JAHON KONSTITUTSIYALARI ENDI O‘ZBEK TILIDA

So‘nggi yillarda mamlakatimiz hayoti Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi demokratik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar sari qo‘yilgan muhim qadam, ijobiy o‘zgarishlarga boy bo‘ldi.

Ana shunday qadamlardan biri aholi keng qatlami va saylovchilar xohish-irodasi bo‘lmish konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat edi. Zero, har qanday demokrtik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega bo‘lsagina bardavom va samarali bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy islohot barqaror rivojlanishning zarur yuridik zamini, deyish mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinligini to‘liq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak.

– Milliy va jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak, – deya ta’kidlanishi davlatimiz rahbarining mazkur sohaga oid izchil harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildiradi. Negaki, jahon amaliyoti islohotlarni izchil amalga oshirishda, aynan jamiyat va davlatni modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatyapti.

 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Jahon konstitutsiyalari” nomli ilmiy-tahliliy to‘plam o‘zbek tilida nashr qilingani esa ayni muddoa bo‘ldi.

Men mazkur kitob orqali jahon tajribasini o‘rgangan holda rivojlangan mamlakatlarning Konstitutsion islohotlari, jumladan, qonunning matbuot va so‘z erkinligiga oid qismini tahliliy ko‘rib chiqdim.

Darhaqiqat, jahon tajribasini sinchiklab tahlil qilar ekanmiz, bugun dunyoda hech bir davlatning Konstitutsiyasi ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolmaganiga guvoh bo‘lamiz. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida Konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi qomus qabul qilindi. Bu borada hujjatga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan o‘n mamlakat sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi.

Yaqinda nashr qilingan “Jahon konstitutsiyalari” ilmiy-tahliliy to‘plami mamlakatning bir guruh huquqshunoslari tomonidan tayyorlandi.

To‘plam “Jahon konstitutsiyalari laboratoriyasidan lavhalar” deb nomlangan so‘z boshi bilan boshlanadi. Kitobxonlar e’tiboriga havola etilayotgan to‘plam jahonning eng ilg‘or 11 davlati – AQSh, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Italiya, Polsha, Chexiya, Iordaniya, Slovakiya, Fransiya, Yaponiyaning konstitutsiyaviy tuzumi to‘g‘risidagi qisqacha ocherklar va konstitutsiyalarning rasmiy matnidan tashkil topgan. Har bir ocherkda mamlakat nomi, hududi, aholisi, diniy e’tiqodi, davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari haqida qisqacha tahliliy ma’lumotlar keltirilgan.

To‘plamni tayyorlashda xorijiy mamlakatlar Konstitutsiyalari va qonunlari haqidagi hujjatlar puxta o‘rganilgan. Shuningdek, monografiyalar, yuridik jurnallarda e’lon qilingan maqolalar, xorijiy huquqshunos olimlar asarlari tarjimalari va turli davlatlarning Konstitutsiyaviy tuzumi to‘g‘risidagi axborot resurslarini o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma tarzidagi nashrlardan foydalanilgan.

Mazkur to‘plamni varaqlar ekanmiz, uning so‘z boshisida keltirilgan aniq dallilar orqali diyorimizda Konstitutsion islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, davlat yetakchisi Shavkat Mirziyoev, asosiy tashabbuskori  esa – mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari ekanini yana bir bor qalban his qilamiz.

“Jahon konstitutsiyalari” kitobini yaratishdan bosh maqsad – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida jamoatchilikni dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalari bilan tanishtirishdan iborat, – deb yozilgan to‘plamning kirish so‘zida. Zero, Konstitutsiya muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida insoniyat tamaddunining yutug‘i, umuminsoniy qadriyat va demokratik taraqqiyotning yuridik asosidir.

Mustaqil tadqiqotchi sifatida ushbu to‘plam bilan tanishar ekanman, “har qanday zamonaviy demokratik davlat Konstitutsiyasida kamchiliklar mavjud. Shu o‘rinda amaldagi Konstitutsiyada bizga nima to‘g‘ri kelmaydi, qanday o‘zgartirish taklif etilmoqda, nimani saqlab qolish lozim, degan savollarga javob berish zarur”, – degan fikr beixtiyor xayolimdan o‘tdi. Negaki, turli mamlakatlardagi Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar, asosan tashqi va ichki tahdid hamda xatarlarni inobatga olib, ularga javob berishga qaratilgani bilan o‘zaro o‘xshashligini ta’kidlash joiz.

Hozirda zamonaviy konstitutsiyalar bundan yuz yil oldin dolzarb bo‘lmagan – atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kelajak avlod huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi hayotiy masalalarni qamrab olgan.

Shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, ilmiy-texnologik va innovatsion rivojlanish kabi elementlarni joriy etish masalalari ham alohida e’tirof etilmoqda. To‘plam mualliflari kitobxon diqqat-e’tiborini aynan shu masalalarga qaratishga muvaffaq bo‘lgan.

Muxtasar aytganda, ilk bor o‘zbek tilida chuqur ilmiy izlanish va tahlil evaziga to‘plangan, tarjima qilib, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning sharh va tahlillari bilan to‘ldirilgan ilmiy to‘plam mohiyatan dolzarb, deb hisoblayman.

Mazkur ensiklopedik to‘plam bilan tanishishda mening e’tiborimni ko‘proq tortgan jihat, hozirgi zamonning eng dolzarb masalalaridan biri – jamiyatda raqamli huquqni mustahkamlash va rivojlantirish, axborot jamiyatini institutlashtirish, kiberxavfsizlikni huquqiy jihatdan tartibga solish yo‘nalishlarida qonunlarning ishlab chiqilishi, yuridik normalarning tartiblanishi jahon tajribasida qanday qo‘llangani bo‘ldi.

Mazkur masalalar bo‘yicha “Jahon konstitutsiyalari” to‘plamiga davlatlarning so‘z va matbuot erkinligi borasida konstitutsiyaviy normalardan ba’zi misollar keltirishni joyiz deb bilaman.

AQSh Konstitutsiyasida so‘z va matbuot erkinligi e’tiqod erkinligi bilan teng e’tirof etilayotgan bo‘lsa, ularning erkinligini taqiqlovchi qonun qabul qilinmasligi alohida belgilab qo‘yilgan.

– Kongress dinni mustahkamlaydigan yoki diniy e’tiqod erkinligini ta’qiqlovchi yoxud so‘z, matbuot erkinligini, xalqning tinch to‘planish va shikoyatlarini qanoatlantirish uchun iltimosnoma bilan hukumatga murojaat etish huquqini cheklovchi bironta ham qonun qabul qilishi mumkin emas, – deyiladi AQSh Konstitutsiyasida.

Germaniya Konstitutsiyasida esa so‘z va matbuot erkinligi inson huquqlari asosini tashkil etishini hisobga olib, asosiy huquqlar to‘g‘risidagi birinchi bo‘limga kiritilgan. Bu bo‘lim Muqaddimadan keyinoq kelishi so‘z va fikr erkinligi inson huquqlarining ajralmas va o‘ta muhim bo‘lagi ekanidan dalolatdir.

Slovakiya Konstitutsiyasining siyosiy huquqlar bo‘limida OAV erkinligi hamda uning ma’lum shaxslarning  manfaatlariga xizmat qilishini oldini olish va hokimiyatning tegishli axborotlarni davlat tilida berishi majburiyati yuklangan. Eng muhimi, axborot olish erkinligi va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha huquqiy imkoniyatlar berilgan bo‘lib, bizning konstitutsiyamizga ham takliflar tayyorlashda tajriba sifati ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.

Ommaviy axborot vositalari erkinligi borasida Polsha Konstitsiyasida matbuot chiqarish uchun litsenziya berish taqiqlanadi. Bunda  qonun tomonidan radio yoki televidenie stansiyasini ekspluatatsiya qilish uchun dastavval litsenziya olish majburiyati joriy etilishi mumkinligi Konstitsiyaning 54-moddasida qayd etilgan.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 51-moddasida “Har kim noto‘g‘ri, to‘la bo‘lmagan yoki qonunga zid yo‘l bilan to‘plangan axborotni to‘g‘rilash, shuningdek, uni yo‘qotishni talab qilish huquqiga ega”, deb belgilangan. Ushbu moddaning ijtimoiy tarmoqlarda avj olib borayotgan tartibsizliklarning oldini olishga qaratilganligi ayni vaqtda Polsha matbuotini kuzatish jarayonida ham ko‘zga tashlanmoqda.

Yaponiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, matbuot bilan bog‘liq jinoyatlar yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilganini ko‘rish mumkin. “Agar sud yakdillik bilan oshkoralik davlat tartibi yoki axloqi uchun xavf tug‘dirishi to‘g‘risida qaror qabul qilsa, ishlarni sudda ko‘rish yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishi mumkin”, deya belgilab qo‘yilgan 82-moddada.

Iordaniya Konstitutsiyasida e’lon qilinayotgan media materiallar manbalarining nazorat qilinishi qonun bilan belgilab qo‘yilishi qayd etilgan. Shuningdek, harbiy holat yoki favqulodda holat e’lon qilingan taqdirda, qonun jamoat xavfsizligi va milliy mudofaa maqsadlari bilan bog‘liq masalalarda gazeta, jurnal, kitob va axborot-kommunikatsiya vositalariga cheklangan senzurani joriy qilishi mumkin.

Saudiya Arabistonining Bosh qomusida ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va boshqa ifoda vositalari xushmuomala, adolatli faoliyat yuritishi hamda qonunlarga rioya qilishi kerakligi, ular ommani tarbiyalashda va milliy birlikni mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shishi kerakligi keltirilgan. Tartibsizliklar va nizoga olib keladigan yoki davlat xavfsizligi, uning ijtimoiy obro‘siga putur yetkazadigan yoxud inson qadr-qimmati va huquqlarini kamsitadigan har qanday harakatlar taqiqlanadi. Ushbu masalalar tegishli qonun bilan tartibga solinadi.

Ishonamanki, o‘zbek tilida nashr etilgan “Jahon konstitutsiyalari” nomli ilmiy-tahliliy to‘plam mamlakatmizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarni jahon tajribasi asosida amalga oshirishda o‘ziga xos ilmiy manbaa bo‘lib xizmat qiladi.

 

Dilnoza Kayumova mustaqil tadqiqotchi

Barqaror rivojlanish markazi

 

Powered by GSpeech