Advokaturaning rivojlanish istiqbollari: O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi

2022 yil 4 noyabr kuni Toshkentda “Advokaturaning rivojlanish istiqbollari: O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman O‘zbekiston Advokatlar palatasi tomonidan Adliya vazirligi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamda Yevropa ta’lim dasturi (HELP) bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro anjuman ishiga yutuqlar tilar ekan, O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning advokaturani rivojlantirish borasidagi tajribasi tahlili va ushbu soha istiqbollari muhokamasi bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri ekanini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosat markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadi mujassam. So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Harakatlar strategiyasi doirasida bu borada amalga oshirilgan islohotlarning natijalari haqida so‘z borganda, davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ayni shu masala yuzasidan belgilab berilgan ishlarning ahamiyatini alohida e’tirof etish lozim.

Farmon ijrosi doirasida, avvalambor, sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlash maqsadida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va ularning vakillari tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi. Shuni ham qayd etish joizki, jazoni o‘tash joylaridan shikoyatlar kelishi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlandi. Bu borada, ayniqsa, ikkita muhim natijaga erishildi.

Birinchidan, ilgari mahkum yoki uning advokatining kassatsiya shikoyati Oliy sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda o‘rganilgandan keyin protest kiritilgan taqdirdagina sudlov hay’atida ko‘rilgan. Endilikda sudlangan tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi. Bu, o‘z navbatida, sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, ilgari berilayotgan shikoyatga nisbatan bir qancha talablar mavjud edi. Jumladan, barcha sud qarorlari va javob xatlarini, mahkumga jazoni ijro etish muassasasi tomonidan berilgan tavsiyanomalar, sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma kabi hujjatlar taqdim etilmasa, bunday holat shikoyatni ko‘rmasdan qaytarishga asos bo‘lgan. Hozirda qonunchillikka kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, shikoyat qiluvchi tomonidan sudga faqatgina shikoyatning o‘zi berilishi kifoyadir.

O‘z navbatida, Taraqqiyot strategiyasining 19-maqsadi – “Advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish”dan iborat.

Bu ustuvor maqsadga erishish uchun bir qator muhim vazifalar belgilangan. Ya’ni:

birinchidan, advokatura institutini to‘laqonli o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish va tizimga yosh malakali kadrlarni jalb qilish;

ikkinchidan, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish;

uchinchidan, advokatlar malakasini oshirish tizimini zamonaviy va institutsional asoslarini shakllantirish;

to‘rtinchidan, advokatlik faoliyatini raqamlashtirish. Boshqacha aytganda, advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini
joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari
bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;

beshinchidan, bepul huquqiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish;

oltinchidan, notariat va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlarining xizmatlaridan ovoragarchiliksiz, shu jumladan masofadan turib va “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanishni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Bu boradagi huquqiy va tashkiliy-amaliy ishlar allaqachon boshlanib ketgan.

Xalqaro anjuman davomida advokatura institutining inson huquqlarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirish, bu borada tajriba almashish, raqamlashtirish davrida advokatlik faoliyatining istiqbollari muhokama markazida bo‘ldi. O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi A.Ernazarov advokatura institutining chinakam mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi, deyiladi O‘zA xabarida. Bu yo‘lda advokatlarga imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. 

Advokatlarning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Ularning onlayn litsenziya olish imkoniyati yaratilayotgani ovoragarchiliklarga chek qo‘yib, bor kuchini fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlarini himoya qilishga sarflashiga yo‘l ochadi. Malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish, advokatlik byurosini ro‘yxatdan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Shuningdek, “Yuridik yordam” axborot tizimi yaratilmoqda. Tizim orqali advokat so‘rovini elektron yuborish, elektron tartibda advokat orderini olish, advokatlar, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashishni samarali yo‘lga qo‘yishga imkon beradi. Tizim, o‘z navbatida, advokatning elektron shaxsiy kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatishiga ham yo‘l ochadi. 

Konferensiyada bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarga yechim izlash, advokatlarning malakasini oshirish va tadbirkorlik sub’ektlariga hamda investitsiya faoliyatida malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini tahlil qilish hamda amaliyotning dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashildi. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

hudud24.uz

UzA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech