Obod shahar – farovon hayot garovi

31 oktyabr – Butunjahon shaharlar kuni

 

         Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2013 yil 27 dekabrda qabul qilgan rezolyusiyasiga muvofiq, 31 oktyabr – Butunjahon shaharlar kuni deb e’lon qilingan.

         BMT xalqaro sanalardan mavjud muammolar bo‘yicha xabardorlikni oshiruvchi, ogoh etuvchi kuchli vosita sifatida foydalanib keladi. Zero, ushbu sanalar manfaatdor tomonlarga kun mavzusi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish va muammolarga ko‘proq insonlarning e’tiborini jalb qilish imkoniyatini beradi.

         Xalqaro sanalar BMT Bosh Assambleyasi qarori asosida nishonlanadi. BMTga a’zo davlatlar mazkur kunlarni e’lon qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishlari mumkin, nishonlash to‘g‘risidagi qaror esa konsensus orqali qabul qilinadi. Xalqaro kunlarning mavzulari BMTning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va gumanitar yordam ko‘rsatish kabi sohalardagi faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi.

         BMT-Habitat – Birlashgan Millatlar Tashkilotining kelajak shahrini takomillashtirishga yo‘naltirilgan dasturidir. Uning vazifasi aholi punktlarini ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish va barchaning munosib uy-joy bilan ta’minlanishiga erishishdan iborat. Mazkur dastur – targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazish, hukumatlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali aholi punktlarining barqaror rivojlanishiga yordam beradi.

         BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2050 yilga kelib dunyo aholisining shaharda yashovchi qismi ikki baravarga ortishi kutilmoqda. Buning oqibatida esa  uy-joy, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, munosib mehnat faoliyati olib borish, resurslar tanqisligi bilan bog‘liq qator muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois 2016 yil 23 dekabrda BMT tomonidan “Shaharlarni rivojlantirishning yangi dasturi” qabul qilingan.

         Texnika taraqqiyoti va innovatsiyalar insonlarning hayot darajasi yuksalishiga, davlatlar ravnaq topishiga olib kelishi bilan birga, qator muammolarni ham keltirib chiqardi. Zavod-fabrikalar qurilishi, avtomobil va transport vositalarining ko‘payishi ko‘plab ekologik muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

         Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlar doirasida yangi binolar qurish, eskilarini ta’mirlash jarayonlarida ham tabiatni muhofaza qilish diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Yurtimizda aholiga munosib turmush tarzi yaratish, yashash sharoitlarini yaxshilash uchun yangi ko‘pqavatli turar joylar qurish jarayonlarida daraxtlarni noqonuniy kesish va ekologiyaga zarar yetkazuvchi boshqa omillar bilan kurashishga katta ahamiyat berilmoqda.

2019 yil 10 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan. Farmon davlat tomonidan urbanizatsiyani maqsadli tartibga solish va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar va kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutadi.

Urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.

         Shuningdek, 2019 yil 24 yanvarda Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Partiyaning asosiy maqsadi barqaror rivojlanishga, ekologik xavfsizlikka erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni saqlash va qulay atrof muhitni yaratishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashishga qaratilgan.

         2021 yil 30 dekabrda esa O‘zbekiston Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilishi hamda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilishi belgilab qo‘yildi.

         Joriy yil 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida “Ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani ham bu borada olib borilayotgan islohotlarga qaratilayotgan e’tiborning yuksakligini bildiradi.

         Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas. Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmasak, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz”.

         E’tirof etish joizki, yurtimiz bo‘ylab muntazam ravishda tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini dolzarblashtirishga bag‘ishlangan ekologik aksiyalar, ko‘rgazmalar, seminarlar va anjumanlar o‘tkazilib kelinadi. Mamlakatimizda ekologik ta’lim tizimini samarali yo‘lga qo‘yish orqali aholining ekologik madaniyatini oshirish mumkin.

Ekologik madaniyatli aholini shakllantirish yurtimizning yanada obodonlashishiga, atrof-muhitning go‘zallashishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, yoshlarni tabiatni sevish va qadrlashga, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanishga o‘rgatish davlatimiz ravnaqida muhim ahamiyatga ega.

 

Go‘zal FAXRIDDINOVA,

«Demokratlashtirish va inson huquqlari» 

jurnali tahririyati bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech