Inson chin yurakdan istasa, o‘qib – olim, uqib – oqil bo‘lishi mumkin, ammo naqadar xohlamasin, qanchalar intilmasin, tug‘ma iste’dodi bo‘lmasa, shoir sifatida el qalbidan joy ololmaydi. Qismatiga shoirlik bitilgan inson butun umr xalq dardi, orzu va umidlari bilan yashaydi, elu yurtini hech qanday ta’masiz, pok va samimiy muhabbat bilan ardoqlaydi. Asl shoir qalbdan kuylaydi, uning ko‘ngil kuyi millionlab insonlar qalbiga yorug‘lik olib kiradi, ezgu va go‘zal tuyg‘ularni junbushga keltiradi. Men O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirni ana shunday “zuvalasi she’r bilan qorilgan” tug‘ma iste’dod sohibi deb bilaman.
Mahmud Toir purviqor tog‘lari ko‘kka bo‘y cho‘zgan go‘zal va so‘lim Parkent vohasida tavallud topgan. Tabiatning maftunkor va betakror chiroyidan zavqlanib o‘sgan. Ayni shu omil sababli undagi tug‘ma she’r ishqi, shoirlik iste’dodi erta uyg‘ongan bo‘lsa, ne ajab. Har holda, uning ilk she’ri Parkent tumani gazetasida e’lon qilinganida shoir endigina 7-sinfda tahsil olar edi.
She’r yozishga bo‘lgan cheksiz mehr va ishtiyoq Mahmud Toirni Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetiga yetakladi. U dorilfununni tamomlagach, dastlab “Yosh gvardiya” nashriyotida, keyinchalik Respublika radiosining bolalar va o‘smirlar uchun eshittirishlar bosh tahririyatida mehnat faoliyatini olib bordi. Shundan so‘ng, matbuotda birin-ketin she’rlari e’lon qilinayotgan iste’dodli shoirni o‘zi tug‘ilib-o‘sgan qadrdon tumanidagi “Parkent tongi” gazetasi bosh muharrirligiga taklif qilishdi.
Aytish mumkinki, ayni shu davrdan boshlab Mahmud Toir ijodida yangi sahifa ochildi. Uning she’rlarida go‘zal tabiat manzaralari, pokiza insoniy fazilatlar va teran falsafiy mushohadalar uyg‘unlasha boshladi:
Kelishing quvonchdir, ketishing nola,
Oh, buncha qisqadir umrimiz, lola.
Ko‘zimga surtayin, ko‘ksimga bosay,
Qayta ko‘rishguncha, lolajon, lola.
Mahmud Toir she’riyatini sinchiklab tadqiq etsak, tabiatdan rang olgan go‘zal va nozik tashbehlarga ko‘p bora duch kelamiz. Uning bir she’rida tog‘lar ortidan bosh ko‘tarayotgan quyosh hayotni olqishlab, odamlar qalbini yoritishi tasvirlansa, yana bir she’rida atirgul ildizi oshiq yuragidan suv ichadi. Shoir nigohi qanot yozgan kapalakni duo qilib turgan qo‘llarga o‘xshatadi.
Ha, shoirning o‘z so‘zi, sozi va ovozi bor, she’riyatining mavzu ko‘lami esa benihoya keng va rang-barang. Vatan, ona, do‘stlik, mehr-muhabbat kabi yuksak insoniy tushunchalar va fazilatlarni tarannum etgan shoir she’rlari qo‘shiqqa aylanib, xalqimizga yod bo‘lib ketgan. Bu o‘lmas va betakror she’riyat o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallab, hali uzoq yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.
Maysalaring shivirlashdi,
tizlar cho‘kib, quloq berdim,
Bilmay bosib chumolini
gunohimga so‘roq berdim,
Vatan ne deb so‘rganlarga
bir kaftgina tuproq berdim,
Menga Vatan siyratini,
Momo yerim, o‘zing berding.
Xalq baxshi-oqinlari uslubiga xos ravishda nasr bilan nazmni aralash qo‘llash ham Mahmud Toir she’riyatiga xos xususiyat hisoblanadi. Ana shunday xalqona ohang libosiga burkangan hikmatli fikrlar va hayotiy mushohadalar kishini beixtiyor o‘yga soladi. Inson savob va gunoh, rost va yolg‘on, halol va harom kabi ma’naviy tushunchalar haqida fikrlay boshlaydi. Ayniqsa, uning to‘rtlik yoki ikkiliklarida sharq donishmandlariga xos ixcham hikmatlar ko‘p uchraydi:
To‘kilgan tabassum tilloga tengdir,
Xush niyat gohida Humoga tengdir.
Bir marta jilmaygin, bir yaxshi gapir,
Bu olam torga tor, kenglarga kengdir.
Yoki
Ulug‘dir ko‘ksida tog‘i bor odam,
Go‘zaldir dilida bog‘i bor odam.
Kesak – tosh, tosh – tillo bo‘lmagay hech vaqt,
El bo‘lmas, ko‘nglida dog‘i bor odam.
Mahmud Toir nihoyatda sermahsul ijod qilib kelmoqda. 1991 yilda uning ilk she’riy to‘plami “Ayt endi, yuragim” nomi bilan chop etilgan bo‘lsa, hozirga qadar uning “Biz nechun uchrashdik”, “Muhabbat shevasi”, “Oqib ketgan armonlar”, “Barmoqlar bodasi”, “Haqni tanib”, “Bedorlarga bering dunyoni”, “Yangi she’rlar”, “So‘z saodati”, “Men oftobga alishmagan ayollar”, “Yuz to‘rtlik” kabi to‘plamlari, “Oqib ketgan armonlar” va “Otamning o‘kinchi” nomli dostonlari, ikki jildli “Saylanma”si nashr qilindi.
Xalqimiz sevib mutolaa qilayotgan bu asarlarga adabiyotshunoslar ham yuqori baho berishayotgani e’tiborga loyiq. Jumladan, taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Karim shunday yozadi: “Adabiy, ijtimoiy, ma’naviy-madaniy hayotda O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir juda faol, o‘z ovoziga ega zabardast, qalami o‘tkir va hozirjavob shoirlardan biridir. Mahmud Toir she’riyatining umumkonseptual pafosini ezgulik tarannumi tashkil qiladi. Shoirning hozirgacha bosilgan she’riy to‘plamlari va dostonlari adabiyot ixlosmandlarining ma’naviy mulkiga aylandi”.
Mahmud Toirning mehnat faoliyati ham ijodi singari faol va jo‘shqin. Bugungi kunda u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limining rahbari, “Adabiyot ziyosi” adabiy nashrining bosh muharriri, shuningdek, senator sifatida faoliyat olib bormoqda. Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish, axborot siyosatini ta’minlashga oid qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirishda faollik ko‘rsatib kelmoqda.
Mahmud Toir she’riyati bilan ham, mehnat faoliyati bilan ham xalqimizga farzandlik mehri ila xizmat qilib kelayotgani tahsinga sazovor.
Adabiyotga “abadiyat yo‘lida yoqilgan chiroq”, she’riyatga esa “shu chiroq ichra qalblarni charaqlatib turgan yog‘du” deya ta’rif bergan O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir xalqimiz qalbini va tafakkurini munavvar etgan betakror she’rlari bilan elning e’zozi va ehtiromiga erishdi. Uning vatanparvarlik ruhidagi she’rlari, samimiy va diltortar satrlari qo‘shiq bo‘lib yurtimizdagi har bir xonadonga kirib bordi. Ayni ijodiy kamolot yoshiga yetgan sevimli shoirimizga har doim hozirgidek elning nazarida yurishini tilab qolamiz.
Zero, shoirning o‘zi ta’kidlaganidek,
Elning e’zozidan balandroq tog‘ yo‘q,
Mehr qo‘rg‘onidan go‘zalroq bog‘ yo‘q”.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respubikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o‘rinbosari,
akademik
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 22.07.2022
- Ko'rishlar: 5005
- Chop etish