KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNI DAVRNING O‘ZI TAQOZO ETMOQDA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kitobida demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi yanada jiddiy vazifalar qo‘yilgan. Ular qonunchilik hamda huquqni anglash va qo‘llash tizimini, jamiyatning siyosiy-huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltiradi. Yangi O‘zbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Avvalo, bu “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishga tegishlidir. Bunda inson qadri — mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklari, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sog‘lom ekologik muhit ta’minlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bos’qichma-bos’qich yaratilishini anglatadi.

Joriy yilning 20 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi.

Ushbu dolzarb masala shu yil 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va xuquq institutida faoliyat yuritayotgan huquqshunos olimlari ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi.

 

EKSPERTLAR FIKRI

 Murod TURG‘UNOV, yuridik fanlar doktori:

— Bosh qomusimiz tarkibiy tuzilishiga nazar solsak, bunda davlat, inson va fuqarolar, jamiyat va shaxsning huquqiy maqomi, o‘zaro munosabatlari borasidagi tegishli huquqiy asoslarni ko‘rish mumkin. Ayni paytda bunda jamoat birlashmalari, oila va ommaviy axborot vositalari mavqeyi va faoliyati bo‘yicha huquqiy tartibga solish konstruksiyalari ham yaqqol aks ettirilgan. Zero, inson, fuqaro va shaxs ongli biologik mavjudot sifatida ijtimoiy munosabatlarning asosiy ishtirokchisi xisoblanadi.

Ijtimoiy munosabatlarning jadal rivojlanishi natijasi o‘laroq, endilikda ijtimoiy-siyosiy xayot “davlat — jamiyat — inson” paradigmasidan “inson — jamiyat—davlat” paradigmasiga o‘zgarmoqda.

Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida “Biz o‘n yillar, asrlar davomida amal qilib kelingan “davlat — jamiyat — inson” tamoyilini “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga o‘zgartirdik. Yurtimizda “Davlat — inson uchun” g‘oyasi amal qila boshladi", deya qayd etgandi. Ushbu dasturilamal qoida davlat rahbarining “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining 13-bandida ham o‘z ifodasini topdi. Unda nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlarining “Davlat — inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida Konstitutsiyaning 13-moddasi birinchi qismini quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirish taklif etiladi: “Davlat siyosati xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qiladi degan prinsipga asoslanadi”.

 

Omonboy OKYuLOV, yuridik fanlar doktori, professor:

— Yangi O‘zbekiston huquqiy asoslari ham sifat jihatidan yaxshilanmog‘i lozim. Bu davlatning asosiy qonuni bo‘lgan Konstitutsiyamizga ham taalluqli. Shavkat Mirziyoev yangi muddatga lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlis yig‘ilishida ta’kidlaganidek, bugungi kunda hayotning o‘zi islohotlarimiz mantig‘i talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surildi. Bu ham bo‘lsa, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat.

Konstitutsiya ko‘p millatli davlat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qomusi hisoblanadi. Uning matni o‘zbek, rus va ingliz tillarida rasmiy autentik kuchga ega bo‘lmog‘i lozim. Qonunchilik texnikasi nuqtai nazaridan rus va o‘zbek matnlarida aniq va qatiy bir xillik ta’minlanishi shart.

Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning 38-moddasi o‘zbekcha va ruscha matni bir xilligini ta’minlash maqsadida qayta tahrirga muhtoj. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida unga alohida e’tibor qaratish lozim.

Umuman, yuqoridagi fikr-mulohazalarning ayrim qirralari bahsli xarakterga ega bo‘lishi istisno etilmaydi. Biroq, eng muhimi, ular muhokama mavzusi bo‘lishi lozim. Konstitutsiyaviy islohotlar keng umumxalq muhokamasi ishtirokida amalga oshirilishi tabiiy. Shu sababli ham har birimiz bu sohada faol bo‘lishimiz, chuqur fikr yuritishimiz va o‘z nuqtai nazarimizni ishlab chiqishimiz kerak bo‘ladi.

 

Jo‘raboy TOSHQULOV, yuridik fanlar doktori, professor:

— Jahonda, mintaqamizdagi so‘nggi chorak asrda yuz bergan ijobiy va salbiy o‘zgarishlarni, shu davrda mamlakatimizda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni, konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha milliy va xorijiy tajribani hisobga olib, yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda kuyidagilarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq:

  • O‘zbekiston Respublikasining yaqin va uzoq kelajaqdagi maqsad va vazifalarini aniq qilib belgilash;
  • hozirgi qaltis va murakkab xalqaro hamda mintaqaviy siyosiy vaziyatni va xavfsizlikka yangi taxdidlarni hisobga olib, respublikamiz suverenitetini mustahkamlash, mudofaa qudratini oshirish, chegaralar daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashning zamon talabiga javob beradigan, ishonchli tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish va uni takomillashtirish;
  • hokimiyatning uch tarmog‘i tengligi, bir-birining faoliyatiga aralashishning oldini olish, bir- birini tiyib turishning amalda ro‘yobga chiqish mexanizmini aks ettirish;
  • inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli ta’minlashning amaldagi tashkiliy-huquqiy mexanizmini so‘nggi chorak asrda qabul qilingan sohaga oid xalqaro-huquqiy hujjatlar talablari va rivojlangan davlatlar tajribasini hisobga olib, mazmunan boyitish.

 

Mirodil BARATOV, yuridik fanlar doktori, professor:

— O‘zbekiston Konstitusiyasining 55-moddasiga binoan yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Konstigutsiya va Yer kodeksi yerga nisbatan davlatning mutlaq mulk huquqini o‘rnatadi hamda fuqarolar va yuridik shaxslarga esa yerga nisbatan ashyoviy huquqlarni belgilaydi. Yer kodeksi 17-moddasiga muvofiq, yuridik shaxslar doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishlari lozim, jismoniy shaxslar esa, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishlari mumkin.

Voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun vaziyat mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlar barobarida tubdan o‘zgardi. Yerga nisbatan xususiy mulkchilikning belgilanishi, yuqorida aytganimizdek, rivojlangan bozor sharoitining zarur shartlaridan biri (investitsiyaviy jozibadorlik vositasi, yerlardan maqsadga muvofiq va samarali foydalanish nuqtai nazaridan) sifatida amalga oshirilishi mumkin.

Shu munosabat bilan yerga nisbatan xususiy mulk huquqining joriy etilishi konstitutsiyaviy islohotlar fonida sekin-astalik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jarayon, degan xulosaga kelish mumkin.

 

Odiljon SULAYMONOV, yuridik fanlar doktori, dotsent:

— Asosiy Qonunimizning IV bobi 7-moddasida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ekti sifatida uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan taxdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa qoida va normalariga asoslanishi belgilangan.

Qolaversa, respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga, boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkinligi ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu moddada umume’tirof etilgan xalqaro huquq prinsiplaridan faqatgina beshtasi sanab o‘tilmoqda va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi, deb boshqa xalqaro huquq prinsiplariga havola berilmoqda. Zamonaviy konstitutsiyalarda esa imkon qadar havola berish amaliyotidan voz kechish ayni muddaodir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 17-moddani xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan quyidagi prinsiplari bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq:

  • xalqaro huquqqa oid majburiyatlarni vijdonan bajarish;
  • davlatlarning hududiy yaxlitligi;
  • xalqlarning teng huquqliligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilash;
  • davlatlarning o‘zaro hamkorlik qilish;
  • inson huquq va asosiy erkinliklarini hurmat qilish;
  • davlatlar chegaralarining buzilmasligi.

 

Haydarali YUNUSOV, yuridik fanlar nomzodi, dotsent:

— So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat va jamiyat boshqaruvi, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ekologik xavfsizlik, so‘z erkinligi, ochiq jamiyat qurish sohasida olib borilayotgan siyosat va tobora chuqurlashib borayotgan global jarayonlar, tabiiyki, tizimli islohotlar va ularning huquqiy negizlarini takomillashtirishni talab etadi. Shu bois milliy-huquqiy tizim “xamirturushi” bo‘lgan Konstitutsiya islohotlarning birinchi halqasidan joy oladi.

Konstitutsiyamizning 7 ta modsasi va ulardagi 13 ta band bevosita tashqi siyosat masalalariga bag‘ishlangan. Bular — 1-modda, 17-modda, 78-modda (4, 20-bandlar), 80-modda (8-band), 93-modda (O‘zbekiston Respublikasi Prezsdenti vakolatlari, 3-7-bandlar), 98-modda (Bosh vazir vakolatlari, 3-band), 109-modda (1,2-bandlar)lardir. Nazarimizda, mavjud konstitutsiyaviy normalar keng qamrovli tashqi siyosat yuritish uchun yetarli emas.

Bundan tashqari, Asosiy Qonunimizda xalqaro shartnomalarga oid alohida normalar mavjud emas. Xorijiy tajribaga nazar solsak, 1958 yil 4 oktyabrda qabul qilingan va hozirgi kunda amal qilib kelayotgan Fransiya Konstitutsiyasida “Xalqaro shartnomalar va bitimlar to‘g‘risida” deb nomlanuvchi alohida bo‘lim mavjud bo‘lib, uning 52 — 55-moddalarida xalqaro shartnomalar turlari, muzokara olib borish, shartnomalarni ratifikatsiya qilish, kuchga kiritish tartibi bayon etilgan.

Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, Asosiy Qonunimizning tashqi siyosatga oid normalarini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadsa IV bobni yangi moddalar bilan boyitish, unga respublikaning xalqaro shartnomalari va bitimlar to‘g‘risidagi qoidalarni qo‘shish foydadan xoli emas.

 

Qaxramon UMIDULLAEV, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori:

— Taraqqiyotning hozirgi bosqichida ko‘plab davlatlarda islohotlarning asosiy maqsadi davlat organlari faoliyati samaradorligini ta’minlashga qaratilgan va bu o‘zgarishlar qonun hujjatlarida o‘z aksini topmoqda.

Ayrim davlatlar Konstitutsiyasida davlat boshqaruvi organlari samarali faoliyat yuritishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Masalan, Ispaniya Konstitutsiyasining 103-moddasida davlat boshqaruvi organlari umumiy manfaatlarga xolis xizmat qilishi, samaralilik tamoyillariga muvofiq ishlashi belgilangan.

Fikrimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining V bobi Umumiy qoidalar bo‘limi “Davlat organlari va xizmatchilari samarali faoliyat yuritishi lozim” degan yangi modda bilan to‘ldirilishi ular faoliyati samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Laviza IS’HOQOVA, yuridik fanlar nomzodi:

— Bugungi kunda O‘zbekiston davlat boshqaruvini raqamlashtirish va ijtimoiy hayotning barcha sohasini huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq chinakam sivilizatsiya pog‘onasini boshdan kechirmoqda. Yurtimiz tizimli va axborotlashgan jamiyat sari dadil odimlamoqda.

Prezident Shavkat  Mirziyoyev tomonidan 2020 yil oktyabr oyida “Digital Uzbekistan — 2030” Strategiyasi tasdiqlandi. Unda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora- tadbirlarni amalga oshirish, barcha tarmoq va sohalarga, birinchi navbatda, jamoat transporti, ma’muriyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish belgilangan.

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish ularni huquqiy tartibga solishdan oldinda yuradi va ularni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishi mumkin hamda bu ularni milliy va xalqaro huquqiy darajada tartibga solishni talab qiladi. Axborotni uzatish, qayta ishlash usullarini ishlab chiqish turli xil qonun hujjatlarida, xalqaro tashkilotlar elektron strategiyalarida va hujjatlarida qo‘llaniladigan va ularni birlashtirish hamda turli xil huquqiy hujjatlarda qarama-qarshi ishlatilishining oldini olishni talab qiladigan yangi atamalar va tushunchalarning paydo bo‘lishiga ta’sir qiladi.

O‘zbekistonda axborot jamiyatini shakllantirishga bo‘lgan eng muhim yondashuvlar va jamiyatning turli sohalarida raqamlashtirishni joriy qilishning asosiy tamoyillarini Konstitutsiyada aks ettirish vaqti keldi.

Konstitutsiyamizning 16-moddasini quyidagi qoida bilan to‘ldirishni taklif qilamiz: “axborot jamiyatini shakllantirish va raqamli texnologiyalardan foydalanish shaxsiy va jamoat manfaatlariga zarar yetkazmasligi kerak”.

«Xalq so‘zi».

 

Powered by GSpeech