KITOBSEVAR MILLAT, ZIYOLI JAMIYATMIZ

Mamlakatimiz poytaxtida joriy yilning 2-4 noyabr kunlari “Tashkent Book Fest–2022” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidentining “Besh tashabbus” loyihasi hamda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni doirasida tashkil etildi.

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hayotimizning barcha sohalarida samara bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangan. Shu negizda ayni yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtboshimiz rahbarligida ishlab chiqilgan va hayotimizga izchil tatbiq etilayotgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur dasturilamal hujjat kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yo‘nalishidagi ma’rifiy chora-tadbirlarning ham mantiqiy davomi hisoblanadi.

 Taraqqiyot strategiyasida 100 dan ortiq ustuvor yo‘nalish belgilab berilgan. Jumladan, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, xalqimizni yuqori sifatli kitob va bosma mahsulotlar bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

 “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan.

Bu haqda so‘z borganda, Prezidentimizning tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda noshirlik, adabiyot, kutubxona va kitobxonlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘nga yaqin farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilinganini ta’kilash lozim. Ayniqsa, 2021 yil 26 noyabrda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilingani soha taraqqiyotida alohida o‘rin tutib kelmoqda.

Sohaga oid ushbu huquqiy hujjatlarning ahamiyati nimada? Birgina raqam keltiramiz: 2019-2022 yillarda yurtimiz nashriyotlari tomonidan 26 ming 754 nomdagi 132 milliondan ortiq adabiyot va matbaa mahsulotlari nashr etilgan. 

Demak keyingi 6 yil ichida shuncha ulkan miqdordagi kitoblar yurtdoshlarimizning qo‘liga yetib bordi. Yanada muhimi, ushbu kitoblar biz ziyolilarga ma’naviy madadkor bo‘lmoqda, yoshlarimizga esa qanot bag‘ishlamoqda.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda, «Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir». Nega deganda, kitoblar milliy o‘zlik hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Mustaqillik tufayli ko‘p ming yillik asl ildizlarga qaytib, milliy davlatchilikni, milliy o‘zlik va ma’naviyatni, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatni tiklashdek huquqiy imkonlarga ega bo‘ldik. Istiqlol kitobxon xalq degan azaliy yuksak mavqeimizni nafaqat qaytarib berdi, ayni chog‘da, bu boradagi intellektual salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni tubdan oshirishning asosiy omili bo‘lib ham kelmoqda.

Mamlakatimizda “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida har yili “Kitob bayrami” tadbirlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Uushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, akademik Akmal Saidov ta’kidlaganidek, davlat tomonidan adabiyotni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va erishilayotgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimiz, jumladan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilash, kitobga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplashda o‘z samaralarini bermoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istarddiki, ota-onalar muntazam ravishda o‘z farzandlarini kitob do‘konlariga olib borishlari, ularning kutubxonaga qatnashini rag‘batlantirishlari zarur. Ayniqsa, insonlarning bir-biriga kitob sovg‘a qilishi an’anasini keng joriy qilish kerak.

Hozirgi kunda yurtdoshlarimiz orasida bayram, to‘y va tug‘ilgan kunlarda kitob sovg‘a qilish ommalashib borayotgan bo‘lsa-da, ayrimlar haligacha kitob hadya etishdan or qiladi, uyaladi. Vaholanki, kitobdan ulug‘ sovg‘a bormi? Yo‘q, aslo!

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech