2022 yil 30 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Finlyandiya – Markaziy Osiyo parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari K. Kilyunen boshchiligidagi Finlyandiya parlamenti delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Finlyandiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolariga keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi
O‘z navbatida, K. Kilyunen samimiy uchrashuv uchun o‘z minnatdorligini bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki jahon maydonida sezilarli darajada yuksalayotganligini yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Finlyandiyaning ta’lim tizimi hamda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, istiqboldagi rejalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Kilyunen boshchiligidagi Finlyandiya parlamenti delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Finlyandiya Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi a’zolari bilan ham uchrashdi.
Unda parlamentlararo aloqalar ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismi ekanligi ta’kidlanib, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni izchil davom ettirish va kengaytirish o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Muloqot yakunida tomonlar ikki mamlakatning nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yo‘nalishlarining rivojlanishi borasida o‘zaro fikr almashinuvlari orqali tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv do‘stona va camimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 30.11.2022
- Ko'rishlar: 5011
- Chop etish