So‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglik, xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash masalasida juda katta o‘zgarishlar yuz beryapti. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi” degan qat’iy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘zining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy erkinliklari hayotidagi roli va faolligini yanada oshirish, ehtiyojmand xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishning samarali usul va vositalaridan keng foydalanish, ularning bandligini to‘la-to‘kis ta’minlash imkonini oshiradigan maxsus tizim yaratish, xotin-qizlar bilan bog‘liq muammolarni yechishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlash borasida ishlarni tizimli tarzda olib borish zarurligiga alohida e’tibor qaratib, “Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun hamma imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim”, deb ta’kidlagan.
Aynan ana shunday tizimli hamkorlikning natijalari yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan eshituvida axborot berildi.
Qo‘mita eshituvidan maqsad – 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ustuvor vazifalarini amaliyotga tadbiq qilishda ayollarimizga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni yuksak bosqichga olib chiqish, ularning jamiyatdagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, huquq va manfaatlarini ta’minlashda davlat organlari faoliyati yuzasidan parlament nazoratini o‘rnatishdir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov tadbirni ochib, dunyoda xotin-qizlar siyosatini olib borish yo‘lida “O‘zbekiston tajribasi”ning o‘ziga xosligi, Yangi O‘zbekistonda “gender sezuvchan parlament”i shakllanishining Ruanda poytaxti Kigali shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 145- assambleyasida ham e’tirof etilganligiga alohida to‘xtaldi.
Eshituv ishtirokchilari tomonidan, so‘nggi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganligiga e’tibor qaratildi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd. so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi. Bu bilan O‘zbekistonda genderga yo‘naltirilgan byudjet shakllandi.
Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, Gender tenglikka erishish strategiyasida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida qator tadbirlarni amalga oshirish zarurligi hamda mutasaddi tashkilotlarning mas’ulligi belgilangan.
Ichki ishlar vazirligining axborotida aynan tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa ob’ektlarning hisobini yuritish, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki uni sodir etgan g‘ayri ijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash, ularga profilaktik ta’sir ko‘rsatish hamda xulq-atvorini o‘zgartirish tizimini va choralarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari bildirildi.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganligi uchun 32 783 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.Ularning 18 112 tasi ruhiy zo‘ravonlik, 9 155 tasi jismoniy zo‘ravonlik, 340 tasi iqtisodiy zo‘ravonlik, 68 tais jinsiy zo‘ravonlik hamda 6 225 ta tazyiq holatlari aniqlanganligi sababli rasmiylashtirilgan.
Tadbirda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda hali jiddiy e’tibor qaratiladigan muammolar mavjudligi, himoya orderi muddatlarini uzaytirish hamda uning cheklovlarini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirishning huquqiy asoslarini qayta ko‘rib chiqish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Eshituvda fuqarolarning daxldorlik hissini oshirish, davlatga, oilasiga, jamiyatga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, mas’uliyatni his qilishga o‘rgatish, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash, mazkur sohada ijtimoiy hamkorlik mexanizamlaridan to‘liq foydalanish to‘g‘risida tavsiyalar berildi hamda qo‘mita qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 21.10.2022
- Ko'rishlar: 6347
- Chop etish