“O’zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar bir vaqtning o’zida bir-birini taqozo etadigan va o’zaro chambarchas bog’liq bo’lgan ikkita taqdirulamal vazifaga yechim bo’ladi. Bu muhim vazifalardan biri – jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash bo’lsa, ikkinchisi – jamiyat va davlatni ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va huquqiy jihatdan yanada barqaror rivojlantirishga erishishdir”.
Ushbu fikrlar 2022 yil 15 avgust kuni Toshkentda bo’lib o’tgan “Konstitusiyaviy islohotlar: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy muhokama ishtirokchisi – Qozog’iston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi sobiq sudyasi, Qozog’iston gumanitar yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Sergey Udarsevga tegishlidir.
Ma’lumot uchun: Sergey Fyodorovich Udarsev – 1951 yilda Rossiyaning Novosibirsk viloyatida tug’ilgan. Qozog’istonlik mashhur huquqshunos olim va jamoat arbobi. Uning konstitusiyaviy huquq, siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi, davlat va huquq nazariyasi, Qozog’iston huquqshunoslik fani tarixi mavzulariga oid ko’plab kitoblari va ilmiy maqolalari chop etilgan.
Professor Sergey UDARSEV:
- Butun dunyoda murakkab va tahlikali jarayonlar yuz berayotgan, tevarak-atrofimizdagi hamma narsani globallashuv o’zining shafqatsiz domiga tortayotgan, xalqaro huquq inqirozga duch kelayotgan hozirgi og’ir sharoitda agar davlat yetarlicha kuchli bo’lmasa, o’zining mustaqilligini ta’minlay olmasligi va yangicha voqyeliklarga moslasha bilmasligi ehtimoli kuchlidir. Bunday qaltis vaziyatlarga faqat kuchli davlat, agar u tom ma’noda huquqiy davlat bo’lsagina, bardoshli va qodir bo’la oladi.
Shu ma’noda, “O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasida “O’zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat”, degan ta’rif qayd etilgani juda muhim. Ya’ni mamlakatingiz, jumladan, huquqiy davlat ekaniga alohida urg’u berilmoqda.
Agar davlat huquqiy va kuchli bo’lsa, agar konstitusiyaviy islohotlar davr talablariga to’la javob bersa hamda jamiyat taraqqiyotini rag’batlantirsa, shubhasiz, bularning barchasi muvaffaqiyatni va ijobiy yangilanishning davomiyligi-yu mutanosibligini ta’minlaydi. Qozog’iston va boshqa ko’plab mamlakatlarning tajribasi bu fikrimizning yaqqol tasdig’idir.
Mamlakatingizda Yangi O’zbekistonni barpo etish, yangi Uyg’onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishga yo’naltirilgan demokratik islohotlar amalga oshirilayotganini olqishlayman. Bu yangilanishlar keng qamrovli, shiddatli ekani, aniq maqsad va vazifalarga qaratilgani alohida e’tirofga sazovor.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Inson qadri uchun” g’oyasi va “Inson – shaxs – jamiyat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish taklifi jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingani ham bejiz emas. Chunki ushbu g’oyalar O’zbekistondagi islohotlarning o’zagini tashkil etadi va turli yo’nalishdagi tarixiy yangilanishlarni o’zaro bog’lab turibdi.
– Hurmatli Sergey Fyodorovich, O’zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarning qanday o’ziga xos jihatlari e’tiboringizni tortdi?
– Avvalambor, Konstitusiyaviy qonun loyihasida fuqarolik jamiyati va shaxsga alohida bo’lim, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga butun boshli bir bob bag’ishlangani, “fuqarolik jamiyati institutlari” tushunchasiga ta’rif berilgani, mahallaning konstitusiyaviy maqomi yanada aniq belgilab qo’yilgani haqida to’xtalmoqchiman.
Ushbu yangicha ruhdagi huquqiy normalar tufayli, bir tomondan, fuqarolik jamiyatining ahamiyati kafolatli ta’kidlanayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati institutlarining rivojlanishi uchun konstitusiyaviy darajada yo’l ochilmoqda.
Bunday zamonaviy yondashuvni boshqa davlatlar tajribasi bilan qiyoslaydigan bo’lsak, xususan, Qozog’iston Konstitusiyasida fuqarolik jamiyati tilga olinmagan. Ammo, unda fuqarolik jamiyati institutlari turlaridan ayrimlari, jumladan, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi normalar mavjud.
O’zbekiston konstitusiyaviy islohotlarida Prezident, parlament va sud tizimi o’rtasida vakolatlarning oqilona muvozanat bilan taqsimlanishi masalasiga alohida e’tiboru hurmat bilan yondashilayotganiga guvoh bo’ldim. Ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati vakolatlarini hududlar va tumanlar darajasida maqbul tarzda taqsimlash, Konstitusiyaviy sud, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman), Bolalar Ombudsmanining maqomi va rolini oshirish hamda ko’ppartiyali tizimni mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani diqqatga molikdir.
– Xalqaro huquq inqirozi to’g’risida gapirdingiz. Bu inqirozga duch kelayotganimizning sabablari nimada, deb o’ylaysiz?
- Har qanday inqirozning obyektiv va subyektiv sabablari bo’ladi, odatda. Xalqaro huquq inqirozining sabablari haqida to’xtalganda, ikkita omilga e’tibor qaratish lozim.
Birinchi omil – xalqaro huquq muhim ahamiyatga ega, ammo bugungi kunda u yetarlicha rivojlanmagan va anarxiya, sodda qilib aytganda, bir qadar tarqoqlik holatidadir. Zero, har bir davlat suveren va o’zining milliy huquqiga ega, buni unutmaylik.
Ikkinchi omil – xalqaro huquqni haddan ortiq ulug’lab-mutlaqlashtirib yubormaslik kerak, ayni chog’da, uni butunlay inkor etish ham mumkin emas. Xalqaro huquq inqirozi bilan bog’liq hozirgi kurashda, birinchi navbatda, AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi kuchli davlatlar yengib chiqishini e’tibordan qochirmagan ma’qul, menimcha.
Bugungi kunda biz xalqaro huquqni milliy huquqqa implementasiya qilish yo’lidan bormoqdamiz. Aslida, globallashuv tufayli butun dunyo shu yo’lni tanladi.
Kelajakda huquq tizimida global normalar ko’payadi. Shu bilan bir qatorda, davlat organlaridan ustun turuvchi global boshqaruv organlarining soni ham ortib boradi.
Xalqaro huquqning ham o’ziga yarashi kamchiliklari borligidan ko’z yumib bo’lmaydi, albatta. Shuning uchun Qozog’iston Konstitusiyasiga kiritilgan normaga ko’ra, mamlakatda amal qiladigan huquq – Konstitusiya normalari, qonunlar, boshqa huquqiy hujjatlar, mamlakatning xalqaro shartnomaviy hamda shu kabi majburiyatlari, shuningdek, Konstitusiyaviy va Oliy sudlarning normativ qarorlari hisoblanadi.
Bu o’rinda Konstitusiya oliy yuridik kuchga ega ekani va butun mamlakat hududida to’g’ridan-to’g’ri amal qilishi Asosiy qonunda mustahkamlab qo’yilganini alohida qayd etish lozim. Faqat ratifikasiya qilingan, aynan ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalargina milliy qonunchilikdan ustun kuchga ega bo’lgani holda, ularning qanday amal qilishi ham Qozog’iston milliy qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Binobarin, davlat hokimiyati organlari, ayniqsa, sudyalar chiqaradigan qarorlar Konstitusiya, qonunlar va mamlakat ratifikasiya qilgan xalqaro shartnomalar asosida qabul qilinadi. Bir so’z bilan aytganda, Qozog’iston Konstitusiyasida qaysi huquqning qay darajada ustuvorligi masalasi tegishli normalarda o’z aksini aniq topgan.
Aytaylik, sudlar xalqaro huquqni qo’llash masalasiga qanday yondashishi kerak? Qozog’iston Konstitusiyasi va qonunlariga muvofiq, sud xalqaro huquqning o’zigagina tayangan holda hukm chiqarmaydi, ayni chog’da, ushbu huquqqa havola qilishi mumkin.
Nazarimda, O’zbekistonning yangilanayotgan Konstitusiyasida ham shu mazmundagi normalar mavjud bo’lishi ziyon qilmaydi.
– O’zbekistonda davom etayotgan konstitusiyaviy islohotning yangi bosqichi bilan bog’liq qanday amaliy takliflaringiz bor?
Birinchi taklif: qonun ijodkorlari bilan aholi o’rtasida Konstitusiyaga kiritilayotgan o’zgartirishlarga taalluqli barcha masalalar bo’yicha ochiq hamda doimiy muloqotlarni davom ettirish darkor. Bunda, jumladan:
- konstitusiyaviy islohotlar mohiyatini axborot va mafkuraviy jihatdan ta’minlash strategiyasini ishlab chiqish va qat’iy amalga oshirish;
- Konstitusiyaga kiritiladigan yangilanishlarning ma’no-mazmunini sodda, tushunarli uslubda sharhlash, tushuntirish va targ’ib etish tizimini samarali yo’lga qo’yish;
- konstitusiyaviy islohot targ’iboti jarayonlariga aholining barcha qatlamlari va guruhlarini keng jalb etish ayni muddaodir.
Ikkinchi taklif: referendum tashkilotchilari bilan aholi o’rtasida doimiy ochiq muloqot yo’lga qo’yilgan bo’lishi lozim. Bunday muloqotlar asnosida referendum o’tkazishning huquqiy va tashkiliy sohalari bilan bog’liq har qanday savollarga to’liq javoblar berib borilishi taqozo etiladi.
Uchinchi taklif: ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda taraqatiladigan “feyk”, ya’ni yolg’on ma’lumotlarga qarshi kurashish strategiyasini izchil amalga oshirish kerak bo’ladi. Bu boradagi Qozog’iston tajribasi shuni ko’rsatdiki, bir tomondan, islohotlarga qarshi kuchlarning “feyk xurujlari” ko’lami kundan-kunga ortsa, ikkinchi tomondan, bunday soxta ma’lumotlarni tarqatish texnologiyalari ham muttasil kengayib boradi.
– Ochiq va mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
G’ulom Mirzo suhbatlashdi
- Qo'shildi: 08.09.2022
- Ko'rishlar: 4948
- Chop etish