KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOT QIZG‘IN: Takliflar yo‘llanmoqda va ulardan amalda foydalanilmoqda

Shu kunlarda chinakamiga tarixiy bir davrda yashayapmiz. Men bu o‘rinda, albatta, Vatanimiz, xalqimiz va biz, yoshlarning taqdiriga daxldor muhim siyosiy-huquqiy voqea – tengqurlarim bilan guvohi hamda bevosita ishtirokchilari bo‘lib turganimiz konstitutsiyaviy islohot jarayonlarini nazarda tutmoqdaman.

Hozir amalda bo‘lgan 1992 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi ishlab chiqilgan, muhokama etilgan va qabul qilingan vaqtlarda men hali tug‘ilmagandim. Konstitutsiya ijodkorligi bobida na tajribam, na uquvim bor.

Shu bois bo‘lsa kerak, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bilan bog‘liq jarayon boshlangan dastlabki kezlarda taklif berishga biroz cho‘chidim. Ya’ni, “Mamlakatning Asosiy qonuniga muhrlab qo‘yiladigan darajadagi aniq huquqiy qoida taklif etish, biron-bir salmoqli fikr bildirishga qurbim yetarmikan?” deb ancha paytgacha o‘ylanib yurdim.

Bir tomondan, shunday ulkan tarixiy jarayonda ishtirok etib, Konstitutsiyamizning yangilanishiga o‘z hissamni qo‘shishni istardim. Boshqa tomondan esa, bu boradagi tajribasizligim, tortinchoqligim, boringki, jur’atsizligim bunga xalal berardi. Shundan so‘ng...

Baribir, o‘z niyatimiga erishishga jazm etdim. Konstitutsiyaviy komissiyaga ikkita taklif yubordim.

Birinchi taklifim: “Jamiyat davlat organlarining xohlagan mansabdor shaxsidan hisobot talab qilish huquqiga egaligi Konstitutsiyada alohida norma bilan mustahkamlab qo‘yilishi kerak”, degan mazmunda.

Hozir umumxalq muhokamasi davom etayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ushbu taklifim mazmunan inobatga olinibdi.

Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 26-1-moddasining oxirgi (beshinchi) bandida shunday norma bor: “Har bir  shaxs  davlat  organlarining  yoki  ular  mansabdor shaxslarining  noqonuniy  harakatlari  yoki  harakatsizligi  tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega”.

Ushbu konstitutsiyaviy normaning mazmuniga ko‘ra, qaysidir davlat organi yoki mansabdor shaxs jamiyat oldida hisobdorlikni unutib, jamiyat a’zolariga, aytaylik, menga zarar yetkazishiga davlat yo‘l qo‘ymaydi. Ya’ni, men yuborgan taklifning mazmun-mohiyati ayni shu norma mag‘ziga singdirilgan.

Ikkinchi taklifim: amaldagi Konstitutsiyani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan keyingi yillarda ayollarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirish, huquq va erkinliklarini kengaytirish, himoyasini kuchaytirish borasida qabul qilingan qonun hujjatlari ruhi va kayfiyatidan kelib chiqqan holda rivojlantirish lozim.

Men bu taklif bilan, aslida, Konstitutsiyaning xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi qayd etilgan 46-moddasini kengaytirishni ko‘zda tutgandim.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Asosiy qonunning 37-moddasi mening ushbu taklifimga mohiyatan o‘xshash normalar bilan to‘ldirilganini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Mana, o‘sha yangi normalar:

  • Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerak.
  • Homiladorligi yoki  bolasi  borligi  sababli  ayollarni  ishga  qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
  • Har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta’tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta’tilga  yoki  bolani  farzandlikka  olish  uchun  ta’tilga  chiqish huquqiga ega.
  • Jazoni sudning hukmiga ko‘ra o‘tash tartibidan boshqacha tartibdagi majburiy mehnat  yoki  qonunda  nazarda  tutilgan  boshqa  hollardagi majburiy mehnat taqiqlanadi. 
  • Majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi  hamda  bu  qonunga  ko‘ra  javobgarlikka  sabab bo‘ladi.

 Konstitutsiyaviy islohotlarning borishi bo‘yicha shaxsiy kuzatuvimdan ikkita xulosa chiqardim.

Birinchi xulosam shuki, Asosiy qonunimizni yangilash yuzasidan bildirilayotgan taklif-mulohazalar aslo e’tiborsiz qolmayapti. Har bir taklifdan yangi g‘oya – u muayyan norma, bironta ibora yoki hatto birgina so‘z shaklida bo‘lsa ham – yangilanayotgan Konstitutsiyamizda aks etishi yo‘lida astoydil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. 

Ikkinchi xulosam – konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatini xolis talqin qilish zarurati bilan bog‘liq. Sodda qilib aytganda, faqatgina men kabi navqiron insonlar takliflarini jo‘nataveradi, Konstitutsiyaviy komissiya esa ularning puchagini-puchakka, saragini-sarakka chiqaraveradi, deb o‘ta tor fikrlash  to‘g‘ri emas, nazarimda.

Bunday yuzaki yondashuv, menimcha, davlatchiligimiz faoliyatiga aloqador ushbu jiddiy siyosiy-huquqiy jarayonni nihoyatda jo‘n va sayoz talqin qilish bo‘lur edi.

Avvalo, har ikki taklifimning tub mohiyati Konstitutsiyaviy qonun loyihasida qanday o‘z aksini topgani ham bu borada ish olib borayotgan qonun ijodkorlarining huquqiy mahorati va tajribasi kattaligini ko‘rsatib turibdi.

Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflar nafaqat yoshlardan, balki aholining turli qatlamlaridan muntazam kelib tushmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab tashkilot va muassasalarda ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, salmoqli va tizimli takliflar bildirilmoqda.

Bunga birgina misol: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi 2022 yil 7 iyunda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazib, shu asosda 15 ta taklif bergan. O‘z navbatida, Konstitutsiyaviy komissiya shundan 3 tasini – 53, 53-1 va 100-moddalarga bildirilgan takliflarni inobatga olgan.

Konstitutsiyaviy komissiya vakillari joylarda, turli tashkilot va muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazish asnosida ham fuqarolarimizdan takliflarni yig‘ib kelmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruv akademiyasida iyun oyida bo‘lib o‘tgan shunday uchrashuvda bildirilgan takliflarning ayrimlari keyinchalik Konstitutsiyaviy qonun loyihasi matniga kiritildi.

Bu o‘rinda, avvalo, Go‘zaloy Xudoyberdievaning amaldagi Konstitutsiyaning 37-moddasiga fuqarolarni, jumladan, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilishning taqiqlanishiga oid qo‘shimcha kiritish bilan bog‘liq taklifi haqida so‘z bormoqda. Shuningdek, mazkur uchrashuvda Sharofatxon Qodirova Asosiy qonunni 37-1-modda bilan to‘ldirishni taklif etgan.

G.Xudoyberdievaning taklifi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 37-moddasiga kiritilgan. Sh.Qodirova taklifining mazmuni bilan tanishar ekanman, fuqarolarning  dam  olish va  bayram  kunlari,  haq  to‘lanadigan  har  yilgi  ta’tilga  chiqish  huquqiga oid ushbu fikrlar loyihaning 38-moddasidan joy olganiga amin bo‘ldim.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha chuqur tahlillar hamda diqqatga sazovor takliflar taqdim etgan jamoalar, shuningdek, bu borada vaqt, kuch va imkoniyatini ayamasdan, yuksak vatanparvarlik namunasini ko‘rsatgan fuqarolarning xizmatlari Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan e’tirof etilmoqda. Konstitutsiyaviy islohot jarayonlarida faol qatnashgan fuqarolarga hozirgi kungacha 130 mingta minnatdorlik sms-xabarnomasi yuborilgani bu e’tirofning amaliy tasdig‘idir.

Haqiqatan ham, ushbu minnatdorchilik xatlarida ta’kidlanganidek, bugungi konstitutsiyaviy islohotlar – mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi o‘ta muhim tarixiy, huquqiy va ijtimoiy-siyosiy jarayondir.

 

 

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Matbuot xizmatining xodimi

"Xalq so‘zi" gazetasi

Powered by GSpeech