Bugun, 1 dekabr kuni Toshkent shahrida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Gender faollarini qo‘llab-quvvatlash hamda gender stereotiplarini bartaraf etish orqali O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, gender faollarini qo‘llab-quvvatlash hamda gender stereotiplarini bartaraf etish orqali O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlashning maqsadi davlat siyosatida gender masalalariga ko‘proq e’tibor qaratish, uni samaraliroq yuritish imkonini berish, shuningdek, davlat muassasalariga o‘z salohiyatini mustahkamlash va gender tenglikni yanada samarali hamda yaqqol ta’minlash uchun chinakam amaliy poydevor yaratib berish hisoblanadi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda gender tenglikka erishish strategiyasi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratishga, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlarida xizmat lavozimi ko‘tarilishi, vazirlik va idoralar salohiyatini oshirish, shuningdek, ish joyida tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgani alohida qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, tadbir davomida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish va bartaraf etishning gender stereotiplari va patriarxal normalarini umummilliy o‘rganish” natijalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilarning ushbu mavzuda taklif va tavsiyalari eshitildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar gender tenglikka erishish bo‘yicha yangi yondashuvlar, g‘oyalar va tashabbuslar yuzasidan fikr almashdi hamda O‘zbekistonda gender tenglikka erishish milliy strategiyasini amalga oshirishga hissa qo‘shishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 02.12.2022
- Ko'rishlar: 5256
- Chop etish