Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz kafolati

Davlat va jamiyat hayotining asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi, inson huquq va erkinliklarining huquqiy kafolati vazifasini o‘tovchi Konstitutsiya – nafaqat davlatchilikning muhim ramzi, balki har bir xalqning milliy g‘ururi va o‘z-o‘zini hurmat qilishining huquqiy timsoli hamdir.

Shu bois mamlakatimizda har yili dekabr oyi boshida Konstitutsiya dekadasini nishonlash odat tusiga kirgan. Bu yil Asosiy qonunimizning 30 yilligi tantanalari konstitutsiyaviy islohot jarayonlari bilan uyg‘unlik va hamohanglik kasb etmoqda.

Umumxalq muhokamalarida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 160 mingga yaqin takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76 ta moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Asosiy qonunni 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

2022 yil 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulug‘lash, erkin va farovon hayotimiz kafolati” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida shu haqda so‘z bordi. Konstitutsiyamizning 30 yilligiga bag‘ishlangan ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Toshkent Davlat transport universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiya doirasida o‘tgan yillar mobaynida Asosiy qonunimizning bosib o‘tgan yo‘li xususida fikr almashildi. Shu maqsadda yalpi majlis va bir nechta sho‘badan iborat yig‘ilishlarda qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.

Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy komissiya raisi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti qoshidagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik A.Saidov, Davlat va huquq instituti direktori M.Turg‘unov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tadqiqotlari markazi direktori Sh.Yaqubov ma’ruza qildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyat va davlat hayotini yangi bosqichga ko‘tarishdagi roli alohida ta’kidlandi. Xususan, ta’lim tizimida Konstitutsiyani o‘rganishning nazariy va amaliy jihatlari, xalqaro huquq va milliy qonunchilikning o‘zaro ta’siri muammolari tahlil qilindi.

Muhokamalarda Davlat va huquq instituti xodimlari – bo‘lim mudiri M.Baratov, O.Oqyulov, N.Azizov, R.Nazarov, shuningdek, Toshkent Davlat transport universiteti vakillari – kafedra mudiri A.Dadasheva, B.Yuldashev qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan Konstitutsiyamizning milliy davlatchilikni shakllantirishdagi o‘rni, ijod erkinligining konstitutsiyaviy asoslari, konstitutsiyaviy normalarning amaliy ijrosini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari xususida atroflicha fikr yuritildi. Asosiy qonunimiz inson qadr-qimmati, jamiyat erkin va farovon hayotining kafolati ekani yana bir bor e’tirof etildi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunida besh jildlik “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” kitobining uch jildi, “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Konstitutsiyalari” va “Jahon Konstitutsiyalari” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat va huquq instituti xodimlari tomonidan tayyorlangan ushbu nashrlar konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi kitoblar mamlakatimiz Asosiy Qonunining 30 yilligiga mo‘jaz va munosib sovg‘adir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech