Bugun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Nogironlar huquqi dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida aks etishi” mavzusida xalqaro jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Yuqori darajadagi anjuman Oliy Majlis deputatlari, tegishli idoralar, akademik hamjamiyat, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari, mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida o‘tdi.
Tadbirda aholining zaif qatlam vakillari huquqini ta’minlash va himoya qilish sohasidagi milliy va xalqaro tajribani o‘rganish, nogironlar huquqini kafolatlovchi tamoyillarning dunyo Konstitutsiyalarida aks ettirilishi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Deputatlar va xorijiy ekspertlar sohaga oid qator taklif va tashabbuslarini bildirdi.
– Ushbu siyosiy islohotlar jarayonida BMTning maqsadi – O‘zbekiston hukumati va konstitutsiyaviy komissiyaga ilg‘or tajribalarni taqdim etish, – dedi BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi, BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Muhokamalar shaffofligi va inklyuziv jarayonga ega bo‘lish har qachongidan muhim. Konstitutsiya yuzasidan 80 mingdan ziyod fikrlar va tavsiyalar kelib tushgani sohada tub burilish yuz berayotganidan dalolat.
Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilini amalga oshirish, aholining yordamga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, huquq va erkinliklarini ta’minlash har qachongidan muhim ekani qayd etildi.
Muloqot chog‘ida nogironlik tufayli kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, jismoniy zaiflikni erta aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning kasbiy tayyorgarligi va bandligini ta’minlashni tubdan yaxshilash borasidagi ishlar jadallashayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Mamlakatimiz Osiyo-Tinch okeani mintaqasida nogironlarning asl huquqlarini ta’minlash bo‘yicha Inchxon strategiyasiga qo‘shildi. Ikkita – “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida” gi hamda “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy zaif toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Uchrashuv ekspertlar taqdimoti, jumladan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini Konstitutsiyaviy himoya qilish”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini kafolatlaydigan xalqaro standartlar va tamoyillar”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi qoidalarni kiritish bo‘yicha takliflar” va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid xalqaro standartlar” mavzusidagi munozara bilan yakunlandi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 21.07.2022
- Ko'rishlar: 4649
- Chop etish