan kamharakatlik zamin yaratar ekan.
Velosipedlar atrof-muhit uchun beziyon, uni haydash insondan jismoniy kuch talab qiladi. Serharakatlik insonlarda keyinchalik uchraydigan turli xil xastaliklarning oldini oladi. Jamiyatda velosiped haydashni targ‘ib etish orqali sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish mumkin.
Velosiped haydashning foydali jihatlari
Qon aylanishini yaxshilaydi
Pedallarni bosar ekansiz, yuragingiz tezroq urishi va ko‘proq qon haydashini ta’minlaysiz. Velo-sayrlarni tez-tez uyushtirib tursangiz, yurak mushaklari zo‘riqishga moslashadi. Yurak qisqarishlari chastotasi optimallashadi, tomirlarda qon quyulmaydi. Demak, tromblar va varikoz shakllanishi xavfi kamayadi.
Muskullar cho‘zilishiga yordam beradi
Oyoq, bo‘ksa va qorin mushaklarining intensiv faoliyati yirik muskul massasi hosil bo‘lishi, ammo qorinning tortilishi va oyoqlarning chiroyli bo‘lishini ta’minlaydi.
Ko‘rish o‘tkirligini mustahkamlaydi
Nigohni uzoqqa qaratish va shu bilan birga g‘ildiraklarga ham nazar solish zarurati – ko‘z muskullari uchun ajoyib badantarbiyadir, ayniqsa, kun davomida kompyuter qarshisida o‘tiradiganlar uchun.
Kislorod bilan to‘yintiradi
Velosiped haydaganda o‘pkalarda faol ventilyatsiya yuz beradi: ular kislorod bilan to‘yinadi va zararli moddalardan tozalanadi.
Ozishga yordam beradi
Hattoki shoshilmay velosiped haydash ham soatiga 200 kkal sarflashga imkon beradi. Boshqa jismoniy faoliyatlarga nisbatan kamroq charchaysiz ham.
Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti hamda London Qirollik kolleji olimlari o‘tkazgan tajribaga ko‘ra, velosipedda sayr qilish – qarish jarayonini sekinlashtirar ekan.
Tajriba natijasida aniqlanishicha, jismoniy faol kishilar yosh o‘tishi bilan mushaklar vazni va jismoniy kuchlarini yo‘qotmagan, ularning qonida esa xolesterin va yog‘ kam, erkaklar uchun eng muhim gormon bo‘lgan – testosteron esa ko‘p miqdorda saqlanib qolgan.
London Qirollik kolleji professori Stivena Xarrijning aytishicha, “Ushbu kishilarning tanasi optimal qarigan, ya’ni odatda kam jismoniy harakatlanish oqibatida kelib chiqadigan muammolardan xoli”.
O‘zbekistonda 3 iyun – Jahon velosiped kuni sifatida ilk bor 2018 yilda nishonlangan. Shu munosabat bilan 2018 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan 4,5 km masofani o‘z ichiga olgan velomarafonda diplomatik idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari, professional sportchilar va havaskor velosipedchilar ishtirok etgan. Shundan beri Jahon velosiped kuni har yili muntazam nishonlanadi.
Bugungi kunda respublikamizda velosipeddan foydalanuvchilar soni tobora ko‘payib boryapti. Davlatimiz tomonidan aholi ekologik foydali transport vositalaridan foydalanishga targ‘ib qilinib, qulayliklar yaratish maqsadida velosiped yo‘laklari va turargohlari tashkil etilmoqda.
Sog‘lom, tetik va baquvvat bo‘lishni xohlagan insonlarni respublikamizning turli hududlarida velosport bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqa va sog‘lomlashtirish marafonlarida faol qatnashishga chaqiramiz.
Azamat JUMANIYaZOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas’ul kotibi
- Qo'shildi: 02.06.2022
- Ko'rishlar: 5331
- Chop etish