Parlamentlararo aloqalar yangi bosqichga ko‘tariladi

Keyingi yillarda mamlakatimizda xalqaro aloqalarni mustahkamlash, konstruktiv tashqi siyosat olib borishda parlament diplomatiyasi ham muhim o‘rin tutmoqda. Bunda xorij davlatlari parlamentlari bilan do‘stlik guruhlari imkoniyatlaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2022 yil 28 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikkitomonlama munosabatlar barqaror, do‘stona tarzda rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining yaqin munosabatlari, barcha sohadagi o‘zaro ishonchi parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, keyingi yillardagi oliy darajadagi tashriflar yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi aloqalar o‘zaro munosabatlar tarixida butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi.

Muloqotda Spiker N.Ismoilov tomonidan delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda Taraqqiyot strategiyasi asosida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, fraksiya va qo‘mitalarning ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.

Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.

Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, V.Volodin samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya tuzish kelishib olindi hamda Komissiyaning Reglamentini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech