O‘ZBEKISTON BAYROG‘I

Har qanday lashkarning ham

O‘z tug‘i, yalovi bor,

Sen qaysi saltanatdan,

Sen qaysi davlatdan kam.

Qo‘rg‘onlar qatorida

Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,

Vallamat, tug‘dor yurtim,

Muhtasham Respublikam.

 

O‘ylayman, ha, olamda

Nisbiy erur ko‘p holat,

Zamona g‘alviridan

Har narsa o‘taverar.

Tarix uchun va lekin

Kim ham bergay kafolat,

Yakka inson bir yo‘lchi:

Kelaru ketaberar.

 

Qadim-qadim zamonda

Yunonlik haykaltarosh,

Bir san’at yaratibdi,

Maqsadi — bir burda non.

Haykal esa asrlar

Sinoviga bermish dosh,

Bugun uni ko‘klarga

Ko‘tarar butkul jahon.

 

Ko‘zni kattaroq ochib

Boqsang bu muammoga,

Alam qilgulik qadar

Kam yashar inson zoti,

Faqatgina xalq sohib

Bardavom bu dunyoga,

Asragay har qas nomin

Faqat xalqning hayoti.

 

Sanasang hodisot mo‘l

O‘zbekning tarixida,

Har biriga bir noma

Yoki doston bitgulik.

Ne zotlar oqmagan bu

Asrlar arig‘ida,

Har biri bitta xalqning

G‘ururiga yetgulik.

 

Barchaga ayon erur

Men aytgan ushbu gaplar,

To hanuz asablarni

Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.

Moziyga o‘qtin-o‘qtin

Sochsak hamki g‘azablar,

Lekin ayting, o‘zbekning

Qo‘lidan kim ham tutmish?

 

Bir kuni yovqur shoir

Ya’ni Turdi Farg‘oniy,

Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa

Birlash deb qildi xitob.

Bejavob qolaberdi

Uning dardli so‘rog‘i,

O‘sha-o‘sha zamin kar,

O‘sha-o‘sha gung oftob.

 

Bugun zimdan nazar sol

Sen mana bu bayroqqa,

Mayliga bir daqiqa

Unutgin turfa kekni.

Shu bayroq nomimizni

Eltdi yiroq-yiroqqa,

Shu bayroq birlashtirdi

Parokanda o‘zbekni.

 

Abdulla Oripov,

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

Powered by GSpeech