INSON HUQUQLARI SOHASIDA TA’LIM: O‘ZBEKISTON VA TURKIYA TAJRIBASI

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida inson huquqlari ta’limi sohasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning tegishli ilm-fan muassasalari vakillari bilan bir qatorda Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti olimlari ham ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yaratmasdan turib huquqiy demokratik davlat barpo etish mushkul. Shu bois, mamlakatimizdagi demokratik islohotlar jarayonida bu masalaga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shilgan. Bu hujjatlar orqali zimmaga olingan majburiyatlar izchil bajarilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasida nafaqat milliy loyihalarni amalga oshirish, balki insoniyatning kelgusi taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, joriy yilda mamlakatimizda “Inson huquqlari sohasida ta’lim” global forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishning dolzarb muam­molari va vazifalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Kechagi davra suhbati bu tadbirga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan muhim loyihalardan biridir.

Tadbirda mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha milliy ins­titutlar, tegishli ta’lim va ilm-fan muassasalari tomonidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tegishli davlat va nodavlat tashkilotlarning inson huquqlari sohasida bilim va malakasini yuksaltirish, bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish borasida izchil ish olib bormoqda. Markazda Markaziy Osiyo­da yagona ixtisoslashtirilgan inson huquqlari bo‘yicha ommaviy kutubxona faoliyat yuritadi. Mazkur kutubxona inson huquqlariga doir o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etilgan boy kitob fondiga ega.

Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Res­publikasi Milliy markazi va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

— So‘nggi yillarda davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi, — dedi Turkiya­ning Inson huquqlari va teng­lik ins­tituti raisi Muharram ­Qilich. — Yurtingizga tashrifdan maqsadimiz davlatlarimiz o‘rtasidagi ana shunday munosabatlar rivojiga munosib ulush qo‘shishdir. Tashrifimiz qizg‘in muloqotlarga boy bo‘ldi. Inson huquqlari ta’limi sohasida milliy va jahon tajribasi bo‘yicha har tomonlama fikr almashdik, o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladik. Ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-­amaliy aloqalarimiz nafaqat milliy, global ahamiyatga molik muhim masalalarga oqilona yechim topishda ham o‘z samarasini beradi, deya ishonch bilan ayta olamiz.

Davra suhbatida O‘zbekiston Res­publikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti, Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik institutining inson huquqlari ta’limi yo‘nalishidagi faoliyatiga oid ma’ruzalar tinglandi. Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ta’lim milliy dasturini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikrlashildi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Powered by GSpeech