Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

INSON MANFAATLARI — IQTISODIY ISLOXOTLARNING BOSH MAZMUNI

Samarqand shaxrida II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi o‘z ishini boshladi. “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzuiga bagishlangan ushbu anjumanda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli iqtisodchilar, investorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

“Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasining Kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan forum O‘zbekistonning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasi, iqtisodiy imkoniyatlari, dunyo hamjamiyati bilan hamkorligi va rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish maydoniga aylanishi kutilmoqda.

Forum avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatini o‘qib berdi.

Murojaatda keltirilganidek, dunyoda davom etayotgan murakkab pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari, turli notinchliklar hamda ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi muammolari inson taqdiri haqida jiddiy bosh qotirishni kun tartibidagi dolzarb masalaga aylantirdi.

 

“Bugungi forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi”, deya ishonch bildirgan davlatimiz rahbari.

Birinchi O‘zbekiston iqtisodiy forumidan beri o‘tgan yil davomida geosiyosiy keskinliklar, ta’minot zanjirlarining buzilishi, iqlim o‘zgarishi oqibatida kelib chiqqan tabiiy ofatlar, yuqori inflyatsiya va boshqa muammolar jahonning eng rivojlangan davlatlari uchun ham ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.

Mamlakatimiz ushbu va boshqa paydo bo‘layotgan murakkab iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni izchillik bilan hal qilmoqda. Asosiy kuchi xususiy sektor bo‘lgan ochiq va barqaror iqtisodiyot tomon tub o‘zgarish jarayoni izchillik kasb etayotir. Sinovlar davlatimiz rahbari boshchiligida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida oldinga siljish va islohotlarni davom ettirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Birinchi yalpi yig‘ilish mamlakatimiz erishgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va yaqin kelajakda respublikani oldinga olib chiqadigan ulkan rejalarga bag‘ishlandi. Unda xalqaro sheriklar va biznes vakillari bilan hamkorlikning hayotiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Ko‘chqorov, Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jaev, Jahon banki vitseprezidenti Anna Berde, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda “TVS Ogoir” rahbarlari ishtirok etdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri dastavval 800 dan ortiq mehmonlar qatnashgan birinchi O‘zbekiston iqtisodiy forumining natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

Anna BERDE,

Jahon banki vitseprezidenti:

— Bir oy oldin men O‘zbekistonda bo‘lib, Prezident va hukumat vakillari bilan uchrashib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan edik. Biz O‘zbekistonning Jahon banki bilan munosabatlarning 30 yilligini nishonladik. O‘zaro hamkorlik mamlakatingizdagi islohotlar samaradorligida muhim rol o‘ynadi. Ayniqsa, 2017 yildan boshlab respublikadagi beqiyos o‘zgarishlarning yangi bosqichi mintaqaga yangi ruh olib kirdi.

Biz bugun sayyoramizda turli notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan murakkab bir vaziyatda uchrashib turibmiz. Bir necha hafta oldin bank mintaka uchun yangilangan prognozni e’lon qildi, bu 2022 yil aprel oyidagi oddingi prognozga qaraganda ijobiyroq bo‘ldi. Global iqtisodiy inqiroz oqibatlariga qaramay, mintaqa mamlakatlari tovar va xizmatlar eksportini oshirdi. Yana bir e’tiborli jihat shundaki, Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekistonga kapital oqimi ko‘paydi.

Konstantin LIMITOVSKIY,

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitseprezidenti:

— O‘zbekistonning tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo mintaqa tashqarisidagi yirik davlatlar va nufuzli xalqaro tuzilmalar uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro hamjamiyat, investor va ekspertlar yangi O‘zbekistonda islohotlar, demokratik yangilanish va inson huquqlari himoyasi ortga qaytmas tus olganini ko‘rib turibdi. Qonun ustuvorligi, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, inson ququqlari va gender tenglikni, so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Keyingi paytlarda O‘zbekistonning islohotlar o‘tkazish barobarida mintaqalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan turli anjumanlarga mezbonlik qilayotgani, ilg‘or tashabbuslarni ilgari surayotgani Markaziy Osiyoning moliyaviy va iqtisodiy imkoniyatlarini oshiradi. Ayniqsa, mamlakatning muqobil energetika, xususan, quyosh, shamol va gidroenergetika kabi sohalarga investitsiyalarni jalb etayotgani e’tiborga molik.

Yoxannes LINN,

AQShning Bruking instituti barkaror tarakkiyot markazi katta ilmiy xodimi:

— Men 1996 — 2003 yillarda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitseprezidenti lavozimida ishlaganman va yana Samarqandga kelganimdan xursandman. Nazarimda o‘sha paytda muloqot qurish ancha qiyinroq edi. Bugun esa O‘zbekistonni erishgan yutuqlari bilan tabriklayman, bunday taraqqiyotni ko‘rish quvonarli, albatta.

So‘nggi o‘n yilliklarda Yevroosiyo mamlakatlari o‘rtasidagi integratsiya, jumladan, savdo va trans port aloqalari sezilarli darajada oshdi. Biroq imkoniyatlardan yanada samaraliroq foydalanish mumkin. Buning uchun izlanishlar bor. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning turli xalqaro va mintaqaviy anjumanlar doirasida yangi hamkorlar va tranzit yo‘laklarini izlashi, shuningdek, ichki bozorni rivojlantirish va davlatlarning o‘zlari o‘rtasidagi chegaralar shaffofligini oshirishga e’tibor qaratishi tahsinga molik. Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron kabi davlatlar bilan savdo, investitsiya, yuqori texnologiyalar sohasidagi munosabatlarni mustahkamlash bilan bir qatorda, Afg‘onistonni turli integratsiya loyihalariga jalb etishga qaratilgan O‘zbekiston rahbariyati sa’y-harakatlari qo‘llab- quvvatlashga loyiq.

Koba GVENETADZE,

Gruziya Milliy banki boshqaruvchisi:

— 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakat rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Aytmoqchimanki, bu choralar tufayli O‘zbekiston mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash, biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, investorlar huquqlarining himoyasini ta’minlash, infratuzilmani jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Islohotlar izchillik bilan davom etadigan bo‘lsa, O‘zbekiston 2030 yilga borib, aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishga qaratilgan maqsadiga albatta erishishiga ishonaman. Keyingi paytlarda shunga guvoh bo‘lyapmizki, investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlar yaratilgan, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlar qat’iy davom ettirilmoqda. Bu jabhalarda O‘zbekistondan o‘rganishga arziydigan tajribalar ko‘p.

— Birinchi forum avvalgi besh yil davomida amalga oshirilgan islohotlar sarhisobi va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan edi, — deydi J. Ko‘chqorov. — Shuningdek, mazkur forum doirasida xususiylashtirish, davlat-xususiy sherikligi, kredit liniyalari va boshqa hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ellikdan ziyod shartnomalar imzolangan edi. Shu bilan birga, o‘tgan yilgi forumdagi muzokaralar va uchrashuvlar 2022 — 2026 yillar uchun Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga yangicha yondashuv, fikr va dadil maqsadlarni taklif etishga ishonch bag‘ishlagan edi. Ushbu takliflar va maqsadlar hurmatli Prezidentimiz tomonidan ma’qullanib, Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topdi. Bu yilgi forum esa o‘tgan yilgi tadbirning mantiqiy davomidir. Ikki kun davomida Taraqqiyot strategiyasidan o‘rin olgan islohotlarni real hayotda amalga oshirish hamda belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha fikr almashamiz.

Qayd etilganidek, “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzuidagi forum maqsad-mohiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilingani va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

Taraqqiyot strategiyasining markazida, birinchi navbatda, inson qadri va manfaati turadi. Unda 2026 yilgacha mamlakatimizda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM miqdorini amaldagi 2000 dollardan 2800 dollarga olib chiqish hamda iqtisodiy o‘sishning inklyuzivligini ta’minlash orqali kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirish asosiy maqsad sifatida aks ettirilgan. Bu orqali 2030 yilga borib jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM miqdorini 4000 dollardan oshirish va o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun qat’iy maqsadga erishish yo‘lida navbatdagi bosqichni muvaffaqiyatli bosib o‘tgan bo‘lamiz.

Iqtisodiyotning yuqori sur’atlarda o‘sishini ta’minlash esa sohani yanada erkinlashtirish va unda xususiy sektor ulushini oshirishni taqozo etadi. Shuning uchun ham bu galgi forumda uch yuzta xususiy sektordan o‘zbek biznes vakillarining ishtirok etayotgani quvonarlidir.

 

Ma’lumki, davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bozor islohotlarining yordamga muhtoj qatlamlarga salbiy ta’sirini kamaytirish va manzilli ijtimoiy himoya choralarini ko‘rishdan iborat. Shu bois ushbu forumga ijtimoiy sohadagi eng faol nodavlat notijorat tashkilotlar ham taklif qilingan. Ular, avvalo, muhtoj insonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘mak ko‘rsatish bilan birga hukumatga ijtimoiy himoya choralarini to‘g‘ri belgilashda yordam berib kelmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi hamkor ishtirokchilar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari safining kengligi bilan o‘tgan yilgidan farq qiladi. Shu bilan birga, hamkorlarga forum doirasida o‘z tadbirlarini tashkil etishlari uchun platforma taqdim qilingan.

II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi bugun ham o‘z ishini davom ettiradi.

Abdulaziz YO‘LDOSHEV

(«Xalq so‘zi»).

 

Powered by GSpeech