Poytaxtimizda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT hamda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institut tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Loyihalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi idorasi bilan birgalikda “Nogironlar huquqlarining dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida aks ettirilishi” mavzuida xalqaro jamoatchilik eshituvi uyushtirildi.
Aholining zaif qatlamlari huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasidagi milliy hamda xalqaro tajribani o‘rganish, nogironligi bo‘lganlar huquqlarini kafolatlovchi tamoyillarning dunyo konstitutsiyalarida aks ettirilishi, shuningdek, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish jamoatchilik eshituvining asosiy maqsadi bo‘ldi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda joylardagi vakolatli hokimiyat organlari, tegishli davlat idoralari, akademik hamjamiyat, ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, Toshkent shaxrida faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
E’tirof qilinganidek, yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilini amalga oshirish, aholining yordamga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, nogironligi borligi tufayli kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlikni erta aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lganlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning kasbiy tayyorgarligi hamda bandligini ta’minlashni tubdan yaxshilash borasidagi ishlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi besh yil ichida davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyami (NHK) ratifikatsiya qildi, mamlakatimiz Osiyo — Tinch okeani mintaqasida nogironlarning asl huquqlarini ta’minlash bo‘yicha Inchxon strategiyasiga qo‘shildi, ikkita yangi — “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi hamda “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy zaif toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Mazkur qonun hujjatlari inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda aks ettirilgan nogironligi bo‘lganlarning huquqlarini ta’minlashga oid asosiy tamoyillarni o‘zida mujassam etadi.
Mamlakatimizda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish doirasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ishlab chiqilib, hayotga tatbik etilyapti. Unda nogironligi bo‘lganlar huquqlarini ta’minlashga doir maqsad va vazifalar ham o‘z aksini topgan. Shuningdek, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda. Bu boradagi aniq maqsadli vazifalar belgilab olindi va hal qilinmoqda.
Ular ta’lim muassasalari sharoitlarini imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlarini hisobga oladigan darajada yaxshilash orqali nogironligi bo‘lganlar uchun barcha darajadagi ta’lim va kasbiy-texnik tayyorgarlikdan teng foydalanish imkoniyatini, barcha uchun xavfsiz hamda samarali o‘qitish muhitini ta’minlash, xotin-qizlar va erkaklarni, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lganlarni Barqaror va samarali ish bilan band etish hamda munosib ish, shuningdek, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi to‘lanishini ta’minlash, nogironligi borligidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Nogironligi bo‘lganlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab- quvvatlashning institutsional asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga yangi yondashuvlarni jalb qilish maqsadida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Nogironlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Keksalar, nogironligi bo‘lganlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarining avtomatlashtirilgan yagona elektron reestri tizimi yaratildi.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari bugungi kunda nogironligi bo‘lganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish 200 dan ortiq normative huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinayotganligini ta’kidladi.
Biroq amaldagi Konstitutsiyada nogironligi bo‘lganlar yoki imkoniyati cheklangan shaxslar haqida so‘z yuritilmagan. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ushbu sohaga taalluqli bir qator yangi bandlar kiritildi.
Mazkur yangilanishlarning birinchi guruhi Konstitutsiyaning muqaddimasida o‘z ifodasini topgan hamda ular: O‘zbekiston yagona xalqining inson huquq va erkinliklariga, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqdigini mustahkamlash, har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari haqida g‘amxo‘rlik qiladigan insonparvar va ijtimoiy davlatni barpo etish hamda mustahkamlashga intilishni aks ettiradi.
Ikkinchi guruh Konstitutsiyaning 13 va 18-moddalaridagi normalardan iborat bo‘lib, unda insonning sha’ni hamda qadr-qimmatini, uning huquq va erkinliklarini hurmat qilish, unga rioya etish, himoya qilishga davlatning mas’ul ekanligi, inson qadr- qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmas hamda har bir insonga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekanligi qayd etiladi.
Yangilanishlarning uchinchi guruhi Konstitutsiyaning 39-moddasiga kiritilgan:
— har bir shaxs keksayganda, ishga yaroqsiz bo‘lganda, ishsizlik, nogironlik, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan holatlarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega;
— davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, davlat pensiyalari, nafaqalari va boshqa ijtimoiy yordam turlarini belgilaydi. Shu bilan birga, pensiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy yordam turlari rasmiy ravishda belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan past bo‘lishi mumkin emas;
— davlat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, yaxshi uy-joy sharoitlariga muhtoj fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlaydi, nogironligi bo‘lganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan teng sharoitlarni yaratadi;
— nogironligi bo‘lganlarga nisbatan har qanday yakkalash, ajratish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish, shuningdek, nogironligi bo‘lganlarga ob’ektlar va xizmatlardan foydalanish uchun sharoit yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi.
To‘rtinchi guruh Konstitutsiyaning 40-moddasi normalarida o‘z aksini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, har bir inson sog‘liqni saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish hamda fuqarolar qonunda belgilangan hajmda kafolatlangan bepul tibbiy yordam, shuningdek, tez yordam va shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.
Beshinchi guruh Konstitutsiyaning 41 va 45-moddalarida ko‘rsatilgan huquqlar bilan bog‘liq. Ya’ni:
— maxsus ta’lim ga ehtiyojmand va individual imkoniyatlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etiladi;
— davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarining hayot sifatini yaxshilashga, boshqa fuqarolar bilan jamoat va davlat hayotida teng ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishga va asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.
Oltinchi guruh esa Hukumatning majburiyatlarini mustahkamlaydi (Konstitutsiyaning 98-moddasi):
— ijtimoiy himoya, shu jumladan, nogironligi bo‘lganlarni himoyalash tizimining faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
— fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan, jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ijrosidagi ishtirokini, ijtimoiy sheriklik dasturlarini amalga oshirishni ta’minlaydi.
Xalqaro eshituv ishtirokchilari tomonidan jahon davlatlarining konstitutsiyaviy rivojlanishini o‘rganishga asoslangan tahlillarga tayangan holda qayd etildiki, dunyo mamlakatlari orasida o‘z Konstitutsiyasiga nogironligi bo‘lganlar tengligi to‘g‘risidagi qoidani kiritgan birinchi mamlakat Kanada bo‘lib, unda: “Har bir shaxs hech qanday kamsitishsiz, shu jumladan, irqi, millati, dini, jinsi, yoshi, aqliy yoki jismoniy nuqsonlaridan qat’i nazar, qonun oldida tengdir”, deyiladi.
Germaniyaning Asosiy qonunida ham xuddi shu mazmundagi norma mustahkamlab qo‘yilgan: “Hech bir inson nogironligi sababli kamsitilishi mumkin emas”. Qonunga ko‘ra, har bir fuqaro “reabilitatsiya qilish va odatiy hayot tarziga integratsiyalashish huquqiga ega”, mamlakatning Asosiy qonuni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarining nafaqat federal darajadagi, balki barcha mahalliy federal yerlar hamda jamoalar doirasidagi quyi darajalari, shuningdek, turli jamoat idoralari va muassasalari zimmasiga barcha toifadagi nogironligi bo‘lganlarni “imkon qadar odatiy hayot tarziga kiritish, integrasiyalash” bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish mas’uliyatini yuklaydi.
Nogironligi bo‘lganlarning huquqlari Vengriya Konstitutsiyasida ham o‘z aksini topgan: “Vengriya har kimga kamsitishlarsiz, xususan, irqi, tanasining rangi, jinsi, nogironligi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tug‘ilishi yoki boshqa biror maqomidan qat’i nazar, asosiy huquqlarni kafolatlaydi. Davlatning “alohida chora-tadbirlar orqali oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar va nogironlar himoyasini ta’minlashi” ko‘rsatilgan.
Dunyo mamlakatlari konstitusiyalarini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularda ham nogironligi bo‘lgan har qanday shaxsning barcha joyga kirishi, jamoat transportidan va ma’lumotlardan oqilona foydalanishi; imo-ishoralar tili, Brayl alifbosi yoki boshqa tegishli aloqa vositalaridan foydalanishi; shaxsning nogironligi bilan bog‘liq zarur materiallar, moddalar va qurilmalarga ega bo‘lishi, shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan har qanday shaxsning jamiyat hayotidagi to‘laqonli ishtirokini va o‘z huquqlaridan samarali foydalanishini ta’minlash uchun binolarda, infratuzilma ob’ektlarida, transport vositalarida maxsus moslashtirish uskuna va moslamalarini qo‘llash, oqilona mehnat sharoitlari, mehnat qoidalari, amaliyoti yoki muolajalaridan foydalanish huquqi mustahkamlangan.
Milliy va xalqaro konstitusiyaviy-huquqiy rivojlanish qonuniyatlarini hisobga olgan holda, xalqaro eshituv ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga quyidagi normalarni kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildilar:
- Hech kimning nogironligi tufayli kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Davlat barcha fuqarolarga reabilitatsiya va odatiy hayot tarziga kirishish huquqini beradi. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarini, shuningdek, davlat hokimiyatining boshqa muassasa va tashkilotlarini barcha toifadagi nogironligi bo‘lganlarni “imkon kadar odatiy hayot tarziga kiritish” uchun barcha chorani ko‘rish majburiyatini yuklaydi.
- Davlat har bir kishining, xususan, irqi, tanasining rangi, jinsi, nogironligi borligi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tug‘ilishi yoki boshqa har qanday makomidan qat’i nazar, hech bir kamsitishlarsiz, asosiy huquqlarini kafolatlaydi.
- Davlat alohida chora-tadbirlar orqali oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar va imkoniyati cheklangan shaxslar himoyasini ta’minlaydi.
- Har qanday nogironligi bo‘lgan shaxs barcha joyga kirish, jamoat transportidan va ma’lumotlardan oqilona foydalanish; imo-ishoralar tili, Brayl alifbosi yoki boshqa tegishli aloqa vositalaridan foydalanish; shaxsning nogironligi bilan bog‘liq zarur materiallar, moddalar va qurilmalarga ega bo‘lish huquqiga ega.
- Nogironligi bo‘lgan har qanday shaxsning jamiyat hayotidagi to‘laqonli ishtirokini va o‘z huquqlaridan samarali foydalanishini ta’minlash uchun binolarda, infratuzilma ob’ektlarida, transport vositalarida maxsus moslashtirish uskuna va moslamalarini qo‘llash, oqilona mehnat sharoitlari, mehnat qoidalari, amaliyoti yoki muolajalaridan foydalanish huquqiga ega.
- Davlat nogironlikning oldini olish, imkoniyati cheklangan shaxslarni davolash, reabilitatsiya qilish hamda integratsiyalash va ularning oilalarini qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha milliy siyosatni amalga oshirish, jamiyatni imkoniyati cheklangan shaxslar oldidagi o‘z majburiyatlarini, ularga nisbatan hurmat va hamjihatlik hissini anglaydigan tarzda tarbiyalash, shuningdek, ota-onalari yoki vasiylari majburiyatlariga zarar yetkazmagan holda, ularning huquqlarini samarali ta’minlash majburiyatini oladi.
- Nogironligi bo‘lganlar insoniy qadr-qimmat va hurmat qilish huquqiga ega bo‘lib, davlat va jamiyat ularning o‘z aqliy va jismoniy salohiyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun tegishli choralarni ko‘rishi lozim.
- Davlat nogironligi bo‘lganlarning ovoz berish huquqini kafolatlashi kerak.
- Parlament nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ro‘yxatga olish va ovoz berishga ko‘maklashuvchi qonunlarni qabul qiladi.
- Davlat:
- nogironligi bo‘lganlarning inklyuziv ish bilan erkin ravishda ta’minlanishiga imkon yaratadi;
- nogironligi bo‘lgan bolalarning inklyuziv ta’lim olishini ta’minlaydi;
- imkoniyati cheklangan bolalarning maktabgacha ta’lim dan foydalanish darajasini oshirish choralarini ko‘radi;
- nogironligi bo‘lganlarning harakatlanishi hamda axborot olishi uchun jamoat joylarida, ayniqsa, tibbiyot muassasalarida barcha shart-sharoitni (masalan, panduslar, liftlar, surdotarjima) yaratadi;
— nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborot olish huquqlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni keng omma uchun mo‘ljallangan, qulay formatlardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan ta’minlaydi.
- Davlat imo-ishoralar tili, o‘zaro muloqotning boshqa muqobil shakllaridan (Brayl harflaridan va ovozli shakllardan) foydalanilishini ta’minlaydi. Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr tadbirlari va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda bo‘lishini ta’minlaydi. Davlat telekanallarida yangiliklar ko‘rsatuvlarining surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi ta’minlanadi.
Tadbir yakunida xalqaro eshituv ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar — Asosiy Qonunimizni zamonaviy voqeliklar bilan uyg‘unlashtirish, nogironligi bo‘lganlarning imkoniyatlarini xalqaro standartlarga muvofiq kengaytirish, shuningdek, ularni jamiyat va davlat hayotining barcha sohasiga faol jalb etishga qaratilganligini ta’kidladi.
Ular yangi O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar fuqarolarning, jumladan, barcha toifadagi nogironligi bo‘lganlarning, xususan, nogironligi bor ayollar va nogironligi bor bolalarning konstitutsiyaviy huquqdarini ta’minlashga imkon yaratishiga ishonch bildirdi.
Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati.
- Qo'shildi: 21.07.2022
- Ko'rishlar: 5303
- Chop etish