Bugungi axborot va globallashuv davri juda qiziq: bir kun, bir soat, hatto bir daqiqa ichida har xil manbalardan o‘zingizni qiziqtirgan mavzudagi ko‘pdan-ko‘p va turlicha axborot oqimi bilan tanishishingiz mumkin. Bu rang-barang axborotlar ba’zan bir-birini inkor etsa, ba’zida biri boshqasini to‘ldirib, o‘zaro uyg‘unlashib, yangi axborot va yangicha fikrlar uchun zamin yaratadi.
Mana, hozir ham xuddi shunday bo‘ldi. Bir axborot manbasida dunyo aholisining 18 foizi kuniga hech bo‘lmaganda 40 daqiqa Internetga ulanish imkoniyatiga ega emasligi haqida o‘qib qoldim. Bu esa BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarida ko‘zda tutilgan “Kam rivojlangan mamlakatlarda aholining 2020 yilgacha yoppasiga arzon Internetga ulanishini ta’minlash» rejasi ijrosida anchagina muammolar borligini ko‘rsatadi.
Boshqa bir manbada qayd etilishicha, 2022 yil birinchi yarmida mamlakatimizda 23 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa liniyalari qurilgan. Natijada, Speedtest Global Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston simli Internet resurslarining yuklanish tezligi bo‘yicha 182 ta davlat ichida Armaniston, Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjon davlatlarini ortda qoldirib, 86-o‘rinni egallagan.
Buyuk Britaniyaning Cable.co.uk portali ma’lumotlariga qaraganda, dunyo reytingida O‘zbekiston mobil Internet arzonligi bo‘yicha 21-o‘rinni, keng polosali simli Internet arzonligi bo‘yicha 19-o‘rinni zabt etdi. Bunga qadar, BMT Xalqaro elektr aloqa ittifoqining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston keng polosali mobil Internet narxlari bo‘yicha BMTning 2 foizlik ko‘rsatkichini bajargan 4 davlat qatoridan joy olgandi.
Shu mavzuga taalluqli yana ikkita raqam keltiraman. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda Internetdan foydalanuvchilar soni 25 milliondan oshgan. Ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Feysbuk, Instagram, Telegramda bir kunda 5 millionga yaqin kishi faoldir.
Aytmoqchimanki, birinchidan, hamyurtlarimiz atigi bir soat ham Internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 18 foiz dunyo aholisi sirasiga kirmaydi. Ikkinchidan, BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini bajarish borasida O‘zbekiston ayni yo‘nalishda ham izchil odimlayotganini keltirilgan dalillar tasdiqlab turibdi.
Internet haqida gap ochganim bejiz emas. Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar boshlangan dastlabki kunlardayoq hamkasblarim bilan birga amaldagi Konstitutsiyaning 29-moddasi birinchi qismini: “Axborotni zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari orqali izlash, olish va tarqatish erkinligi kafolatlanadi”, degan mazmundagi norma bilan to‘ldirish yuzasidan taklif yuborgandik.
Hozir umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida 29-modda quyidagi tahrirda taqdim etilgan:
“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Har kim Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega.
Mazkur huquqlarni cheklashga faqat mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligini hamda tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri yoki boshqa sir deb e’tirof etilgan axborot oshkor etilishining oldini olish bilan bog‘liq hollarda, qonun bilan yo‘l qo‘yiladi”.
Ya’ni, bir tomondan, mazkur modda shaklan kengaygan – amaldagi ikki bandlik matn loyihada to‘rt bandga ko‘paygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ushbu konstitutsiyaviy normalarning mazmun-mohiyatidagi qamrov ko‘lami ortgan. Qolaversa, ayni shu modda mazmunini o‘zgartirishga e’tibor qaratgan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori Konstitutsiyaviy qonun loyihasida taklifimiz inobatga olinganini ko‘rib biz ham quvondik.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati hozirga qadar ikki marta uzaytirildi va yana uzaytirilishi ehtimoli yo‘q emas. Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati ma’lumotlariga qaraganda, aholidan loyihaning har bir moddasi bo‘yicha ko‘plab takliflar kelib tushmoqda. Bu takliflar orasida bir-birini to‘ldiradigan, ma’qullaydigan, shuningdek, biri boshqasini inkor etadiganlari ham bor.
Bunday qizg‘in jamoatchilik muhokamasi ommaviy axborot vositalarida ham davom etmoqda. Jumladan, Asosiy qonunimizda Internetdan erkin foydalanish huquqining kafolatlanishini aksariyat yurtdoshlarimiz qo‘llab-quvvatlayotganini kuzatish mumkin.
Haqiqatan ham, biz yashayotgan XXI asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, o‘zi istagan axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.
Shunday ekan, Toshkentdagi INHA universtiteti rektori Muzaffar Jalolov xabar.uz saytidagi maqolasida qayd etganidek, “hayot tarzimizning, kasbiy faoliyatimizning salmoqli bir bo‘lagi, komil inson shakllanishining asosiy omillaridan biri bo‘layotgan Internet jahon tarmog‘idan erkin foydalanish huquqining Asosiy qomusimiz – Konstitutsiyaga kiritilmasligi mumkin emas. Bu huquq xalqaro huquq normalarida, yetuk davlatlar Konstitutsiyalarida mustahkamlangan va o‘zining samarasini ko‘rsatayapti”.
Konstitutsiyaviy komissiya ma’lumotiga qaraganda, 2022 yil 4 iyul kuni Buxoro viloyatidan fuqaro D.Hojiev 29-moddaning birinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etishni taklif qilgan: “Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni milliy urf-odat va qadriyatlarni inobatga olgan holda tarqatish huquqiga ega”.
Albatta, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 29-moddasidagi oxirgi bandga e’tiroz bildirayotganlar, ushbu normani olib tashlashni taklif etayotganlar ham yo‘q emas. Shunday bo‘lishi ham kerak. Zotan, umumxalq muhokamasi – mutlaqo demokratik jarayon. Bu xolis jarayonda maromiga yetkazilgan konstitutsiyaviy normalar, pirovardida tom ma’nodagi xalq Konstitutsiyasiga ega bo‘lishimizni ta’minlaydi.
Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: bundan 30 yil ilgari, amaldagi Konstitutsiyaning umumxalq muhokamasi jarayonida aynan 29-modda tahririga keng jamoatchilik munosabati qanday bo‘lgan?
Ma’lumki, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiya ikki marta umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan. Xususan, davriy matbuotda 1992 yil 26 sentyabr kuni umumxalq muhokamasi uchun yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy komissiyasi ishchi guruhi tayyorlagan va umumxalq muhokamasiga e’lon qilingan ushbu loyihada 29-modda (arxivdagi matnda – 28-modda) quyidagi matndan iborat bo‘lgan:
“Har kim hur fikrlilik, so‘z va e’tiqod erkinligiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat shaxsiy, tijorat, shuningdek davlat siri bo‘lganligi sababli qonun bilan cheklanishi mumkin”.
Konstitutsiya loyihasi matbuotda e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi keng tus olgan. Ushbu ochiq-oshkora muhokamalar 1992 yil sentyabr oyi oxiridan – dekabr oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tgan.
Akademik Akmal Saidovning 2017 yili nashr etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi” kitobida bu haqda arxiv hujjatlaridan bir qator ma’lumotlar jamlangan. Konstitutsiyaning 29-moddasiga aloqador bo‘lgan ayrim takliflarga to‘xtalamiz. Jumladan:
Toshkent shahridan fuqaro Sh.Ahmedov “Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot bundan mustasnodir”, degan iborani ushbu moddadan olib tashlashni yoki quyidagi jumla bilan almashtirishni tavsiya etgan: “favqulodda holat va harbiy holat davri bundan mustasno”.
Buxoro viloyatidan R.Usmon Yarash o‘g‘li mazkur jumlani quyidagi tahrirda yozishni so‘ragan: “Axborot tarqatayotgan shaxs axborotning to‘g‘riligi uchun qonunda belgilangan tartibda javobgardir”. Ushbu taklif Ishchi guruh tomonidan inobatga olingan va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunda o‘z ifodasini topgan”, degan izoh bildirilgan.
Paxtachi tumanidan A.Qalandarov esa, ushbu moddaga quyidagi qo‘shimcha kiritishni taklif qilgan: “shaxsning oilaviy, shaxsiy va boshqa ma’lumotlari uning roziligisiz boshqa shaxs tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilishi taqiqlanadi”.
Toshkent shahridan N.Narziqulov ushbu moddaning birinchi jumlasini “har bir fuqaro so‘z, e’tiqod erkinligiga va uni himoya qilish huquqiga ega”, degan tahrirda yozishni taklif qilgan.
Farg‘ona viloyatidan A.Jo‘raev modda matnidagi “Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot bundan mustasnodir”, degan jumlani olib tashlashni taklif qilar ekan, chunki har qanday tanqidiy axborotni tuzumga qarshi, deb baholash mumkin, degan fikrni bildirgan.
Ayni shu jumlani Farg‘ona viloyati ulamolar Kengashi a’zolari quyidagi tahrirda berishni tavsiya qilgan: “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darib tashlashni targ‘ib qiluvchi axborot bundan mustasnodir”.
Shu tariqa umumxalq muhokamalari davomida bildirilgan taklif-mulohazalar inobatga olingan holda, ikkinchi marta matbuotda 1992 yil 21 noyabr kuni e’lon qilingan Konstitutsiya loyihasida 29-modda quyidagicha aks etgan:
“Har kim fikr, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”.
Agar e’tibor berilsa, ushbu matn Konstitutsiya 29-moddasidagi hozir amalda bo‘lgan normaning deyarli o‘zidir. Bu o‘rinda “deyarli” deyishimizning sababi shuki, 1992 yil 8 dekabr kuni parlamentda Konstitutsiya loyihasini qabul qilishdan oldingi moddama-modda muhokama asnosida 29-moddaning birinchi jumlasidagi “axborot” so‘zidan keyin “va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar” qo‘shimchasi kiritilgach, ushbu modda matni deputatlar tomonidan e’tirozsiz qabul qilingan.
E’tibor bering: bundan o‘ttiz yil oldin O‘zbekistonda Internet bo‘lmagan. Shuning uchun Internet imkoniyatlaridan foydalanish huquqini Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish haqida hech qanday fikr ham yuritilmagan.
Bugungi kunda butun dunyo o‘ta ilg‘or texnik-texnologik o‘zgarishlar og‘ushida yashamoqda. O‘zbekiston ham Internet asriga shiddat bilan kirib kelayotgan hozirgi paytda ba’zi rivojlangan davlatlar allaqachon Internetdan keyingi davr haqida bosh qotirayotgani ham mubolag‘a emas.
Shu ma’noda, mamlakatimizning yangilanayotgan Konstitutsiyasidan “Har kim Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega” degan normaning joy olishi zamon bilan hamqadamligimizning huquqiy tasdig‘idir.
Konstitutsiya loyihasining 29-moddasida ushbu huquqlarning cheklanishiga oid normani saqlab qolish kerakmi yoki yo‘qmi? Fikrimizcha, ha, saqlab qolish kerak.
Nega? Chunki bundan 30 yil oldin ham xalqimiz, xalq vakillari – deputatlarimiz axborotning ma’rifatparvarlik va ziyobaxshlik qudratini yaxshi bilganlar. Shu bilan birga, axborot vayronkor kuchga ham egaligini chuqur anglaganlar. Shuning uchun amaldagi Konstitutsiyaning 29-moddasida insonning axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi ikki o‘rinda:
birinchidan, “konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot” bilan bog‘liq holatda;
ikkinchidan, “faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina” qonun bilan cheklanishi belgilab qo‘yilgan.
Bunday cheklovlarni umumxalq muhokamasida ishtirok etgan yurtdoshlarimizning bir qismi o‘shanda ham inkor etgan bo‘lsa, boshqalari ma’qullagan. Natijada amaldagi Konstitutsiyani qabul qilgan xalq noiblari ayni cheklovlarni Asosiy qonun matnida saqlab qolish zarur, deb topganlar.
Bugun zamondoshlarimiz Internet asriga ham, uning kasriga ham bevosita guvoh bo‘lmoqda. Uzoqqa bormasdan, yaqinda Qoraqalpog‘istonda yuz bergan tashvishli voqealarni olaylik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2022 yil 21 iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvidagi nutqida shu xususda ham to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Ko‘lami tobora ortib borayotgan Internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar alohida e’tibor qaratishimizni taqozo etmoqda. Bugun ushbu tahdidlar yo‘lida hech qanday chegara yo‘q – ular mobil telefonlar orqali kirib kelmoqda. Afsuski, O‘zbekistonda yaqinda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda beqaror vaziyatni vujudga keltirishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi”.
Shu ma’noda, avvalo, Konstitutsiyaning 29-moddasi matni Konstitutsiyaviy qonun loyihasining hozir umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan tahririda saqlab qolingani maqbul.
Ayni chog‘da, biz yashayotgan axborotlashgan jamiyat talablaridan kelib chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya matnida robotlar, kiborglar va boshqa ilg‘or ilmiy-texnik kashfiyot hosilalaridan amaliyotda foydalanishni huquqiy tartibga soladigan ilg‘or normalar ham mustahkamlab qo‘yilishi o‘rinlidir.
Xulosa qilib aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiya matnida diffamatsiya huquqi, ya’ni ommaviy axborot vositalarida inson sha’nini himoya qilish huquqi aniq normalarda aks ettirilishi maqsadga muvofiq. Toki, inson qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish bahonasida so‘z erkinligiga to‘siq qo‘yilishiga va, aksincha, so‘z erkinligidan foydalanish asnosida inson qadr-qimmati badnom etilishiga yo‘l qo‘yilmasin.
G‘ulom Mirzaev,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 26.07.2022
- Ko'rishlar: 5537
- Chop etish