O‘zA avval xabar berganidek, Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Shanxay hamkorlik tashkiloti: Markaziy Osiyodan Yevroosiyoga” mavzusida SHHT Xartiyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Muxbirlarimiz anjuman ishtirokchilari – xorijiy ekspertlar fikrini yozib oldi.
Ahmad SAIDMURODZODA, Tojikiston Respublikasining SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori:
– O‘tgan yil Dushanbeda Tojikiston raisligi doirasida SHHT oilasi kengayishining ikkinchi to‘lqini boshlangan edi. Qizg‘in jarayon natijasi rahbariyat tomonidan yangi muloqot bo‘yicha yana uch hamkor – Saudiya Arabistoni, Misr, Qatarga oid ijobiy kelishuvda aks etdi.
Ayni payt O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida Eron Islom Respublikasini tuzilmaga qabul qilish bo‘yicha muhim qaror amalga oshirish ustida ishlayapmiz. Bu yo‘lda yetarli muvaffaqiyatga erishdik. Ya’ni, Samarqandda Eronning SHHTga a’zo davlat sifatida majburiyatlarini belgilaydigan hujjat imzolanishi kutilyapti.
Eron bir necha bosqichda muayyan chora-tadbirlar amalga oshirishni zimmasiga oladi. Birinchi navbatda SHHT doirasida amal qiladigan barcha xalqaro shartnoma, bitimlarga qo‘shiladi.
Tegishli hujjatlarning kuchga kirish tartibi tasdiqlangan. Samarqandda Memorandum imzolangandan keyin, Hindistondagi sammitda yetakchilar Eronga SHHT a’zosi maqomini berish bo‘yicha qarorni tasliqlashlari lozim.
Tashkilotimizda ochiqlik tamoyili saqlanib qolgan. Shunga mos ravishda SHHTga boshqa davlat va tashkilotlar tomonidan qiziqish tobora ortmoqda. Hozir hamkor yoki kuzatuvchi maqomini olish uchun 15 dan ortiq ariza mavjud.
Masalan, muloqot bo‘yicha hamkorlikka birinchi navbatda yana bir arab davlati – Bahrayndan tushgan so‘rov ko‘rib chiqiladi. Ushbu mamlakat bo‘yicha konsensus allaqachon topilgan, Bahrayn Qirolligiga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish to‘g‘risidagi qaror tayyorlanmoqda. Shuningdek, kun tartibida bo‘lajak kuzatuvchilar – Ozarbayjon, Armaniston, muloqot bo‘yicha hamkor sifatida Maldiv masalasi bor.
Demak, Samarqand sammiti yakuni bo‘yicha umumiy fikrga kelinsa, kengayishning uchinchi to‘lqini paydo bo‘ladi.
Yana bir jihatni ta’kidlashim kerak, O‘zbekiston SHHT maydonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shmoqda. Bu holat, eng avvalo, mamlakat Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan strategik g‘oya, amaliy sa’y-harakatlar samarasidir.
Ayni payt tuzilma doirasida yana bir juda jiddiy hujjat – transport tizimini o‘zaro bog‘lash strategiyasi ishlab chiqilib, hujjatni tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilyapti. Bundan tashqari O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasi, energetika va koronavirus oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ham turli tashabbuslarni taklif qilmoqda.
Kazibek KOCHKONOV, Qirg‘iz Respublikasining SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori:
– Bu galgi yig‘ilishimiz SHHTning aosiy hujjatlaridan biri - Xartiyaning 20 yilligiga bag‘ishlandi. Muloqot, munozaralar davomida ko‘plab pishib yetilgan masalalar muhokama qilindi. Masalan, tashkilotning tarkibiy tuzilmasi, Xartiyaga o‘zgarish kiritish va boshqa turli mavzular ko‘rib chiqildi. Bir so‘z bilan aytganda, konferensiya faoliyatimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Turli-tuman fikrlar aytildi, qarashlar rang-barangligi esa oqilona, to‘g‘ri va aniq qaror chiqarish, kun tartibiga qo‘yilgan muayyan masala bo‘yicha aynan maqsadga muvofiq yo‘lni tanlashda yordam berdi. Shu nuqtai nazardan universal hujjat - Xartiya istiqbolli kelajak uchun xizmat qilmoqda. Endilikda SHHTga butun dunyo qiziqmoqda, juda ko‘p davlatlar tiarkibimizga qo‘shilish istagini bildirishmoqda. Biz esa har bir mamlakat arizasini alohida, sinchiklab o‘rganyapmiz.
B.Xudoyberdiyev, U.Mahmirzayev, N.Haydarov (surat) tayyorladi.
- Qo'shildi: 20.06.2022
- Ko'rishlar: 3460
- Chop etish