11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni

Har qanday davlat va jamiyat o‘z ertasini, taraqqiyotini bir olam orzular bilan katta hayotga kirib kelayotgan navqiron avlod timsolida ko‘radi. Bu ezgu maqsadlarning ro‘yobga chiqishi esa, so‘zsiz, oiladagi ta’lim-tarbiyaga bevosita bog‘liq.

Shu ma’noda oilada farzandlarning ilk tarbiyachisi, murabbiyi sifatida ayollarning ilmli, intellektual salohiyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi mamlakat kelajagini ta’minlovchi asosiy mezonlar sirasiga kiradi. Axir donishmandlar ayol go‘zal, oqila bo‘lishi muhim, lekin bilimli bo‘lishi shart, deya bekorga urg‘u bermaganlar.

Qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va ularning huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyusiyasiga binoan, 11 oktyabr – “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu sana 2012 yildan beri har yili jahon bo‘ylab turli davlatlarda qizlarning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida nishonlanib kelinadi.

Bu muammolarga majburiy nikoh, qizlarning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishlarini ta’minlash kabi holatlar kiradi. BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish tavsiya etiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qizlar salomatligini mustahkamlash, ularning to‘laqonli ta’lim olishlari, o‘zlari qiziqqan kasb-hunarga ega bo‘lishlari, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida qizlarning sog‘lom o‘sishlarini ta’minlash, ularning tibbiy savodxonligini oshirish borasida izchil choralar ko‘rilmoqda.

Ta’lim sohasida ham qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Joriy yilda ular uchun oliy o‘quv yurtlarida maxsus qo‘shimcha qabul kvotalari joriy etildi.

Bilimga intilgan yoshlarning, shu jumladan:

- yangi o‘quv yilidan boshlab magistratura talabasi bo‘lgan xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan to‘lab beriladi;

- har yili 50 nafar qiz nufuzli xorijiy oliygohlarning bakalavr va 10 nafari magistratura tahsiliga yuboriladi;

- har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, otasi yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetdan to‘lab beriladi;

- yosh farzandi bor talaba ayollarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;

- doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun ilk marta 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilindi.

“Oqila ayollar” harakati ham jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun xizmat qilmoqda.

Qizlarni erta turmush bilan bog‘liq muammolardan asrash maqsadida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun teng – 18 yosh deb belgilangan.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 32 ming 783 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 60 nafar xotin-qizga o‘zini o‘zi band qilgan holda tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanib, tadbirkorlik qilish imkoniyati yaratildi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi ushbu xotin-qizlarning har biriga subsidiya asosida so‘ngi rusumdagi tikuv mashinalari olib berildi.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga ko‘mak berish ishlarida “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi va banklardagi mas’ul xotin-qizlarning hissasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirdi. Mazkur fond ko‘magida biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratish, bir haftalik o‘quv kurslarida o‘qitish, biznes rejalari ishlab chiqish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Mavjud shart-sharoitlardan va imkoniyatlardan oqilona foydalanish qizlarning o‘zlariga ham bog‘liq ekanligi alohida ta’kidlash lozim. Ya’ni, yoshlarni intiluvchan va tashabbuskor bo‘lishga, doimo o‘z ustida ishlab, ilm olishga, yangi kasblarni egallashga keng sharoitlar yaratilgan ekanmi, qizlarimiz bundan samarali foydalanishlari kerak.

 

Dilnoza Rahimova,

Inson xuquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi iqtisodchisi

Powered by GSpeech