5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida Global forum bo‘lib o‘tadi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lum qildi:

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bag‘ishlanadi. Mazkur Deklaratsiya 2011 yil dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya barcha insonlar, ayniqsa, yoshlarni keng qamrab oladigan hayotiy jarayon hisoblanadi. Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya ana shu ezgu maqsadlarni global ko‘lamda amalga oshirishga qaratilgan.

Shu maqsad yo‘lida – 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini ham e’lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta’lim dasturining bajarilishini muvofiqlashtirib bormoqda.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. O‘tgan davrda Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar uchta bosqichda bajarildi va 2024 yilga qadar davom etadigan to‘rtinchi bosqich izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

«Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflar ham muhokama qilinadi. Bu juda muhim ahamiyatga ega.

Ushbu omil, bir tomondan, Samarqand Global forumining qanchalik dolzarbligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, xalqaro anjumanda tom ma’noda umumbashariy masalalar ko‘rib chiqilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Samarqand Global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat.

Shuningdek, ayni sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikrlar almashiladi va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Forumning Milliy tashkilotchisi – O‘zbekiston Hukumati nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi.

Samarqand anjumani:

  • BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi;
  • Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi;
  • BMTning mamlakatimizdagi jamoasi;
  • Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissar Boshqarmasi;
  • YuNISEF;
  • Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi;
  • YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi;
  • Yevropa Kengashi;
  • Fridrix Ebert jamg‘armasi kabi xalqaro hamkorlar bilan hamjihatlikda tashkil etilmoqda.

Global forum BMT shafeligida gibrid formatda o‘tkaziladi. Bu, albatta, butun dunyodan yanada keng auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi.

Global forumda dunyoning turli davlatlaridan inson huquqlari sohasidagi ta’lim mutaxassislari, xorijiy va xalqaro ekspertlar, davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar – jami 120 dan ortiq xorijlik mehmon ishtirok etishi mo‘ljallanmoqda.

Global forum ishida O‘zbekiston tomonidan – hukumat a’zolari, Oliy Majlis palatalari va qo‘mitalari rahbarlari, vazirlik va tashkilotlar, ilmiy-ma’rifiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashadi.

Global forumga tayyorgarlik doirasida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” turkumida bir qancha kitoblar nashr etildi. Ushbu yangi nashrlar tadbir ishtirokchilariga taqdim etiladi.

Rasmiy xabarlar

MTRK Rasmiy knali

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zA

 

Powered by GSpeech