Тилсиз миллат, миллатсиз тил бўлмайди

Bobil minorasining yemirilishi haqidagi rivoyatga ko‘ra, azalan yagona bir vujud bo‘lgan odamzod nasli, xudoga chang solmoqchi bo‘lganidan, uning qahriga duchor bo‘lgan – parchalanib, maydalashib, parokandalashib ketgan. Yagona tilda fikrlashgan insoniyat endilikda olti ming til va yirik shevalarda so‘zlashadigan bo‘lib qoldi.

 

*

Har bir millat, har bir til o‘zicha takrorlanmas va o‘zicha sharif. Jumladan, mening o‘zbek tilim ham, o‘zbegim ham.

 

*

Agar bugungi o‘zbek adabiy tilini yagona bir jonli a’zo deb olsak, buni ham yuz foiz «milliy hodisa» deyish qiyin... Unda umumturkiy so‘zlar bilan birga, arab, fors, rus, olmon (nemis), mo‘g‘ul, ingliz, farang, hind va boshqa o‘nlab tillarning yuzlab, minglab unsurlari uchraydi.

    Demak, milliylikning bosh omili va belgisi hisoblanmish tilning o‘zi ham baynalmilallik hodisasidan xoli emas.

 

*

Vatanparvarlik, xalqchillik tuyg‘ulari bizning ziyolilarimizga ham yot tushuncha emas shekilli. Xuddi shuning uchun qam «xonanishin» til olimlariga qarab:

  • Hay, diqqinafas bo‘lib o‘tiravermang. Xonani shamollating, tashqariga chiqing, axir. Xalqingizga boring, uning ahvolidan, tirikchiligidan, tafakkuridan, ma’naviyotidan, o‘zidan va tilidan xabar oling. Odamlar bilan odamday gaplashing. Yorug‘ jahonga o‘z mo‘ringizdan turib mo‘ralamang. Balki tashqaridan turib o‘z mo‘ringizga qarab ko‘ring. Qiyshayib qolgan bo‘lmasin tag‘in. Qiyshiq mo‘ridan esa, bilasizki, qiyshiq tutun chiqadi... – deging keladi.

 

*

Yo‘q, bizda til masalasi chatoq. Tilshunos olimlarimizdan qalin-qalin kitoblar qolayapti, lekin til qolmayapti.

 

*

Odatda, tilshunoslikka bag‘ishlangan asarlarda rus tilining grammatikasidan «kelib chiqilib»... o‘zbek tiliga «kirib kelinadi». Bir tilning tabiati, qonun-qoidalari majmuasini boshqa bir tilning sarfu-nahvi andazalari asosida ishlab chiqishga urinish yaxshi natija bermaydi. Chunki tillarning qurilishi, ularda so‘zlarning ma’no sig‘imi, tovlanishlari, majoziyligi, qo‘yingki, tillarning yoshi ham, lug‘aviy qatlamlari ham har xil.

*

Har kun, har soat har bir kishining boshiga son-sanoqsiz axborot yog‘ilib turadi: radio, teleko‘rsatuv, ro‘znoma (gazeta), jurnal, kitob... Ishxonada, mahallada, klublarda turfa yig‘in, majlis va suhbatlar... Quloqlar batang. Biz qabul qilayotgan mana shu axborot tilda qanday ifodalanmoqda?

Matbuotimiz tili buzilib ketyapti. Matbuot deganda esa jumhuriyatda muntazam chiqib turgan yuzlab ro‘znomalar, o‘nlab nomdagi jurnallar ko‘zda tutiladi!

 

*

Mabodo, biron sababga ko‘ra, bizning ayrim tilshunos, adabiyotshunos va tarjimashunos olimlarimizni... jazolash lozim bo‘lib qolsa, ularni o‘zlari yozgan kitoblarini ko‘pchilik o‘rtasida ovoz chiqazib o‘qishga majbur qilish kerak.

Bundan og‘ir jazo bo‘lmasa kerak jahonda! «O‘quvchi» – zerikib o‘ladi, tinglovchini esa qo‘rg‘oshinday og‘ir mudroq bosadi...

 

*

Ehtimol, geometriya, hikmat (fizika), kimyo darsliklari uchun til faqat – shakldir. Biroq til badiiy adabiyot, shuningdek, badiiy tarjima uchun ham shunchaki shakl, libos, tashqi ko‘rk-hasham emas.

Buni bejiz so‘z san’ati deyilmaydi. Til badiiy adabiyotning joni. Tili, uslubiy-ifodaviy tarzi g‘arib, qorishiq, beta’sir asarni aslo yaxshi deb bo‘lmaydi.

 

*

Nutq madaniyatini qaror toptirish, parvarish qilishda hamma vosita va imkoniyatlardan bilib foydalanish kerak. Radio, teleko‘rsatuv, ommaviy sayllar, sport eshittirishlari, ma’ruza hamda suhbatlarda nutq toza, bo‘liq, donador, tagdor, ma’nodor va shavqli bo‘lgani yaxshi.

 

*

Darvoqe, har qanday kasb-korning ham o‘z ma’naviy-ruhiy iqlimi, dard-hasrati va ishkali bo‘ladi. Masalan, adiblar, olimlar, muallimlar va turli kasb egalarining o‘z «shevalari» bor. Binobarin, har bir kasb-kor egasi: bu xoh muhandis bo‘lsin, xoh shifokor, xoh ishchi yoki kolxozchi bo‘lsin – o‘z «tilida» gapirishi kerak.

 

*

Oynai jahon sahniga chiqqan har bir kishining o‘z mavzui, o‘z «dardi» bor. Biroq ularning barchasini birlashtiradigan bitta mushtarak muammo: bu til masalasi. Barchani, shubhasiz, adabiy tilda so‘zlashga da’vat etish lozim. Shu bilan birga, har kim o‘z alfozini ham saqlasin.

 

*

Me’yoridan oshirib solingan o‘g‘it yerning jonini olganiday, o‘ngu so‘liga qaramay, boshqa tillardan so‘z, ibora, birikma va «tayyor» qoliplarni olaverish ham, bora-bora, baayni shunday bir tarzda tilimizni ishdan chiqazib qo‘yishi tayin.

 

*

Men tilimizning sofligini saqlash uchun uni «xitoy devori» bilan chegaralashga chaqirmoqchi emasman. Bu mutlaqo noimkoniy ish. Dunyoda bunday «sof til»ning o‘zi yo‘q. Til jamiyatning o‘zi, inson tafakkuri singari, boyishga moyil.

 

*

Boshqa tillardan (va o‘z-o‘zidan ham!) so‘z olish azaliy va abadiy taqdir. Ammo bu qanchalik tabiiy jarayon bo‘lmasin, qaysi tildan qachon, nimani olishni (yoki olmaslikni!) bilish, buni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik kerak.

 

*

Bir tilning boshqa tilga ta’sirini biz, nima uchundir, muqarrar ravishda «boyish» deb qabul qilamiz. Holbuki, bu chinakam boyish bilan birga, tilimizni bulg‘ash bo‘lishi ham mumkin. Bu jarayon, ham ijobiy, ham salbiy ma’noda, zohiriy va botiniy holda kechadi.

 

*

Tilning boyishi ham, buzilishi ham ikki xil yo‘sinda kechadi. Biri – xorijiy so‘zlarni o‘rinli va noo‘rin qo‘llash. Ikkinchisi – xorijiy tilning ta’siri ostida, ta’bir joiz bo‘lsa, yangicha fikr qoliplari, yangi nutqiy tarkiblarning hosil bo‘lishi.

Ikkinchi yo‘sin, ijobiy ma’noda – qanchalik muqarrar va joiz bo‘lsa, shunchalik samarador; salbiy ma’noda esa – qanchalik pinhoniy bo‘lsa, shunchalik yemiruvchan va xavfli. Chunki bu narsa me’yorni buzadi, tilni kemiradi...

 

*

Tilning g‘aribligi – tafakkurning qashshoqligidan.

 

*

Axloqsiz va battol odamlarga beriladigan har xil tanbeh, hayfsan, jazo choralari sirasiga ularni bir xilda fikrlash, sidirg‘a, kitobiy so‘zlashga majbur qilishni ham kiritish kerak, deb o‘ylayman. Bu eng og‘ir jazolardan biri bo‘lar edi!

  

*

Chamasi, tilni buzganligi uchun jarima tayin etish kerak. Ana o‘shanda hozir turnaqator bo‘lib bosilib chiqayotgan yuzlab kitoblar, risolalar taqqa to‘xtaydi. Odamlarning qulog‘i tinadi. Qog‘oz tejaladi...

 

*

Alam qiladigan joyi shundaki, mening «qavmlarim» – tarjimonlar ham tilni bulg‘ashda tobora jazavalari tutib, xuruj qilmoqdalar. Tarjimani – san’at deymiz. Unday bo‘lsa, nima uchun «tarjima tili» deganda hammaning peshonasi tirishadi?..

 

*

Odamlarni hech qachon rosmana kitobiy tilda gapirishga undash kerak emas. Busiz ham hammayoqda – «sidirg‘avozlik». Har kim o‘z tilida «chug‘urlashsin».

Bir xil qiroat, jonni o‘rtaguvchi bir xil «toat-ibodat» jonga tegdi... Juda! Majlisda, darsda, uyda, hatto to‘y-hasham, ma’rakada – chuchmal gaplar, yolg‘on-yashiq uydirmalar... Qachongacha!

 

*

Men so‘zshunos professordan ko‘ra didli muharrirni afzal ko‘raman. Chunki professor – ko‘p, yaxshi muharrir esa – ... Hozir O‘zbekistonda zo‘r muharrir kim? Qani, nomma-nom ayting-chi?..

 

*

Begona tilning grammatikasi avaxtasiga tushgan fikr o‘zining har qanday ma’nosidan mahrum bo‘libgina qolmaydi, balki o‘quvchini kalom tuyg‘usidan bezdiradi, so‘zning ta’sirchanlik, safarbarlik kuchini qirqadi... So‘z o‘zining so‘zligidan mahrum bo‘lib, his-tuyg‘usiz shartli tamg‘aga aylanadi.

 

*

Ko‘p tilshunos olimlarimizning bisoti – tili sanoqli atamalar majmuasidan iborat. Shu bisotdan tashqarida ular – yo‘q.

 

*

Tilimiz ham, o‘z tarkibiga ko‘ra, «Paxtakor» komandasiga o‘xshab qolgan.

 

*

O‘z tilida xirgoyi qilish nimaligini bilmaydigan, o‘z tilida o‘z dilbandiga alla aytolmaydigan, o‘z tilida duoyi xayr, duoyi bad aytolmaydigan, munojot, nido qilolmaydigan va hatto o‘z tilida... tush ko‘rolmaydigan bir talay odamlar paydo bo‘ldi!

 

*

O‘zbek tili haqida yozuvchi kishi yozuvchi bo‘lishi kerak. Bu bilan til haqida... roman yozilsin, demoqchi emasman. Demoqchimanki, o‘zbek tili haqida o‘zbek tilida yozish zarur. Toki bizning yozganlarimizni «tarjima» qilishga to‘g‘ri kelmasin.

 

*

Ust-bosh, hovli-haram, mol-mulkni, boringki, agar taqdir taqozo etgan bo‘lsa, nachora, xotinni yoki erni ham «almashtirsa» bo‘ladi. Til bundan mustasno. Ona tilini almashtirgan odam bir yo‘la hamma narsadan: o‘z borlig‘idan, vatan va vatandoshlaridan mahrum bo‘ladi. Chunki til fikrning tashqi libosi emas, balki mohiyatidir.

 

*

Til siyosati sohasida hammavaqt har xil mayllarga berilishlar hukm surib keladi. Bizda «tillar daryosi» hech qachon sokin oqqan emas. Suv, qachon qaramang, goh u sohilga, goh bu sohilga urilib, chayqalib, loyqalanib turadi.

 

*

Til taraqqiyoti masalalari bilan shug‘ullangan har bir kishi shuni payqamay qolmaydiki, xoh alifbo, xoh lug‘at, xoh atamachilik jabhalarini olib qaramaylik, biz har bir davrda yo ellik yil ortga qaytamiz, yo ellik yil oldinga qarab yo‘rtamiz. Masalan, birgina alifbo masalasida bir necha ming yillik yozuvlarga ega bo‘lgan o‘zbek tili sovet hokimiyati davrida, atigi o‘n olti yil orasida, uch xil (arab-lotin-rus) alifbo liboslarini almashtirdi!..

 

*

O‘zbeklarda «din ketsa ketsin, imon ketmasin», degan gap bor. Azal-azaldan ma’lum: til ketsa – dil ketadi, dil ketsa – imon ketadi, imon ketsa – millat ketadi, millat ketsa – hamma narsa ketadi... Zotan, millatsiz xalqning o‘zi yo‘q. Shuningdek, tilsiz millat, millatsiz til bo‘lmaydi.

 

*

Muayyan atamalarning turli manbalarda har xil qo‘llanilishini tushunsa bo‘lar. Biroq ayni bir manbada istilohlar qo‘llashda birlik yo‘qligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

 

*

Turg‘unlik davri deb atalmish yillarda o‘zbek tili asosan badiiy adabiyot va matbuot tili bo‘lib, ijtimoiy hayot, oliy maktab, fan va texnika sohalarida uning faoliyati toraya boshladi. Holbuki, ayni xuddi shu jabhalarda keng qo‘llanilishga u juda muhtoj edi.

Chunki tilga ishlov bermay, uning qo‘llanilishini cheklab turib, o‘sha tilda katta zamonaviy madaniyat, fan va texnika asarlari yaratib bo‘lmaydi.

 

*

Har bir inson, peshonasi yetti qarich Suqrot bo‘lib ketganida ham, o‘z ona xalqi, ona vatani va ona tili oldida burchdor. Toabad. Chunki ona tilimiz bizning ong-shuurimizga, qalbimizga, vujudimizga qon bilan, sut bilan yo‘g‘rilgan. Hayot ekanmiz, uni ko‘mib bo‘lmaydi.

 

G‘aybulloh as-SALOM,

filologiya fanlari doktori, professor.

 

 

Izoh: Ushbu hikmatlar, naqllar va qayroqi so‘zlar atoqli tarjimashunos olim va hassos publitsist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi G‘aybulla Salomovning uzoq yillar davomida qayta nashr etilmagan o‘ndan ortiq kitobi sahifalaridan saralab olingan. Ustoz ona tilimizga Davlat tili maqomi berilishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarda o‘z ilmiy-ma’rifiy salohiyati va faol fuqarolik qarashlari bilan  bevosita ishtirok etgan.

Shu kunlarda G‘aybulla Salomov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan ilmiy konferensiya va seminarlar o‘tkazish, taniqli tarjimashunos olimning tanlangan asarlari to‘plamini chop etish kabi muhim tadbirlarga hozirlik ko‘rilmoqda. 

Powered by GSpeech