“Xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar o‘rtasidagi do‘stlik tinchlikni ta’minlash bilan bog‘liq harakatlarga ilhomlantirishi mumkin va madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o‘rtasida ko‘priklar o‘rnatish imkoniyatini taqdim etadi” – bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011 yil 3 maydagi 65/275-sessiyasida Xalqaro do‘stlik kunini tasdiqlash to‘g‘risidagi rezolyusiyasida qayd etilgan.
Yangi xalqaro bayramning ta’sis etilishiga 2001-2010 yillarga mo‘ljallangan Jahon madaniyati sohasida deklaratsiya va harakat dsturi sabab bo‘ldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu keng ko‘lamli tadbiri yakuni bo‘yicha Xalqlar do‘stligi kunini joriy etishga qaror qildi. BMT Bosh Assambleyasi ushbu sanani turli davlatlar millatlari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, birdamlik, totuvlik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash ruhida nishonlashni tavsiya etadi. Do‘stlik kunini nishonlash YuNESKOning o‘zaro toqatlilik ruhini singdirish va mavjud nizolarni murosa yo‘li bilan hal etishdan iborat tinchlik madaniyati tamoyillariga to‘la mos keladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘zining tashabbusi asosida o‘tgan yili jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash, fuqarolar ongida katta, ko‘p millatli yagona oilaga mansublik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish maqsadida 30 iyulni “Xalqlar do‘stlik kuni” deb belgilash bo‘yicha maxsus qonunni imzoladi.
Mamlakatimizda o‘tgan yil ushbu yangi bayram keng ko‘lamda, katta tantana va shodiyonalar bilan nishonlandi. Yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashga o‘zlarining katta hissasini qo‘shayotgan 60 dan ortiq vatandoshlarimiz orden va medallar bilan taqdirlandi. Faollar uchun «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni ham ta’sis etildi.
Buyuk Alisher Navoiy ta’riflaganidek , “Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor o‘ling bir-biring‘izgakim, erur yorlig‘ ish”. O‘zbekiston barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lgan, millatlar va konfessiyalararo totuvlik qaror topgan, yosh avlod bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanayotgan davlatdir. Mamlakatimizda turli millat va din vakillarining o‘z salohiyatini to‘laqonli amalga oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy kafolatlar belgilangan. Bunda, eng avvalo, fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklari, ularning qonun oldida tengligini kafolatlangan.
Keyingi yillarda millatlararo munosabatlar va din sohasida 50 dan ortiq qonun hujjatlari va 40 ga yaqin qarorlar qabul qilindi. Bu huquqiy hujjatlarning aksariyati fuqarolarning dini va millatidan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini kengaytirish, shu jumladan, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini oshirishga qaratilgan. Respublikamizda, shuningdek Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasiham ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini yanada oshirish belgilangan.
Shu maqsadda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining birligini, millat va elatlarning tiliga, huquqiy maydon doirasidagi urf-odatlari va an’analariga izzat-hurmat munosabatlari, jamiyatda do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, jipslik, insonparvarlik va bag‘rikenglik madaniyati yanada mustahkamlanadi, barcha fuqarolarimizning to‘la huquqli rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar yanada rivojlantirilib, xorijdagi vatandoshlarimiz qo‘llab-quvvatlanib, o‘zbek diasporalari bilan qalin va chuqur hamkorlik rivojlantiriladi.
Konsepsiyada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi qoshidagi Jamoatchilik kengashining rolini oshirish ko‘zda tutilgan. Millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy va innovatsion tadqiqotlar yanada kengaytiriladi, ular loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama huquqiy va tashkiliy yordam ko‘rsatiladi. O‘zbekistonda yashab o‘tgan va yashab kelayotgan, jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga bebaho hissa qo‘shgan millat va elatlar atoqli vakillarining ma’naviy-madaniy va ilmiy merosi keng targ‘ib qilinadi. Yurtimizdagi millat va elatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab qolish maqsadida etnoturizmni yanada rivojlantirish choralari ko‘riladi.
O‘zbekimton fuqarolarning milliy mansubligi va ona tilidan qat’i nazar ularning barchasi uchun mamlakatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida teng huquqli ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, ularning mehnat qilish, kasbni va ish joyini erkin tanlashda teng huquqlari ta’minlangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelmoqda. Ular Vatanimiz iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan va madaniyat kabi ijtimoiy sohalarida samarali mehnat qilib, O‘zbekistonning ravnaqi va gullab-yashnashi, mustaqilligimizni mustahkamlashga, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 150 ta milliy madaniy markaz katta rol o‘ynamoqda. Ularning ko‘p qirrali faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘larni yo‘naltirmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda. Davlat ta’lim muassasalarida o‘qish 7 - o‘qitish o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida olib boriladi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ko‘rsatuv va eshittirishlarini 12 tilda ko‘rish va eshitish imkoniyati yaratilgan.
Xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va turli millatlar vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik, bag‘rikenglik ularni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, butun jahonda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Erkin ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining bosh muharriri,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 28.07.2022
- Ko'rishlar: 5870
- Chop etish