Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

 O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING PRAGMATIK SIYOSATI VA SIYOSIY IRODASI TUFAYLI MARKAZIY OSIYO MINTAQASI SO‘NGGI YILLARDA O‘Z SALOHIYATINI SEZILARLI DARAJADA OSHIRDI

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20-21 oktyabr kunlari Turkmanistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qizg‘in muhokama hilinayotgani kuzatilmokda.

Xususan, xalqaro tahlilchilar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston yetakchisining mintaqa davlatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha intilishlaridan yaqqol dalolat berishini e’tirof etmoqda.

Zulkifli BAHARUDDIN,

Singapurning O‘zbekistondagi elchisi:

— So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy-siyosiy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosati hamda shaxsiy sa’y-harakatlarining yaqqol natijasi hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun doimiy muloqot o‘tkazish dolzarbligini yana bir bor tasdiqladi. Bunda Toshkentning asosiy e’tibori iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan.

Muhokama qilingan masalalar, xususan, O‘zbekiston — Turkmaniston chegarasidagi savdo zonasini ishga tushirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, energetika, kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida sanoat loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, Amudaryoning suv resurslaridan samarali foydalanish muhim yo‘nalishlar hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega, bunda tomonlar Sharq — G‘arb va Shimol — Janub transport yo‘laklarini, jumladan, Turkmanboshi bandargohi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda rivojlantirishga qaror qildi.

Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning yuqorida qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator vazirliklararo va idoralararo hujjatlarning imzolangani mazkur sammit muvaffaqiyatli o‘tganining yaqqol tasdig‘idir.

Tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar mintaqalararo aloqalarni yanada izchil rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, eng muhimi, Markaziy Osiyo mintaqasida xorijiy kompaniyalar tomonidan biznesni rivojlantirish uchun jozibador va iqtisodiy barqaror iqlimni shakllantirishga zamin yaratadi, deb hisoblayman.

Um Gu XO,

Xanyang universiteti xuzuridagi Osiyo — Tinch okeani tadqiqotlari markazi direktori (Janubiy Koreya):

— O‘zbekiston va Turkmanistonning ko‘p asrlik tarixiy-ma’naviy rishtalarga asoslangan qardoshlik munosabatlari keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonchning yuksakligi bilan ajralib turadi.

So‘nggi yillarda muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgan O‘zbekiston — Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratmoqchiman, bu butun Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamkorlikning yangi muhitini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosatini ham alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Respublika rahbari tomonidan yaqin qo‘shnilar bilan aloqalarni faollashtirish yo‘lida har tomonlama puxta ko‘rib chiqilgan qat’iy qadamlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlashuvga mustahkam zamin yaratdi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, bugungi kunda mintaqada Afg‘oniston bilan bog‘liq yangi voqelik yuzaga kelayotgan bir paytda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi konstruktiv hamda o‘zaro foydali hamkorlik nafaqat ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi, balki bir-birini to‘ldiruvchi ehtiyojlar bo‘yicha sheriklikni yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Bu ulkan Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning asosiy omilidir.

Sammit yakunlarini, xususan, Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘ining ochilishi, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida chegara savdo zonasini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihaning ishga tushirilishini tahlil qilar ekanman, tashrif, haqiqatan ham, samarali kechdi hamda O‘zbekiston — Turkmaniston munosabatlarini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi, deb hisoblayman.

Mesut Emre KARAKO‘SE,

Strategik tadqiqotlar markazi direktori, Buyuk Millat Majlisi (parlament) eksperti (Turkiya):

— Men ushbu tashrif jarayoni va ikki davlat rahbarlarining samarali uchrashuvini katta qiziqish bilan kuzatdim. Turkmaniston poytaxtida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ham ikki tomonlama, ham xalqaro maydonda yaqin hamkorlikni nazarda tutuvchi Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro hamda mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarida dunyodagi nufuzli tashkilotlar doirasida bir-birini doimo qo‘llab-quvvatlab keladi. Tashrif chog‘ida tomonlar BMT, YeXHT, MDH, ShHT, TDT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol hamkorlik qilish qat’iyatini yana bir bor tasdiqlagani quvonarli holdir.

O‘zbekiston Prezidentining pragmatik siyosati va siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyo keyingi yillarda o‘z salohiyatini sezilarli darajada oshirdi.

Muzokaralar kun tartibidagi muhim masala Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘ldi. Ikki davlat Prezidentlari ushbu mamlakatdagi vaziyatni tezroq barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyixalarini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga ham kelishib oldilar.

Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Turkmaniston, shuningdek, butun jahon hamjamiyatining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat, albatga, tinch yo‘ldan boradi.

Sulaymon XIVEChI,

«Ala Tejarat Mahad Qabous» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi, Eron yoshlar jamiyatining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari:

 — Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Tashrifni kuzatar ekanman, uning dasturi, qolaversa, madaniy-ma’rifiy jihatlariga alohida e’tibor qaratdim.

Bu O‘zbekiston Prezidentining davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan boshlab Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan yangi siyosiy muhitni yaratish, barqaror taraqqiyotga erishish bo‘yicha o‘zining birinchi va eng muhim tashabbusiga qat’iy siyosiy irodasi hamda sodiqligidan yana bir bor dalolat beradi.

Toshkent va Ashxobod o‘rtasidagi salmoqli hujjatlar to‘plami, jumladan, “Xorazm — Toshhovuz” chegara savdo zonasini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihaning ishga tushirilishi qardosh mamlakatlar ko‘p qirrali strategik sheriklikni yanada kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun mavjud ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, O‘zbekiston rahbari tomonidan keyingi yillarda olib borilayotgan mintaqaviy tashabbuslar mintaqa taraqqiyoti, uni do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hamkorlik va o‘zaro yordam makoniga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shabbir Ahmad XON,

Peshovar universiteti mintaqaviy markazining direktori, professor (Pokiston):

— Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan buyon tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z qarashlariga muvofiq, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirmoqda.

O‘zbekiston yetak chisi xavfsizlik va rivojlanish masalalarini muntazam muhokama qilish uchun mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi, buning natijasida Markaziy Osiyo respublikalari o‘zaro kelishilgan va muvofiqlashtirilgan yondashuv orqali mintaqalararo savdo va amaliy hamkorlikni tobora kengaytirmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga, mintaqa doirasidagi umumiy yondashuvlarni ilgari surishga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Ikki davlat rahbarlari chegara savdosi, hududlararo hamkorlik, transport, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik, suvdan foydalanish va sanoatni rivojlantirishni alohida qayd etdilar.

Transport sohasidagi hamkorlik ikki davlat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aloqa tizimlarining integratsiyasi uchinchi mamlakatlar va mintaqalar bozorlariga kirish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqa davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — O‘mon mintaqalararo transport yo‘lagini ishga tushirganini qayd etishni istar edim.

Mazkur tashrif ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi iliq qardoshlik munosabatlari rivojida yana bir muhim bosqich bo‘ldi.

Migel Alvares de EULATE,

Strategik va xalqaro tadqiqotlar fondi direktori (Ispaniya):

— O‘zbekiston rahbari besh yildan ziyod vaqt davomida qo‘shni davlatlar bilan ham yaxshi qo‘shnichilik, ham ikki tomonlama hamkorlik, ham ko‘p qutbli sheriklik munosabatlarining muhim, strategik masalalarini hal etish uchun munosib poydevorni yaratdi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy va savdo-iqtisodiy yaqinlashuvi tashabbuskori sifatida mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi, shuning uchun qo‘shni davlatlar O‘zbekiston bilan barcha sohada faol hamkorlikni davom ettirishi zarur.

Muhokama qilingan masalalar ko‘lami ikki tomonlama munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatini tasdiqlaydi. O‘zbekiston rahbarining Turkmanistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida Markaziy Osiyo mintaqasidagi har bir davlatning milliy manfaatlariga to‘liq javob beradigan, sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda.

«Dunyo» AA.

 

Powered by GSpeech