Samarqand Global forumi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi

BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasiga muvofiq, 1948 yil 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. O‘z navbatida, 1950 yili BMT tomonidan 10 dekabrni – Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilangan.

Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga, jumladan, o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham 2022 yil 10 dekabr kuni insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlanadi. Shu sana arafasida bo‘lib o‘tadigan Samarqand Global forumi jahon miqyosidagi ushbu muhim tadbirga start beradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilinganidan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi. O‘tgan davrda jahon hamjamiyati ushbu huquq va erkinliklarga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali dunyo miqyosida rioya etilishiga ko‘maklashmoqda.

Mazkur huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqtadir. Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari bo‘yicha ta’limni hamda ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim – inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagi shaxslarga birdek tegishli bo‘lgan ma’rifiy-huquqiy jarayondir.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida xalqaro shartnomalar, shu jumladan, inson huquqlari to‘g‘risidagi bir qancha xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi – O‘zbekiston parlamenti istiqlolning ilk yillarida tasdiqlagan muhim xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Natijada mustaqil O‘zbekiston davlati muayyan xalqaro majburiyatlarga rioya etish va ularni bajarish majburiyatini zimmasiga oldi. Boshqacha aytganda, navqiron davlatimiz va jamiyatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi talablari hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga qat’iy amal qilib yashashga chog‘landi.

Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda.  Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalasi eng ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot izchil davom etmoqda va ushbu muhim siyosiy-huquqiy jarayon – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ob’ektiv zaruratdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” fundamental mualliflik monografiyasida bu boradagi ikkita muhim masalaga alohida e’tibor qaratilgan.

Birinchi muhim masala:Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish – konstitutsiyaviy islohotlarning ajralmas qismi bo‘lib, bir qator davlatlarning konstitutsiyalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy shartnomalardagi normalar o‘z aksini topgan”.

Ikkinchi muhim masala: “Inson huquqlarini himoya qilishning samarali tizimini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga barham berish, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini himoya qilish masalalarini mustahkamlab qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi va vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalar o‘z aksini topishi kerak”.

Haqiqatan ham, jadal o‘zgarib borayotgan zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun, albatta, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga mos xatti-harakatlar va o‘zgarishlarni amalga oshirish talab qilinadi. Yangi O‘zbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash, avvalo, “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishni taqozo etadi.

Ma’lumot uchun: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilingan kun – 10 dekabrda BMTning “Inson huquqlari bo‘yicha mukofoti”ni topshirish yaxshi an’anaga aylangan. Ushbu mukofot bundan 56 yil ilgari, ya’ni 1966 yilda inson huquqlarini himoya qilishga ulkan hissa qo‘shgan insonlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz ham inson huquqlari bo‘yicha o‘z mukofotini ta’sis etdi. So‘nggi yillarda Xalqaro inson huquqlari kunida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlari aniqlanib, tantanali ravishda taqdirlab borilmoqda.

Joriy yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlariga ushbu mukofot Samarqand Global forumi doirasida topshiriladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech