TOShKENT, 7 iyun. /«Dunyo» AA/. Bugun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazida «Inson huquqlari sohasida ta’lim: O‘zbekiston va Turkiya tajribasi» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ikki mamlakat o‘rtasida inson huquqlari ta’limi sohasida o‘zaro tajriba almashishga bag‘ishlangan ushbu tadbir Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich davra suhbati ishtirokchilarini qutladilar.
Anjumanda Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti Kengashi a’zosi Xarun Mertoglu «Parij prinsiplari doirasidagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar», Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboev, Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Muzaffar Mamasiddiqov, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Gavhar Yo‘ldosheva ma’ruza bilan ishtirok etdilar. Ularda inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik va institutlar faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Ma’ruzachilar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ta’lim milliy dasturi ishlab chiqilayotgani, prokuratura va oliy ta’lim tizimlarida inson huquqlari ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldilar.
Davra suhbati yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi bilan Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o‘rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Turkiya Inson huquqlari va tenlik instituti raisi Muharrem Qilich agentlik muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etdi.
- Inson huquqlari va tenglik instituti delegatsiyasi O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turganidan mamnunmiz, - dedi u. - Tashrif doirasida o‘tkazilgan anjuman Turkiya va O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va ushbu yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatini taqdim etdi. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi va Turkiya Inson huquqlari va tenlik instituti o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Ushbu bitim Milliy markaz va institut o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish borasida qo‘shma hamkorlik tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutadi.
Kezi kelganda qayd etish joizki, ikki davlat Prizedentlarining siyosiy irodasi tufayli barcha sohalarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi hamkorlik ham bundan mustasno emas, albatta. Ushbu yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida idoralararo «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldik. Memorandumda belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etish ishlarini tez kunlarda boshlab yuborishni rejalashtiryapmiz. Bugungi tadbir ham o‘zaro kelishuvimiz doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Bundan tashqari, biz oktyabr oyida qadimiy Samarqand shahrida o‘tkaziladigan xalqaro forumda ishtirok etish uchun taklif oldik. Va biz mazkur xalqaro forumda ishtirok etishimizni tasdiqladik. O‘z navbatida, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti tomonidan 29-30 iyun kunlari Ankarada o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sammitda O‘zbekiston tomonini taklif etdik. Biz inson huquqlari instituti sifatida kamsitilish va gender tenglik bo‘yicha murojaatlarni qabul qilamiz va ushbu ikki masala bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldik.
Men butun dunyodagi inson huquqlarini himoya qiladigan tashkilot, institut va markazlar faoliyatini diqqat bilan kuzatib boraman. Aytishim mumkinki, ular orasida O‘zbekiston Inson huquqlari Milliy markazining faoliyati alohida e’tirofga loyiqdir. Markaz milliy va xalqaro forumlarda doimo faol ishtirok etib keladi va O‘zbekiston nomidan dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. Bu orqali O‘zbekiston butun dunyoda inson huquqlarini ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda.
Yurtingizda aholi, xususan, yoshlarning ta’lim olish huquqini ta’minlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga tadbiq etilmoqda. Biz bu jarayonni ham yaqindan kuzatib borayotirmiz. Yana bir jihat: O‘zbekistonda inson huquqlari bilan shug‘ullanadigan akademik Akmal Saidov rahbarligida juda katta soha darg‘alari bor. O‘zbekiston vakillarining inson huquqlari va tenglik prinsiplarini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini chuqur o‘rganib, institutimiz ish jarayonida tadbiq etish niyatlarimiz ham yo‘q emas.
- Qo'shildi: 07.06.2022
- Ko'rishlar: 3510
- Chop etish